Anchelotti nega Neymarni terma jamoaga chaqirmaganini aytdi
Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi Karlo Anchelotti nima uchun "Santos" hujumchisi Neymarni JCh-2026 saralashidan o‘rin olgan Chili va Boliviyaga qarshi o‘yinlar qaydnomasiga kiritmaganiga izoh berdi.
"Neymarning o‘zi to‘g‘ri aytganidek, gap jarohatlarda emas, uning jismoniy holatida. Unda iqtidor bor, ammo raqobat juda yuqori - kamida 70 nafar futbolchi terma jamoaga da’vogarlik qilmoqda. Biz shiddatli o‘ynashni, himoyada qattiq turishni va to‘pni tezda harakatlantirishni xohlaymiz. Tarkib tanlashda adashmaslik kerak. Braziliyaning jahon chempionatidagi so‘nggi g‘alabasidan deyarli 24 yil o‘tdi - vaqt keldi", - deya Anchelottining so‘zlarini keltirdi jurnalist Alfredo Pedulla.
Avgust oyida Neymarning sonidan jiddiy bo‘lmagan jarohat olgani xabar qilingandi, ammo futbolchining o‘zi uning terma jamoada yo‘qligi jarohati bilan bog‘liq emasligini aytdi. Neymar 2023 yil oktyabr oyidan beri terma jamoada maydonga tushmagan - o‘shanda u Urugvayga qarshi o‘yinda oldingi xochsimon boylami yirtilib, uzoq muddatga safdan chiqqan edi.
Terma jamoa 4 sentyabr kuni o‘z maydonida Chili bilan, 9 sentyabr kuni esa Boliviya mehmoni bo‘ladi. Braziliyaliklar uchun bu uchrashuvlar turnir ahamiyatiga ega emas - Anchelotti jamoasi mundial yo‘llanmasini muddatidan avval qo‘lga kiritgan.
Fikrlar