Aleksandr Xomyakov: Aksariyat futbolchilarimizning shartnomalari nihoyasiga etib bo‘lgan

  • 18 dekabr, 2019, 20:40
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
TIGGO 2 PRO

O‘tgan yili pro-ligada 1-o‘rinni egallab bu yil Superligada qatnashgan «Andijon» jamoasining asosiy vazifasi kuchlilar orasida o‘z o‘rnini saqlab qolishdan iborat edi. Shunga yarasha klub o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani bajargan holda mavsumni 10-pog‘onada yakunladi. Lekin aytish kerakki, chempionat davomida andijonliklar turli qiyinchiliklarga duch kelishdi.

Avvaliga mavsumni Eldor Sakaev bosh murabbiyligida boshlashgan bo‘lsa, keyinchalik Aleksandr Xomyakov boshchiligida tugatishdi. Aynan chempionat o‘rtalariga yaqin ushbu mutaxassisning klubga olib kelinishi tufayli jamoa o‘yinida oldingi siljish kuzatildi. To‘g‘ri, shunda ham klubda moliyaviy jihatdan muammolar ko‘zga tashlanib turdi. Shunga qaramay, rossiyalik mutaxassis futbolchilar bilan hamjihatlikda jamoani Superligada saqlab qolishning uddasidan chiqdi. Lekin chempionatning oxirgi turlarida «Andijon» bosh murabbiysiz o‘yinlarini yakunladi. Bu esa muxlislar orasida Xomyakov ketib qolibdi, degan mish-mishlarni ham keltirib chiqargandi. Ammo aslida bunday emasdi va u Ukrainaga xizmat safari bilan ketgandi. Buning ustiga Xomyakovning "Andijon" bilan tuzgan shartnomasi 2020 yilning 30 dekabr kuniga qadar amal qilishini aytib o‘tish joiz.

Ayni chog‘da esa Aleksandr Andreevich Rossiyada, o‘z uyida qishki ta’tilni o‘tkazmoqda. Jamoa muxlislarini esa yangi mavsum haqida rejalar va o‘zgarishlar ko‘proq qiziqtirishi tabiiy. Kuni kecha rossiyalik mutaxassis bilan bog‘landik va avvalo Ukrainaga borib kelgani haqida so‘radik va shuningdek, tarkibda qanday o‘zgarishlar bo‘lishi, yakuniga etgan mavsum xususidagi ayrim savollar bilan ham murojaat qildik.  

- Aleksandr Andreevich, mavsum yakunida kutilmaganda Ukrainaga ketib qoldingiz. Bu safar oldindan rejalashtirilganmidi yoki…

- Ha, bu oldindan rejalashtirilgan edi.Chunki 25-27 noyabr kunlari Kievda attetatsiyadan qayta o‘tishim ko‘zda tutilgandi. 24 noyabrda oxirgi o‘yinimizni o‘tkazdik va men Ukrainaga qarab uchdim. Bu borada rahbariyatga xabar berdim va ketishim kerakligini tushuntirdim. Rahbarlar hech qanday moneliksiz menga ruxsat berdilar.

- «Qizilqum»ga qarshi o‘yindan keyin negadir futbolchilar muxlislar yoniga borib «Dengi davay» deya baqirishga tushdilar. Bunga qanday munosabat bildirasiz?

- Ochig‘i, bu savolning javobini o‘zingizdan eshitishni ko‘proq istagan bo‘lardim. Chunki siz jurnalistlar bunday paytda muxlislar yonida bo‘lasizlar va ularning bu kabi murojaatga qanday munosabat bildirganini futbolchilardan ko‘ra yaxshiroq bilasizlar. To‘g‘risini aytsam, ushbu savolingizga nima deb javob qaytarishni ham bilmayman…

- Lekin bunday murojaat fanatlarga yoqqani yo‘q…

- Tushunarli… Qolaversa, men u erda emasdim va o‘yinchilarning bunday deya baqirishlariga nima sabab bo‘lganini bilmayman.

