An’ana buzilgan marosimda Harri Keyn "Oltin to‘p" sohibiga aylandi
Bu Kataloniya va Madrid klublari e'tiroziga sabab bo‘lishi mumkin
«Bavariya» hujumchisi Harri Keyn «Oltin toʻp» sovriniga sazovor boʻldi. U soʻrovnoma natijasiga koʻra gʻolib, deb topildi.
Bu yilgi marosimning yana bir oʻziga xos jihati shundaki, 2026 yilda «Oltin toʻp» anʼanaviy ravishda oʻtkazib kelinadigan Parij emas, balki Londonda topshirildi. Bunday qaror tanlov tarixidagi muhim sana – 70-marta oʻtkazilayotgan taqdirlash marosimi sharafiga qabul qilindi.
Mezbon sifatida aynan Angliya tanlanishiga esa tarixiy omil sabab boʻldi: 1956 yilda ilk «Oltin toʻp»ni aynan ingliz futbolchisi Stenli Mett'yuz qoʻlga kiritgan. «Dribling sehrgari» nomi bilan tanilgan afsona 2000 yilda vafot etgan.
Natijada vaziyat ramziy tus oldi: Angliyada oʻtgan marosimda «Oltin toʻp» yana bir bor ingliz futbolchisiga nasib etdi. Qolaversa, Harri Keyn London atrofida tugʻilgan va uzoq yillar davomida Premyer-ligada «Tottenxem» sharafini himoya qilgan.
Erkaklar oʻrtasidagi ovoz berishda Keyn asosiy daʼvogarlardan boʻlgan «Barselona» yulduzi Lamin Yamal va «Real» yetakchisi Kilian Mbappeni ortda qoldirdi. Bu natija, tabiiyki, Kataloniya va Madrid klublari rahbariyati, shuningdek, mazkur yulduzlar atrofidagi ulkan internet muxlislar armiyasi orasida bahs va noroziliklarga sabab boʻlishi mumkin.
Shunga qaramasdan, Kane natijalari va oʻyini bilan bu nufuzli sovringa toʻliq munosib ekani taʼkidlanmoqda. L’Équipe nashri tashabbusi bilan beriladigan bu mukofot butun dunyodagi sport jurnalistlari va futbol rasmiylari ovoziga asoslanadi. Keyn uchun bu yil Yevropaning eng yaxshi toʻpurari sifatida “Oltin butsa”ni qoʻlga kiritgan, «Bavariya» bilan Bundesliga chempioni boʻlgan, Angliya terma jamoasini jahon chempionati yarim finaliga yetaklagan va eng muhimi, katta yulduz boʻlsa-da, kamtarona xulqi bilan eʼtirof qozongan mavsumning mantiqiy davomidir.
“Bu yil juda ogʻir boʻldi, raqobat qilgan futbolchilar haqiqatan ham ajoyib edi”, – dedi Harri Keyn sovrinni qabul qilayotganida. U minbardan turib deyarli barcha nomzodlarni alohida tabrikladi, faoliyati davomida birga oʻynagan deyarli barcha jamoadoshlariga minnatdorlik bildirdi.
“Hozir deyarli soʻz topolmayapman. Bu marosimning aynan Londonda oʻtishi men uchun yanada oʻziga xos ahamiyat kasb etmoqda”, – deya qoʻshimcha qildi u.
Quruq raqamlar ham Keynning bu mavsumdagi oʻyini qay darajada ekanini yaqqol koʻrsatadi: 2025 yil avgustidan buyon klub va terma jamoa safida jami 89 ta gol urgan.

Izohlar (0)