
"Andijon" haqida muxlislar orasida shunday gaplar yuribdi, emishki...
Mavsumni katta maqsad va rejalar bilan boshlagan “Andijon” o‘z aravasini tortishga qiynalyapti. Shu kunga qadar o‘ynagan 11 ta uchrashuvning bittasida g‘alaba va bittasida durang qayd etib, qolgan 9 tasida yutqazdi! Bu nimadan darak? Albatta, jamoani kuchi etmayotganidan.
O‘tgan yilgi kabi bu yil ham klub pro-ligaga tushib ketish uchun asosiy nomzodlardan biri bo‘lib turibdi. Bu faqat hozirgacha bo‘lgan farazlar. Lekin vaziyat shu taxlit davom etar ekan, unda Superligadan umidni uzib qo‘yavering.
Darvoqe, tanganing orqa tomoni ham bor. Klub xo‘jayini “Andijon” nomini, mavqeini va nufuzini ko‘tarish uchun katta ish qilayotganiga ko‘z yumib bo‘lmaydi. Katta-katta muammolar, qarzdorliklar bartaraf etilyapti. Achinarlisi, yana qilinishi kerak bo‘lgan muammolar bor, hali tugagani yo‘q. Yillar mobaynida to‘planib qolgan muammolarni birdaniga hal qilib ham bo‘lmasdi. Ayniqsa, to‘planib qolgan qarzdorliklar hal etilyapti. Biroq qaniydi shu bilan jamoani natijalari yaxshilanib qolsa?! Aksiga olib futbolchilar ham sira g‘alaba qozona olmayaptilar.
Qizig‘i shundaki, ilgari “Andijon”da pul yo‘qligida oxirgi o‘rinlarda yurardi, hozir esa pul bor, ammo baribir jamoa yana quyi pog‘onalarda! Demak, puldan tashqari ham hal qilinishi kerak bo‘lgan ishlar bor. Aslida-ku, bunday sharoitga yarasha jamoa bemalol 6-7-o‘rinlarga munosib edi, deyish mumkin. Lekin pulning o‘zi bilangina ishni hal qilib bo‘lmasligini ko‘rib turibsiz. Futbol shunday o‘yinki, uning ichida va tashqarisida hattoki mayda detallarigacha e’tibor beriladi. Masalan, futbolda futbol odamlari, uning mutaxassislari ishlashi kerak, to‘g‘rimi? Klub xo‘jayini oldingi intervyularida futbolni yaxshi ko‘rishini, ammo uning ichiga endi kirib, tushunchaga ega bo‘layotgani haqida aytgandi. Demak, u yoniga futbolning haqiqiy mutaxassislarini yig‘ishi lozim, shunday emasmi? Futbolga qiziqish boshqa, uni chuqur tushunish boshqa.
Ha, aytgancha, bizga etib kelgan ma’lumotlarga qaraganda, yaqinda “Andijon” klubi vitse-prezidenti Doniyor Mullajonov o‘z lavozimini tark etgan, O‘rniga kimnidir tayinlashgan, ammo bunisi hozircha bizga qorong‘u. Qolaversa, negadir rahbariyatdagi bu o‘zgarish haqida klub matbuot xizmati ham xabar bergani yo‘q.
Xullas, “Andijon”ning oxirgi o‘ringa tushib qolgani jonkuyar muxlislarini xafa qilyapti. Rahbariyat vaziyatni o‘nglash uchun bosh murabbiyni ham almashtirdi. 5-turdan keyin Otabek G‘ulomxo‘jaev iste’foga chiqdi. O‘rnini vaqtincha Yorqin Nazarov egalladi. Taassufki, uning boshchiligida “Andijon” faqat yutqazyapti! Lekin oxirgi paytlarda jamoa o‘yinida ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanayotgani ko‘rinib turibdi. Ammo bu g‘alabalar uchun hali etarli emas. Chunki tarkib kerakli darajada kuchli deya olmaymiz. Transfer oynasi ochilgan paytda tarkib kuchaytirilishga muhtoj. Bu masalada turli gap-so‘zlar yuribdi, muxlislar orasida va bizning qulog‘imizga ham chalinyapti. Eshitishimizga qaraganda, klubga 10 tacha yangi o‘yinchi kelishi kutilyapti. Ularning orasida albatta xorijlik futbolchilar bor va o‘zimizning futbolchilar ham.
Aytishlaricha, Rossiyaning “Nefteximik” klubida to‘p surayotgan Vagiz Galiulinga taklif bilan chiqishgan. Bilsangiz, u katta futbolga “Andijon” orqali kirib kelgan, o‘zi esa asakalik. Doim “Andijon”ning o‘yinlarini kuzatib keladi, befarqligini ko‘rmaganmiz. Agar rostdan u klubga qo‘shilsa, yaxshi xarid bo‘ladi. Shuningdek, “Navbahor”da o‘ynayotgan andijonlik Bahrom Abdurahimov va Farhod Mirahmatovni ham “Andijon”ga qaytarish ishlari boshlangani haqida ham eshitib turibmiz. Galiulin kabi Abdurahimov ham “Andijon” klubi tarbiyalanuvchisidir. Bir so‘z bilan aytganda, darvozabondan hujum chizig‘igacha barcha pozitsiyalar kuchaytirilishi shubhasiz.
Yana bir asosiy mavzu – bu bosh murabbiy masalasi bilan bog‘liq. Yorqin Nazarov vaqtincha bosh murabbiy vazifasiga tayinlanganida uning keyingi taqdiri natijalarga qarab belgilanishi aytilgan. Ammo ko‘rib turganingizdek, garchi jamoaning o‘yini yaxshilanayotganiga qaramay, “Andijon” uning boshchiligida ketma-ket oltita o‘yinda yutqazdi. Lekin oldindan ma’lumki, klub xo‘jayini bosh murabbiy lavozimiga bir qancha mutaxassislar nomzodini ko‘rib chiqqan. Sports.uz saytiga bergan intervyusida hatto rossiyalik Yuriy Syomin va yana boshqa xorijlik mutaxassislar bilan muzokaralar olib borilayotgani haqida gapirgandi. Biroq oradan shuncha vaqt o‘tdi va hali bu borada biror yangilik bo‘lmadi, demak rejalar o‘zgarganga o‘xshaydi.
Muxlislar orasida endi shunday gap yuribdi: klubga Orif Mamatkazin qaytarmish?! U bosh murabbiy bo‘ladimi yoki boshqa lavozimgami, hozircha bilmaymiz. Bu mutaxassis ancha yillardan beri klub tizimida turli lavozimlarda ishlagan. O‘tgan yilning oxirlarida esa jamoani tark etgandi. U haqida shuni aytishimiz mumkinki, butun faoliyatini asosan Andijon futboliga bag‘ishlagan. Tez orada bosh murabbiy masalasiga oydinlik kiritiladi. Oldinda esa “Andijon”ni vodiy derbisi doirasida “Navbahor”ga qarshi o‘yin kutyapti. Ayni chog‘da jamoa bor e’tiborini ushbu bo‘lajak o‘yinga qaratgan. Eshitishimizcha, jamoa a’zolari Namanganda bo‘ladigan o‘yinda jonini berib o‘ynashmoqchi. Rahbariyat esa har doimgidek klubni moddiy tarafdan qo‘llab-quvvatlashga tayyor.
Yuqorida eshitganlarimiz qanchalik haqiqatga aylanishini vaqt ko‘rsatadi. Ammo transfer oynasi ochilgach, “Andijon” bu borada faollik ko‘rsatishi kutilyapti.
Fikrlar