
"Andijon" pul ishlashning yangi yo‘lini topdi yoxud klub prezidenti muxlislarni qiziqtiradigan reja, tarkib va murabbiy masalasiga javob berdi
Pro ligada ishtirok etayotgan “Andijon” o‘z darajasini, mavqeini yanadan yuksaltirish uchun yangidan-yangi loyihalarni amalga tatbiq etish jarayonida turibdi.
Albatta, bunday vaziyatda jamoaning ham natijalari va ko‘rsatayotgan o‘yini shunga mos ravishda bo‘lishi maqsadga muvofiq. “Andijon” esa o‘zbek futbolida hech kim qo‘llamagan yo‘nalishni tanlamoqda.
Klub matbuot xizmatining “Andijon” prezidenti bilan suhbatida bir qator yangiliklar oshkor qilindi.
- “Andijon” klubini aktsiyadorlik jamiyatiga aylantirish tashabbusi qanday paydo bo‘ldi? Bilishimizcha, hali bu yo‘nalish o‘zbek klublarida mavjud emas. Aslida bu g‘oya kimdan chiqdi?
- Futbol klubini qabul qilib olgan birinchi kunimizdan boshlab jamoani davlat qaramog‘idan chiqarish, kimgadir bog‘liqligini yo‘qotish, futbol klubini o‘zini-o‘zi oqlashligi uchun ikki yildan beri qo‘limizdan kelgan harakatlarni qilib kelyapmiz. Stadionda savdo do‘konlari, muzqaymoq xonalar, bolalarga o‘yingohlar tashkil qilish yoki jamoamiz qoshida yo‘nalishdagi haydovchilar uchun “Andijon” futbol klubining uyushmasini tashkil qilganmiz. To‘g‘ri, hammasi ham o‘zini oqlagani yo‘q. Lekin muzqaymoq do‘konlari yoki o‘yingohlardan tushgan pul maydonni o‘zini ta’mirlashlariga, stadionda 19 ta xodim ishlaydi. Shularni oylik maoshlariga, uyushmadan kelgan pul yuqoridagilar kabi holatlardagi harajatlarni qisman qoplab turibdi. Lekin qachongacha bosh homiy o‘zini foydasidan pul tikib keladi? O‘zimizga yarasha qurilishlarimiz va boshqa ishlarimiz bor. Bundan tashqari, 2000 ta xodimimiz ham ishlaydi. Ularning maoshlarini berish kerak. Shularni o‘ylagan holda futbolni o‘z mablag‘i, ishlab topadigan puli bo‘lishi lozim. Chiptalar yaxshi daromad olib keladigan manba hisoblanadi. Lekin o‘tgan yili jamoamizni ishonchsiz o‘yini va pandemiyaning ta’siri sifatida chiptalardan yaxshi pul ishlab topa olmadik. Turli lotereyalar uyushtirdik, spark mashinalari yutuq sifatida o‘ynaldi. Ammo bu o‘zini unchalik oqlagani yo‘q. Bu yil pro ligada ishtirok etayotgan bo‘lsak-da, chiptalar sotuvi qisman yaxshilandi. Jamoamiz yaxshi o‘ynab yutib tursa, chipta narxi 15 000 so‘m va stadion to‘lib tursa, chiptadan 250 yoki 300 million so‘m ishlab olish mumkin. Bu mablag‘ mukofot pulini qoplab ketishi mumkin. “Andijon” jamoamizning bir oylik smetasi 1 milliard 400 million so‘m. Yillik smetamiz esa 18 milliard 200 million so‘m. Bu faqat asosiy jamoa bilan bog‘liq emas.