- Mana, mavsum nihoyasiga etdi va klubning birinchilikdagi ishtiroki haqida nima deya olasiz?

- Jamoam qayd etgan natijalarga bahoni bosh murabbiy emas, balki ishqibozlar va rahbarlar berishadi. Biz esa shunchaki o‘zimizdan talab qilingan ishni bajarishga harakat qilamiz xolos. Shaxsan o‘zimdan kelib chiqib xulosa qiladigan bo‘lsam, klub qayd etgan natijalardan qoniqish hosil qildim deyishim ham mumkin. Chunki biz Superligada qoldik. Ammo ochig‘i, bundan ham yaxshiroq natija qayd etishimiz mumkin edi…

- Umuman olganda, joriy mavsumda «Andijon»dagi faoliyatingiz o‘zingizga yoqdimi?

- Boya natijalarimiz bundan ham yaxshiroq bo‘lishi mumkinligini aytdim. Nima bo‘lgan taqdirda ham «Andijon»dagi faoliyatimdan umumiy ma’noda o‘zim kutgan darajada qoniqish hosil qildim deya to‘liq ayta olmayman. Asosiy vazifa klubni professional relslarga to‘g‘ri yo‘naltirishdan iborat edi. Bu borada ishlarimiz ko‘ngildagidek chiqmadi.

- Aytishlaricha, bu yil ko‘plab futbolchilarning shartnomalari nihoyasiga etadi va ular jamoani tark etishadi. Shu gaplar rostmi?

- Buning ehtimoli ancha yuqori. Chunki aksariyat futbolchilarning klub bilan tuzgan shartnomalari 30 noyabrda nihoyasiga etib bo‘lgan. Agar xato qilmayotgan bo‘lsam, «Andijon»da shartnomasi tugaman ikki nafar futbolchi qoldi xolos.  

- Agar sir bo‘lmasa, o‘sha o‘yinchilar kimligini ayta olasizmi?

- Bu savolga rahbariyat javob qaytarsa to‘g‘riroq bo‘larmidi…

- Tabiiyki, yangi rejalar tuzib chiqqan bo‘lsangiz kerak.

- Gapingiz rost, Ukrainaga jo‘nab ketish oldidan jamoaning yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rish rejasini tuzib chiqdim. 21 dekabrdan mashg‘ulotlar boshlanadi. Dastlabki yig‘in 29 dekabrga qadar davom etadi. So‘ng 4 yanvardan Yangierda to‘planishni rejalashtirib turibmiz. U erda 20 yanvargacha shug‘ullanmoqchimiz. Albatta, birinchi navbatda klub o‘zagini tashkil etishimiz kerak bo‘ladi. Hozircha esa bizda bunday imkoniyat yo‘q. Qolaversa, tarkibni shakllantirish chog‘ida kelgusi mavsum uchun rahbariyat tomonidan qo‘yiladigan vazifa va byudjet miqdorini bilib olish darkor. Bundan tashqari, o‘yinchilardan bo‘lgan qarzlarni qoplash kerak.

- Qarz ancha ko‘pmi?

- Aniq summani bilmayman, axir men hisobchi emasman-ku. Menga futbolchilarning maoshlaridan bo‘lgan qarzlar to‘planib qolganini aytishdi.

- «Andijon»ning oxirgi uchrashuvidan keyin viloyat hokimi futbolchilar bilan ko‘rishdi va ularni moddiy tomondan rag‘batlantirdi…

- Ha, bu haqida eshitdim. Aytishlaricha, yil yakuniga ko‘ra o‘yinchilardan bo‘lgan qarzlar to‘la qoplanishini va’da berganlar.

- Qaysi o‘yinchi mavsum davomida sizda yaxshi taassurot qoldirdi?

- Aniq biror-bir o‘yinchini ko‘rsatishga qiynalaman. Chunki ulardan birortasi o‘zini to‘liq nimalarga qodirligini namoyish eta olmadi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Mirali Hcerali
19/12/2019 10:55
Рахмат сизга хомяков