"Andijon" tarixni o‘zgartirdi yoxud "Burgutlar" "Sherlar"ni qanday maxv etdi?

  • 13 aprel, 23:42
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Andijon” klubining Toshkentda “Paxtakor”ga qarshi o‘yiniga tayyorgarligi juda yuqori darajada bo‘ldi. Bu uchrashuvning eng ahamiyatli tomoni shunda ediki, “Burgutlar” hali O‘zbekiston chempionatida Toshkentda “Paxtakor” maydonida g‘alaba nashidasini surmagandi va tarixni yangilash maqsadida Aleksandr Xomyakov o‘z futbolchilarini mazkur o‘yinga puxta tayyorlab, etarlicha ruhlantira oldi.

Tecno

Bundan tashqari, “Andijon” fan-klubi, “Ultras Burgut” ham jamoa bilan teppa-teng ravishda “Paxtakor”ga qarshi bahsga munosib hozirlik ko‘rdi. Kutilganidek, “Jar” stadioni andijonlik minglab muxlislarning auditoriyasi, betakror qo‘llab-quvvatlashlari fonida salkam “Bobur arena”ga aylandi. “Jar” stadionida 3000-4000 ming atrofida andijonlik ishqibozlarning tinimsiz olqishlashi futbolchilarga katta motivatsiya berdi.

O‘yin ehtiyotkorlik bilan boshlandi. O‘z uyida o‘ynayotgani uchun “Paxtakor” dastlabki daqiqalardan xavfli hujumlar uyushtirishga harakat qildi. Biroq mehmonlar raqibning hujumlarini bartaraf qilib, tezkorlik bilan mezbon darvozasi oldida golli imkoniyatlar yaratish payida bo‘ldi. Lekin uchrashuvning asosiy voqealari tanaffusdan keyin yuz berdi.

Birinchi bo‘limda raqibni yaxshi “o‘qigan” Xomyakov tanaffus chog‘ida futbolchilarga juda muhim va kerakli ko‘rsatmalarni berdi. Natijada ikkinchi bo‘limda “Andijon” o‘yiniga yanada qo‘shdi va raqibning ojiz nuqtalarini topa oldi.

Avvaliga Bektemir Abdumannonovning reydidan keyin kuchli zarba yo‘lladi. Darvozabon qaytargan paytda Doniyor Abdumannopov jarima maydoni ichida kerakli paytda bo‘ldi va o‘zining ikkinchi urinishdan so‘ng raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Oradan 6 daqiqa o‘tganidan so‘ng andijonlik muxlislar “Jar” stadionini yana larzaga keltirdilar. Altin Kreziuning burchak zarbasidan qoyilmaqom to‘p uzatishidan so‘ng Rustam Turdimurodov boshi bilan darvozani nishonga oldi. “Paxtakor” 67-daqiqada Sergeevning goli bilan javob qaytargan bo‘lsa, 80-daqiqada “Andijon” yana gol urdi. Kreziu standart vaziyatdan ustalik bilan to‘pni raqib jarima maydoniga uzatgan chog‘ida chernogoriyalik Luka Uskokovich boshi bilan darvoza to‘rini nishonga oldi. Uchrashuvdagi yakuniy gol “Paxtakor” tomonidan kiritildi. Biroq bu ham “Burgutlar”ning unutilmas g‘alabasi yo‘liga g‘ov bo‘la olmadi.

Shuni alohida e’tirof etish kerakki, “Andijon” bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov “Paxtakor”ga qarshi juda aqlli yurishni amalga oshirdi. Raqib murabbiyining qilgan o‘zgarishlariga “Andijon” ustozi taktik tomonlama to‘g‘ri yondashuv qila oldi. Aynan bosh murabbiyning imzosi butun o‘yin davomida sezilib turdi.

“Andijon” esa nihoyat tarixni yangilay oldi va “Paxtakor” maydonidan g‘alaba qozona olishini isbotladi. Isbotlaganda ham “Burgutlar” “Sherlar” darvozasiga uchta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. “Andijon” va uning muxlislari darhaqiqat top darajada!

“Paxtakor” – “Andijon” – 2:3 (0:0).

13 aprel. Toshkent. “Jar” stadioni. 7250 tomoshabin.

Hakamlar: Nayim Qosimov, Zufar Eliboev, Shoxnur Yo‘ldoshev.

Zaxira hakami: Sardor Mirodilov

VAR: Ravshan Abduvohidov

AVAR: Sherzod A’zamov

Nazoratchi: Bobur Haydarov

Komissar: Qudrat Madraimov

“Paxtakor”: Jonatan, Abdulla Abdullaev, Muhammadrasul Abdumajidov, Hojiakbar Alijonov, Mahmudjon Maxamadjonov (Umar Adhamzoda, 89), Jonatan Lukka, Sardor Sobirxo‘jaev, Flamarion (Doston Hamdamov, 89), Muhammadali O‘rinboev (Ulug‘bek Hoshimov, 78), Igor Segeev, Otabek Jo‘raqo‘ziev (Bashar Resan, 66).

“Andijon”: Eldor Adhamov, Abdulvohid G‘ulomov, Oleg Zoteev (Damir Temirov, 80), Miomir Jurichkovich, Luka Uskokovich, Altin Kreziu, Ilhom Abdug‘aniev (Islom Mamatkazin, 72), Iskandar Shoyqulov (Abdurahmon Komilov, 80), Bektemir Abdumannonov (Farhod Sohibjonov, 90+2), Doniyor Abdumannopov (Usmon Ismonaliev, 72), Rustam Turdimurodov.

Gollar: Doniyor Abdumannopov, 54 – 0:1. Rustam Turdimurodov, 60 – 0:2. Igor Sergeev, 67 - 1:2. Luka Uskokovich, 80 – 1:3. Bashar Resan, 84 – 2:3.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!