Albatta, klub uchun yotoqxonani tashkil qilganimiz yutug‘imiz bo‘ldi. Klubni ishchi-xodimlarini oylki maoshlari, oziq-ovqati, safar xarajatlari, mukofot pullari – bular asosiy jamoaniki. Bundan tashqari, har xil toifadagi yoshlarimiz bor. Ayollar jamoamiz ham bor. Ularni safar-xarajatlari, kiyim-kechak va oziq-ovqat bilan ta’minlash, barchasini hisobga olganda bir oydagi xarajatimiz 1 milliard 400 ming so‘mga to‘g‘ri keladi. Biz buni qaerdandir qoplashimiz kerak. Yashirmayman, ikki yilda “Andijon” futbol klubiga 31 milliard pul sarfladik. “Makrofarm” korxonasidagi ishchilar ham vaqtida maoshlarini olishi kerak. Barchasini o‘yladik va xalqaro tajribalar bilan o‘rtoqlashdik. Xorijdagi klublar o‘zini-o‘zi oqlaydi. Masalan, “Benfika” klubi bilan har doim hamkorlikdamiz. Ular ochiq aktsiyadorlik jamiyatini tashkil qilishgan. Natijada hozirda 140 ming odam ushbu klubga egalik qiladi. Bitta aktsiya olgan ham klub egalaridan biri hisoblanadi. Biz ham klub aktsiyalarini sotamiz va undan kelgan pullarni yaxshi biznesga yo‘naltiramiz. Shaffoflikni ta’minlash maqsadida har oyda hisobot taqdim qilinadi.
Rejamiz bo‘yicha yaqin 30 milliard so‘mga aktsiya chiqarmoqchimiz. Hisob-kitobimiz bo‘yicha bitta aktsiyani narxi 5000 so‘m etib belgilanadi. Biz 6 million dona aktsiya chiqarmoqchimiz. O‘sha 30 milliard pulni yarmini bozorga, yana yarmini energetik suvlar yo‘nalishiga sarflasak, hisobimiz bo‘yicha shu ikkita yo‘nalishdan bir oyda 2 milliard foyda olmoqchimiz, bu birinchi bosqichda. 1 milliard 400 mingni futbolga sarflasak, qolgan olti yuz million so‘m aktsiyadorlar o‘rtasida divident sifatida taqsimlanadi. Bitta 5000 so‘mga sotib olgan aktsiyasiga (xohlasa 1000 ta olishi mumkin, faqat bitta aktsiya misolida aytyapman) bir oyda 66 so‘m divident foyda kelib turadi. Sarflagan puli yo‘q bo‘lib ketmaydi. Ertaga biznesimiz rivojlanib ketsa, aktsiyalarni sotish imkoniyati ham bo‘ladi. Narxi yanada qimmatlashishi ham mumkin. Jahon tajribasidan kelib chiqqan holda biz ham shu yo‘nalishni amalga tatbiq etmoqchimiz. Aktsiyadorlik kompaniyaga hujjatlar topshirdik. Hozirdan aktsiyalarni sotib olaman deganlar ko‘p. Dastlabki aktsioner o‘zim bo‘lib turibman. 1 milliard 200 million so‘mlik aktsiya olmoqchiman. Xullas, ertaga bu xalqning jamoasiga aylanadi, o‘z egalari bo‘ladi. Aktsiyadorlikka aylangach, hamma bilan bamaslahat ish qilinadi. Misol uchun hozirda klub prezidenti men bo‘lsam, ertaga buni ovoz berish orqali saylashadi. Murabbiy va o‘yinchilarni olayotganda ham maslahat qilinadi. Balki futbolchilarni o‘zlari ham aktsiyalarni sotib olishni xohlar. Agar aktsiyalarga ega bo‘lsa, yanada yaxshiroq o‘ynagisi keladi. Chunki aktsiyani narxi oshishiga uni ham qiziqishi ortadi. Xullas, bizni rejalarimiz ko‘p va bosqichma-bosqich amalga oshirmoqchimiz. O‘zbekistonda birinchi bo‘lib, “Andijon” futbol klubida boshlamoqchimiz. Xudo xohlasa, barchasi amalga oshadi, degan umiddamiz.
- Haqiqatda yaxshi g‘oya. Ammo bu tavakkalchilik emasmi?
