
"Andijon" futbolchisi: "Bizda yana bitta motivatsiya bor edi"
Jamoamiz Urganchda “Xorazm” ustidan muhim g‘alabani qo‘lga kiritgan uchrashuvda asosiy tarkibda maydonga tushgan iqtidorli yarim himoyachi Ahror Inoyatov ham muvaffaqiyatga munosib hissasini qo‘sha oldi. Mazkur futbolchi mehmonda qo‘lga kiritilgan g‘alabali o‘yin borasida quyidagilarni aytdi:
“Xorazm”ga qarshi qiyin o‘yin bo‘lishini kutgandik. Nimagaki, “Xorazm” o‘z uyida qabul qilayotgani va yangi stadionining ochilishi bo‘lgani sabab xorazmlik muxlislarning kelishi kutilayotgandi va shunday ham bo‘ldi.
Raqib maydonda borini berishi aniq edi. Lekin biz “Xorazm”ni yaxshi o‘rganib chiqdik. Murabbiyimiz tomonidan berilgan ko‘rsatmalarni bajardik va g‘alabani qo‘lga kiritdik.
Bizda yana bitta motivatsiya bor edi: mavsum boshida aynan shu jamoa maydonida alamli mag‘lubiyatni qabul qilib olgandik. Shu sababli ham biz “Xorazm” maydonida g‘alaba qozonishimiz shart edi. Barchani ushbu muvaffaqiyat bilan tabriklayman. Bizni har doim qo‘llab-quvvatlayotgan muxlislarimizga minnatdorchilik bildiramiz”, - dedi Inoyatov.
“Andijon” matbuot xizmati.
Fikrlar