
"Andijon" futbolchilariga qiziqishlar ortmoqda, Farhod Bekmurodov esa ketdi!
Bir amallab, Superligada jon saqlab qolgan “Andijon” klubi ham yangi mavsum uchun rejalar tuzmoqda. Bu mavzuda bosh murabbiy va klub rahbari tayyorgarlik masalalarini gaplashib olishgan.
Ma’lum bo‘lishicha, jamoaga bir qator iqtidorli yosh futbolchilar taklif qilinyapti. Lekin asosiy muammo shundaki, “Andijon” klubiga legionerlardan bo‘lgan qarzdorlik tufayli FIFA tomonidan transfer qilish imkoniyatidan mahrum etuvchi ta’qiq qo‘yilgan. Ayni paytda jamoa rahbariyati ushbu masala bo‘yicha muammoni hal etishga harakat qilyaptilar.
Shu bilan birga jamoaning bir qator etakchi o‘yinchilariga Superliganing boshqa klublaridan jiddiy qiziqishlar bo‘lyapti.
Jumladan, Farhod Mirahmatov, Doniyor Abdumannopov, Azamat Isroilov, Xushnud Avilov, Abdulloh Olimov kabi futbolchilarning oldida aniq takliflar bor. Murabbiylar esa jamoa etakchilarini saqlab qolish harakatidalar.
Hozircha, “Andijon”ni Farhod Bekmurodov tark etgani ma’lum bo‘ldi. Uning yangi mavsumni qaysi jamoada boshlashi ma’lum emas. Lekin futbolchiga etarli darajada takliflar kelib tushmoqda. Shu sababli Bekmurodov hali bu borada bir qarorga kelgani yo‘q. Katta ehtimol bilan yanvar oyida variantlardan birini tanlaydi.
“Andijon” klubi esa, yangi mavsumga tayyorgarlikni 10-15 yanvar oralig‘ida boshlashi ko‘zda tutilgan. Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.
Fikrlar