Aleksandr Xomyakov: Hozirda chiroyli o‘yin ko‘rsata olmaymiz, bizga natija muhim
«Andijon» klubi o‘tgan turda mehmonda «Dinamo» ustidan g‘alaba qozonib qaytgandi. Bu turda esa ular o‘z maydonida «Surxon» jamoasini qabul qilishdi va 2:1 hisobida ustun kelgan holda ketma-ket ikkkinchi g‘alabasini qo‘lga kiritishdi. Shu tariqa, «burgutlar» turnir jadvalida xavfli hududdan ancha uzoqlashgan holda 9-o‘ringa ko‘tarilib oldilar. Bunda esa tabiiyki, bosh murabbiy Aleksandr Xomyakovning mehnatlari katta. «Surxon»ga qarshi bellashuvdan so‘ng u o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Albatta, men juda mamnunman. Qo‘lga kiritilgan g‘alabamiz uchun nihoyatda xursandman, - deya gap boshladi, Aleksandr Andreevich. - Bizning muxlislarimiz oldida qarzimiz bor edi. Chunki anchadan beri o‘z maydonimizda g‘alaba qozona olmayotgandik. Adashmasam, o‘z uyimizda oxirgi marta ikkinchi davraning ilk turida g‘alaba qozongandik. Endi bevosita o‘yinga keladigan bo‘lsak, raqibning kuchli taraflarini bilardik. Shunga asoslanib tayyorgarlik ko‘rdik va himoyada ishonchli harakat qilishimiz kerak edi. Qolaversa, raqibning xatolaridan foydalanishni ham istagandik. O‘zinglar ham ko‘rdinglar, bizda gol urish uchun yana ko‘plab imkoniyatlar bo‘ldi. Ayniqsa, ikkinchi bo‘limda qator vaziyatlarni yaratdik. Lekin birinchi bo‘limda biroz asabiy o‘yin bo‘ldi. Negadir o‘yinimiz o‘zimiz istagandek chiqmadi, o‘ylagan rejalarimiz u qadar amalga oshmadi. Hayriyatki, biz tezda vaziyatni o‘nglay oldik va standart vaziyatlardan foydalandik. Ikkinchi bo‘limda esa tashabbus bizning tomonda bo‘ldi. O‘yinni nazorat qildik. Faqat o‘zimiz yaratgan ko‘plab imkoniyatlarni golga aylantira olmadik. Umuman olganda, hammani qo‘lga kiritilgan g‘alaba bilan tabriklayman. Biz bugun muhim bo‘lgan uch ochkoni qo‘lga kiritdik. Hozir kuz fasli, aytishadi-ku jo‘jani kuzda sanaymiz deb. Shunga hozir ochkolarni hisoblaydigan payt yaqinlashmoqda. Ayni paytda bizda chiroyli o‘yin ko‘rsatish muhim masala emas. Asosiysi, uch ochko uchun o‘yin bo‘lyapti. Shu bois biz hozircha chiroyli o‘yin ko‘rsata olmaymiz, faqat natija uchun kurashyapmiz. Futbolchilarimning o‘yinidan xursandman va natijadan qoniqdim. Ular 1 oktyabr o‘qituvchi va murabbiylar kuniga ajoyib sovg‘a qilishdi. Bu juda yoqimli sovg‘a bo‘ldi.
- Shahzod Ubaydullaev ikkita gol urdi. Ammo unda yana kamida ikkita yaqqol imkoniyatlar bo‘lgandi. O‘tgan turda Samarqandda «Dinamo» bilan uchrashuvda ham garchi gol urgan bo‘lsa-da, yana bir qancha vaziyatlardan foydalana olmagandi. Bu haqida nima deya olasiz?
- Ha, to‘g‘ri, ammo Shahzod bunday saviya va muhitda birinchi marta o‘ynayapti. Shuning uchun unga qaerdadir tajriba etishmaydi, yana qaerdadir yoshlik qilib qo‘yadi. Yoki ba’zi holatlarda hayajonlanadi. Menimcha, uning bu kamchiligi vaqt bilan o‘tib ketadi. Yoshi ulg‘aygan sari tajribasini oshirib boraveradi. Eng asosiysi, unda imkoniyatlar paydo bo‘lyapti. Agar yaratilayotgan vaziyatlaridan to‘liq foydalansa, tajribasi ham ortib boraveradi. Ammo unutmasligimiz kerakki, u hali yosh futbolchi. Bundan tashqari, biz og‘ir o‘yinlarni o‘tkazyapmiz. Bosim ostida ham o‘ynayapmiz. Balki shu jihatlar ham ta’sir qilishi mumkin.
- Bugungi g‘alabadan keyin «Andijon» 9-o‘ringa chiqib oldi. Keyingi turda Qarshiga boradi va so‘ng oxirgi to‘rtta uchrashuvni o‘z maydonida o‘tkazadi. Shundan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, vazifa bajarildi desak bo‘ladimi? Ya’ni, xavfli hududdan ancha uzoqlashgach, endi engil tin olyapsizmi?
- Yo‘q, hali vazifa bajarilmadi. Oldimizda hali o‘yinlar bor. Shuning uchun aslo bo‘shashib qolmasligimiz kerak. Chunki o‘zingiz ham ko‘rib turibsiz, o‘z maydonimizdagi o‘yinlarni o‘tkazishimiz qiyin bo‘lyapti. Chunki yigitlarimiz muxlislarimiz qarshisida bosim bilan o‘ynashyapti. Tushunib turibmiz, ishqibozlarimiz bizdan chiroyli o‘yin va natijani kutishyapti. Yuqorida aytganimdek, biz asosan natija uchun o‘ynayapmiz. Terma jamoamizning yig‘inlari va o‘yinlari sababli endi bizda yana tayyorgarlik uchun vaqtimiz bo‘ladi. Biz bu vaqtdan foydalanib, kamchiliklarimiz ustida ishlaymiz. Hozirgi jamoamiz men xohlayotgan futbolni ko‘rsata olishmayapti. Lekin yana qaytaraman, ayni paytda biz uchun birinchi o‘rinda natija turibdi.
- Negadir oxirgi paytlarda jamoa sardori va etakchisi Ildar Mamatkazin zaxirada qolib ketyapti. Bu nima bilan bog‘liq?
- Mamatkazin bizning asosiy o‘yinchilarimizdan biri. To‘g‘ri, u hozircha o‘ynamayapti. Samarqandda o‘ynagan yigitlar yaxshi taassurot qoldirishgandi. Ayniqsa, himoyachilarimiz ancha ishonchli o‘ynashgandi. Bunday paytda esa kamdan-kam murabbiygina himoyachilarini o‘zgartirishi mumkin. «Dinamo» bilan uchrashuvda to‘rtta himoyachimiz ishonchli o‘ynashdi va g‘alaba uchun katta hissa qo‘shishgandi. Albatta, Ildarga ham yana imkoniyat bo‘ladi. Adashmasam, bugungi uchrashuvda Radoslav Aleksich o‘zining to‘rtinchi sariq kartochkasini oldi. Shu bois keyingi bahslarda Mamatkazinga ham ishonch bildirib qolaman. Lekin boya aytganimdek, Ildar jamoamizning etakchilaridan biri. Himoyachilarimiz o‘z vazifalarini yaxshi bajarishyapti. Bu bilan barcha futbolchilar o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishyapti.

Fikrlar