Aleksandr Xomyakov "Andijon"dan ketayotganini e’lon qildi!

  • 15 mart, 2020, 23:48
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
TIGGO 2 PRO

Vodiy derbisi doirasida “Andijon” o‘z uyida “Navbahor”ga qarshi bahs olib borgan holda unda 0:0 hisobi qayd etilganini bilasiz. Ammo uchrashuv g‘oyat keskin va murosasiz ruhda kechdi. Lekin kutilmagan holat uchrashuvdan keyin yuz berdi. Andijonliklarni boshqarib kelayotgan Aleksandr Xomyakov jamoadan ketayotganini e’lon qilib, buning uchun ariza yozganini rasman ma’lum qildi.

- O‘zingiz hammasini ko‘rdingiz, o‘yin biroz asabiy ruhda kechdi, - deya gap boshladi, Xomyakov. - Bosimning kuchliligi tufayli o‘yinimiz kutilgan darajada chiqmagan bo‘lishi mumkin. Vaholanki, bellashuvga juda puxta tayyorgarlik ko‘rib, uni o‘z foydamizga hal qilishdan umid qilgandik. Ayniqsa, uchrashuvning birinchi bo‘limida yigitlarimizdagi hayajon shundoq sezilib turdi. Albatta, darvozani ishg‘ol etish uchun bizda ham, raqibda ham vaziyatlar bo‘ldi. Umuman aytganda, bosimning kuchliligi o‘yinchilarning xatti-harakatlariga ta’sir o‘tkazmasdan qo‘ymadi. Boz ustiga jamoamizda ko‘plab o‘yinchilar derbining o‘ziga xosligini hali tanlarida sinab ko‘rishmagan. Shu holat ham ularning maydondagi o‘yiniga o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmadi. Ishqibozlarimizni g‘alaba bilan quvontira olmay durangga imzo chekishga majbur bo‘ldik. Baribir natija hamma narsadan muhimroq. Jamoamiz rahbariyati va ishqibozlarimizni tushunib turibman. Ular “Andijon”dan yaxshi natijani kutishadi. Albatta, moliyaviy masaladagi muammolar ham o‘z aks ta’sirini o‘tkazmasdan qo‘ymayapti. Lekin viloyat hokimi va klubimiz prezidenti bunday muammoni bartaraf etish uchun qo‘llaridan kelgan ishni qilishmoqda. Shuhrat Qo‘shoqboevichni tushunib turibman, u bizdan yaxshi natijani talab qilishga haqli. Natija kutilganidek bo‘lmadi. Albatta, murabbiyning ishiga natijalarga qarab baho beriladi. Shu bugunning o‘zidayoq rahbariyat bilan klubdagi kelajagim haqida gaplashib olishga tayyorman. O‘z vakolatimni topshirib, ketishni istayman. Axir natijalar yaxshi ko‘rinish hosil qilmayapti. Natija bo‘lmas ekan, bu holat murabbiyning ruhiyatiga ta’sir o‘tkazadi. Agar yangi murabbiy kelsa, o‘z g‘oyalari bilan futbolchilarni ruhlantira oladi deb hisoblayman. Hayot shunaqa, ayniqsa murabbiyning hayoti kutilmagan tasodiflarga to‘la bo‘ladi. O‘tgan va joriy mavsumdagi olib borgan ishlarimdan qoniqish hosil qila oldim, deya olmayman. O‘tgan mavsumning ikkinchi yarmida yuqoriroq o‘rinlardan biriga harakat qildik, lekin 10-o‘rin bilan cheklanishimizga to‘g‘ri keldi. Joriy mavsum startidagi uchta uchrashuvda “Andijon” bor yo‘g‘i bir ochko jamg‘ardi xolos. Bugungi o‘yindan qoniqish hosil qilganim yo‘q. Lekin chempionatning ilk uchrashuvida garchi yutqazgan bo‘lsak ham futbolchilarimiz o‘zlaridan yaxshi taassurot qoldirgandilar. Ariza yozib, bosh murabbiy vazifasidan ketishga tayyor ekanligimni jazm etdim. Hammasini qanday hal qilish rahbarlarga bog‘liq. Vaziyat shuni taqozo qilyapti. O‘tkazilgan uch o‘yinda atigi bir ochko to‘plash – juda qoniqarsiz natija. Shunday ekan, vakolatimni topshirishga tayyorman.

- Ammo jurnalistlar va ishqibozlar jamoani siz boshqarishingizni istashmoqda...

- Agar muxlislar va jurnalistlar shuni istashayotgan ekan, bu yoqimli. Biroq baxtga qarshi ish beruvchilar va rahbariyat bunday fikrlamaydi. Hammasi ularning xohish va istagiga bog‘liq. O‘ylaymanki, bugun mutasaddilar bilan “Andijon”dagi kelajagim haqida hammasini ochiq oydin gaplashib olaman. Hozircha mening klubdagi kelajagim borasidagi fikrim mana shunday. Agar yana bu gaplarga nimanidir qo‘shsam, xuddi o‘zimni oqlayotganga o‘xshab qolaman. Ketishga tayyorman.

- Adashmasam, shartnomangiz joriy yil oxiriga qadar bo‘lsa kerak. Agar xotiram pand bermayotgan bo‘lsa, klubda ish boshlagan paytingizda tarkibni shakllantirishga harakat qilaman degandingiz...

- Tarkibni shakllantirish borasidagi rejalarim yo‘q emasdi. Ammo rejani amalga oshirish faqat menga bog‘liq bo‘lmagan. Har qalay yuqorida rahbarlar bor. Agar ish jarayonida fikrlar bir joydan chiqmas ekan, albatta ko‘zlagan maqsadga erisha olmaysiz. Yashirib nima qildim, o‘tgan mavsum oxirida menda boshqa bir qancha takliflar bor edi. Lekin ularni rad etib, “Andijon”dagi ahvol yaxshi tomonga o‘zgarishini kutishga qaror qildim. Men – murabbiyman va har qanday sharoitlarda ishlashga harakat qilishim kerak. Hozir vaziyat shundayki, natijalar yomon ko‘rinish olgani tufayli jamoadan ketishga tayyorman.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!