Ana xolos: Fayzullaev tez orada TsSKAdan ketishi mumkin...
Rossiya Premer-ligasining 13-turida TsSKA futbolchilari o‘z maydonida turnir jadvalida birinchi o‘rinda borayotgan “Krasnodar” futbolchilarini mag‘lubiyatga uchratdi.
Muhim uchrashuvda “armiyachilar”hujumchisi Fyodor Chalov kiritgan yagona golga Abbosbek Fayzullaev super pas uzatdi.
Ayni paytda rossiyalik ekspertlar, murabbiylar, futbol jamoatchiligi vakillari “Krasnodar”ning mag‘lubiyatsiz seriyasiga chek qo‘yilgan uchrashuv va unda faol o‘ynagan futbolchilar haqida o‘z fikr mulohazalarini bildirmoqda.
Rossiyada xizmat ko‘rsatgan murabbiy Valeriy Nepomnyashiy o‘yin borasida fikr bildirar ekan Abbosbek Fayzullaevning kelajagani oid qarashlarini ham aytib o‘tdi.
- “Armiyachilar” bor muammolarga qaramasdan, hujum chizig‘ida barqaror va juda ishonchli o‘yin namoyish etmoqda. Bosh murabbiy Vladimir Fedotov tarkib to‘liq shakllanmagan holatda ham barqaror o‘ynash mumkinligini ko‘rsatyapti.
Bu bellashuvning ikkinchi bo‘limida “Krasnodar” futbolchilarida hisobni tenglashtirish uchun ko‘p imkoniyat bo‘ldi. Lekin shu kuni omad TsSKA tomonida edi, - dedi Valeriy Nepomnyashiy.
O‘zbek futboliga begona bo‘lmagan mutaxassis keyingi paytda TsSKA etakchilaridan biriga aylangan va hujumlarni tashkil etishda jonbozlik ko‘rsatayotgan Abbosbek Fayzullaev haqida ham fikr bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, Valeriy Nepomnyashiy 2006 yilda “Paxtakor” va O‘zbekiston milliy terma jamoasiga bosh murabbiy bo‘lgan. Shu bois, tajribali mutaxassis o‘zbek futbolini yaqindan biladi.
- Abbosbek Fayzullaev qishda TsSKAni tark etishi mumkin. Tabiiyki, faoliyatida ko‘tarilish bo‘ladi. Uning Evropaga ketish ehtimoli katta. Chunki Fayzullaev “armiyachilar” safida juda yaxshi va yuqori saviyada o‘ynayapti.
Muhim jihati shuki, o‘zbek legioneriga sanktsiya cheklovlari ta’sir qilmaydi va uning transferini rasmiylashtirishda hech qanday muammo bo‘lmaydi, - dedi Valeriy Nepomnyashiy.
Ta’kidlash joizki, anchadan beri Turkiyaning “Fenerbahche” klubi Fayzullaevga jiddiy qiziqish bildirayotgani va qishki transferlar vaqtida uni o‘z safiga qo‘shib olishga urinishi haqida xabarlar tarqatilmoqda. Bundan tashqari, turk klubi mutasaddilari o‘tgan oy Xitoyda tashkil etilgan O‘zbekiston va Vetnam terma jamoalarining o‘rtoqlik uchrashuvida Abbosning o‘yinini kuzatgani haqida ham ma’lumotlar bor.
Abbosbek Fayzullaevning o‘zi ham kelajakda kuchli ligalarda o‘ynash istagida ekanini ochiq aytgan. Hujumkor futbolchimiz “Barselona” muxlisi hisoblanadi va kelajakda “Kamp Nou”da o‘ynashni orzu qilyapti.
Fikrlar