
Ana xolos! "Real" Mbappe uchun o‘z transfer rekordini yangilaydigan taklif jo‘natdi
"Real" Madrid uzoq kutilgan transferni amalga oshirishga yaqin turibi. Gap PSJ yulduzi Kilian Mbappe haqida.
Taniqli jurnalist Fabritsio Romanoning ma’lum qilishicha, "qaymoqranglilar" 22 yoshli futbolchiga birinchi rasmiy taklifni yuborgan. Uning transferi uchun madridliklar taxminan 160-180 million evro oralig‘ida mablag‘ sarflamoqchi.
Agar bu kelishuv amalga oshsa, Mbappe "qirollik klubi" tarixidagi eng qimmat futbolchiga aylanadi. Ma’lumot o‘rnida, hozirda mazkur nom "Chelsi"dan 115 million evro evaziga xarid qilingan Eden Azarga tegishli.
Kilian Mbappe o‘tgan mavsum parijliklar libosida 47 uchrashuvda ishtirok etib, o‘z hisobiga 42 gol hamda 11 assistni yozdirib qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan. PSJ bilan amaldagi shartnomasi kelasi yili yakunlanadigan hujumchining transferi 160 million evroga baholanmoqda.
Fikrlar