- Biznesni o‘zi tavakkalchilikdan iborat. Biz bu haqida obdon o‘rganib chiqdik. Futbolchilar bilan ham maslahatlashdik. Azamat Isroilov bilan suhbatda aytdiki, qaysidir aktsiyani 5000 dollarga olgan va hozir 7000 dollarga oshgan. Bu xorij aktsiyasi ekanini, puli ko‘payayotgan bo‘lsa-da, uni echib olish qiyin bo‘layotganini aytdi. O‘zimizda ham shunday yo‘l tanlansa, hammasini bilib turamiz va men ham olaman, degan gaplarni aytdi. Biz bu rejamizni muxlislarga havola qilamiz. Ishqibozlar o‘tgan yili bir million so‘mga ham yillik chiptalar sotib olishgan. Balki ularda ham aktsiyani sotib olishga qiziqishi paydo bo‘lar. Aktsiya – bu shunchaki qog‘oz emas. Moliya vazirligidan tasdiqlangan qimmatli qog‘oz. Muxlislar 1 million so‘mga yillik chipta sotib olgandan ko‘ra, o‘sha pulga aktsiya sotib olib, klubga egalik qilishni ma’qul ko‘radiganlar ham ko‘p. To‘g‘ri, bosh paket aktsiyalari bo‘ladi. Eng ko‘p aktsiya egasi ham o‘zidan-o‘zi ish qilmaydi, kengash orqali maslahatlashib ish ko‘riladi. Buni qanday sotib olamiz, degan savol ham bo‘lishi mumkin. Klubning rasmiy sahifalari orqali sodda qilib tushuntirishlar berib boramiz. Kartadan yoki bank orqali elektron aktsiyalar sotib olinadi. Platforma orqali “Andijon” klubi aktsiyasi oshgani yoki pasaygani ko‘rinib turadi.
- Bu qachon rasman ishga tushiriladi?
- Moliya vazirligiga tasdiqlash uchun kiritildi. 1 hafta yoki 10 kunda aktsiyadorlik jamiyati tasdiqdan o‘tadi va sotishni boshlaymiz.
- Pro ligada 12 ta tur ortda qoldi va “Andijon”ning ishtiroki borasida qanday xulosaga ega bo‘lyapsiz?
- To‘g‘risi, xursandman. Ha, boshida o‘yinimiz qovushmagan bo‘lishi mumkin. Bitta yutqazdik va bu yagonaligicha saqlanib qolyapti. Etakchi klublarni yutdik. O‘yinimiz ham shakllanib qoldi. Shu tempda davom etamiz. Raqiblarni yutishimiz kerak. 90 foizga Superligaga chiqishimiz aniq bo‘lib boryapti. Hozirdan jamoani kuchaytirish, Superligada munosib qatnashish to‘g‘risida rejalarimiz boshqacha. Hammasi moddiy tomonga bog‘liq. Yashirmaymiz, hozirda oylik maoshdan qarzdorligimiz bor. Mukofot pullarini etkazib beryapmiz. Oylik maoshni futbolchi istagan paytda yozib turib ham olishi mumkin. Mukofot puli og‘zaki kelishiladi. Shuni vaqtida beryapmiz. Moddiy tomonini yaxshilasak, jamoaga yanada yaxshiroq o‘yinchilar keladi, sharoit ham shunga yarasha bo‘ladi. “Makrofarm” orqali oylik maoshlar to‘lanadi va bu pul o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘ladi. Yana pul topish kerak. Aktsiyadorlik jamiyatida esa bunday bo‘lmaydi. Undagi pullarni sarmoya sifatida shakllantiramiz. Faqat foydasini futbolga ishlatamiz. Jamoa kuchaygan sari aktsiya narxlari ham oshadi va ertaga qiziqish ham kuchayadi. Hozir ikkita xususiy klub bor, vaqti soati kelganda barcha jamoalar baribir xususiyga o‘tishga majbur bo‘ladi. To‘g‘ri, “Turon” bilan bizni boshimizdan qiyinchilik o‘tyapti. Lekin bu yaxshilikka. Oradan qanchadir vaqt o‘tgach, biz oldinga chiqib olgan bo‘lamiz, deb umid qilaman.
- Muxlislardan tarkib masalasida savollar ko‘p kelib tushyapti. Yaqinda yozgi transfer oynasi ochiladi. Bu borada rejalar qanday?
