“Andijon” nihoyat chernogoriyalik sobiq legioneri Predrag Vuyovich muammosidan xalos bo‘ldi

  • 10.04.2019 20:57
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Xabaringiz bor O‘zbekiston Professional futbol ligasi so‘nggi paytlarda klublarning futbolchi va murabbiylardan bo‘lgan qarzdorliklarini jiddiy nazorat qilib kelmoqda. PFL ana shunday muammolari mavjud jamoalarni jiddiy tarzda ogohlantirib, kerak bo‘lsa ularni jazolamoqda.

Jumladan, Superliga debyutanti bo‘lgan "Andijon" klubi bir necha yillardan buyon o‘zining serbiyalik sobiq legioneri Predrag Vuyovich oldidagi qarzdorliklar sabab ogohlantirib kelinayotgan edi. PFL bosh direktori o‘rinbosari Diyor Imomxo‘jaevning ma’lum qilishicha "burgutlar" nihoyat ushbu masalani ijobiy hal qilishgan.

"Vuyovich “Andijon” tarkibida 2015 yil to‘p surgan. Keyinchalik qarzdorlik yuzasidan FIFAga shikoyat arizasi bilan murojaat qilgan. Shu vaqtdan buyon FIFA mazkur ish yuzasidan hozirgi “Andijon” jamoasini tinch qo‘ymasdi. Klubning hozirgi rahbariyati masalaga nuqta qo‘yish yuzasidan ish olib bordi. Adashmasam, Shveytsariyaga vakillar ham jo‘natildi.

Gap shundaki, Vuyovich to‘p surgan “Andijon professional futbol klubi” MJCh Andijon viloyat iqtisodiy sudi tomonidan 2017 yilda tugatilgan. Ayni vaqtdagi jamoa esa “Andijon futbol sport” MJCh sifatida 2016 yilda tashkil topgan. Ikkinchi tomon birinchisining mol-mulkini ham, qarzlarini ham bo‘yniga olmagan. FIFA turli tekshiruvlardan keyin buni tan oldi (o‘rtada “Andijon baxtli yoshlari” MJCh ham faoliyat yuritgan????????‍♂️).

Ko‘za kunda emas, kunida sinadi. Klublarning muammolari bilan bankrot qilib yuborilishi avvallari ko‘p kuzatilgan. Jamoa yangi MJCh sifatida qayta tashkil etilgan va har safar suvdan quruq chiqavergan. Ammo FIFA bu kabi ishlarni bugun qattiq nazorat qiladi. O‘zPFL reglamentida ham bu kabi ishlarga alohida band ajratilgan. Klublar chin ma’noda professional faoliyat olib borishi lozim.

2019 yilda klublar ikki martadan audit tekshiruvidan o‘tkaziladi. Nasib bo‘lsa, bu galgisi avvalgilaridan ancha jiddiy bo‘ladi", - deb yozadi Diyor Imomxo‘jaev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!