- Murabbiyga har doim ishonganmiz. O‘yinchi tanlashga bizni aloqamiz yo‘q. Lekin yaxshi futbolchilarni olib kelish bo‘yicha ham ishlarni amalga oshiryapmiz. Ammo katta o‘zgarishlar bo‘lmaydi. Chunki o‘yinimizni topib olganmiz. Faqat bir-ikkita ijrochilar qo‘shiladi, kamchiliklarimizni o‘zimiz bilamiz. Lekin Superligada munosib qatnashish uchun hozirdan harakatlarni boshlaganmiz. Pro liga tugaganidan keyin uning yakunida yaxshi yangiliklar bo‘ladi.
- Shuningdek, stadion “projektori” borasida ham muxlislar qiziqyapti. Bu borada ishlar qanday hal qilinyapti?
- Kecha Toshkentdan keldim. Shartnomani olib keldim. Bu 250 ming 136 evroli shartnoma. Bu degani 3 milliard 50 million so‘mlik shartnoma. Boshlanishiga 1500 lyuksli bo‘ladi. Xudo xohlasa, Osiyo Chempionlar ligasiga chiqadigan bo‘lsak, uning talabi 1800 lyuks va buni tezda to‘g‘rilasa bo‘ladi. “Projektor” masalasini viloyatimiz hokimi to‘g‘rilab beradigan bo‘ldi. Superligaga chiqishimizda yangi “projektor”larda kechki salqinlarda o‘yinlar boshlanadi.
- O‘tgan yili “Benfika” bilan hamkorlik qilish bo‘yicha klubning ikkita vakili Andijonga kelgandi. Hozirgi kelib bu boradagi ishlar qanday?
- “Benfika” bilan kunora aloqadamiz. O‘zbekistonda ish olib borish jarayonlari bilan chet eldagi ish jarayonlari o‘rtasida farq bor. Ularni o‘ziga yarasha talablari bor. 50 varaqdan iborat shartnomalar berishgan. Buni yuristlarimiz, mutaxassislarimiz o‘rganib chiqishyapti. Xudo xohlasa, hamkorlikni oxirgi nuqtalariga kelib qoldik. Hech nima to‘xtatilmagan, yaqin orada rasmiy shartnoma e’lon qilamiz. Bolalar futboli, akademiyalarimizni rivojlantirishga e’tibor qaratilgan, barchasi bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
- Aktsiyadorlik jamiyatga aylangach, aytaylik, murabbiy masalasidagi qaror maslahatlashiladi. Yoki bu boradagi yakuniy qaror baribir sizda qoladimi?
- Ovoz beriladi. Baribir asosiy aktsiyadorlar egasida asosiy gap qoladi. Hamma muxlisda har xil fikr chiqadi. Murabbiyni almashtirishdan osoni yo‘q. Murabbiy ham jamoani holatiga qarab keladi. O‘tgan yili murabbiysiz qolganimizda hamma murabbiyni ham kelgisi kelmadi. Viktor Balyutovichga rahmat, o‘shanda chaqirig‘imizga labbay deb javob berdi. Kimgadir taktikasi yoqmas, ammo o‘sha paytda hamma ham kelmadi-ku. Buni qadrlash kerak. Bir-ikkita turda o‘yin o‘xshamasdan ishdan bo‘shatsak, keyin kim keladi? Hamma narsani toshu-tarozisi bor. Biz taklif qiladigan futbolchilar ko‘nglini to‘q qilishsin, “Andijon” klubi qarzdor bo‘lib qolmaydi. Bizda hech kimni puli qolib ketmaydi.
- Muxlislarga qanday gapingiz bor?
- Ularga katta rahmat. Zo‘r qo‘llab-quvvatlashyapti, jamoaga ishonch ortyapti. Barchamiz birgalashib tarixni birga yaratyapmiz. Aktsiyadorlik jamiyati ham bir tarix. Kirishsin, aktsiyaga ega bo‘lishsin, ertaga qanchadir qismini egasiman deb faxrlanib yuradi. Bu futbolimiz rivojiga ham turtki beradi. Bizda haqiqiy muxlis ko‘p. Moddiy tomonini yaxshilab olsak, bizni jamoa chempion bo‘ladigan klub. Albatta, chempion qilamiz. Muxlislarmizni qo‘llab-quvvatlashi va duolari orqali niyatimizga erishamiz, Xudo xohlasa.
Fikrlar