
"Andijon"da biroz ustunlik bor, "Navbahor" Lushan boshchiligida boshqacha o‘yin ko‘rsatmoqda" yoxud O‘zbekiston Kubogi finaliga kimlar chiqadi?
Bugun O‘zbekiston Kubogi yarim final o‘yinlari o‘tkaziladi. Andijondagi “Bobur arena”da “Andijon” klubi “Surxon”ni qabul qilsa, Toshkentda JARdagi stadionda “Paxtakor” - “Navbahor” qarama-qarshiligi kuzatiladi.
Bugun finalchilar nomini bilib olamiz. Shubha yo‘qki, har ikkala uchrashuv “yonadi”. Qiziqish yuqori darajada. Barcha jamoalarda finalga chiqish istagi kuchli. Ayniqsa, “Andijon” bilan “Surxon” ilk bor bunday imkoniyatga ega bo‘lib turishibdi. Bu borada ulardagi ishtiyoq juda baland.
O‘zbek futbolida muxlislarga yaxshi tanish bo‘lgan, taniqli sobiq futbol yulduzi Ja’far Irismetov yarim final oldidan ikkala juftlikdagi jamoalarning imkoniyatlarini baholadi.
“Andijon” – “Surxon”
- To‘g‘risini aytsam, “Andijon” va “Surxon” yarim finalda kutilmagan jamoalar, menimcha. Agar chempionat boshlanmasidan oldin shu haqida aytishganida ko‘pchilik ishonmagan bo‘lardi. Lekin ular o‘z o‘yinlari bilan isbotlab yarim finalgacha etib kelishdi. Yarim final uchrashuvi Andijonda o‘tishini hisobga olsak, mezbonlarda biroz ustunlik bor. Ammo yaqinda “Surxon” Andijonga borib mezbonlarni yutib kelgandi. Bu juftlikda juda qiziqarli o‘yin bo‘ladi, deb o‘ylayman. “Andijon” klubida ustunlik biroz ko‘proq ekanligini ayta olaman. Bu jamoa o‘z maydonida o‘ynaydi va ashaddiy muxlislari ko‘z o‘ngida to‘p suradi. Imkoniyatlar 55\45. Jamoalar munosib kurashishadi va kuchliroq klub finalga chiqadi, deb o‘ylayman. “Andijon” – “Surxon” bahsida g‘olib maksimum qo‘shimcha vaqtlarda aniqlanishi mumkin.
“Paxtakor” – “Navbahor”
- Bu bahsda kuchlar teng. Balki “Navbahor”ni tarkib jihatidan biroz kuchliroq deb o‘ylayman. “Paxtakor” o‘z maydonida o‘ynayotgani hisobiga kuchlar tenglashadi. Ikkala jamoa ham finalga chiqishga haqli. Ammo biroz namanganliklarning ustunligi bor. Buning ustiga hozirgi paytda “Navbahor” jamoasi Sergey Lushan boshchiligida boshqacha o‘yin ko‘rsatmoqda. Ular mazmunli futbol o‘ynashyapti. Jamoada o‘yin jihatidan o‘zgarish bor. Boya aytib o‘tganimdek, tarkib jihatidan ham “Navbahor” kuchliroq. “Paxtakor” chempionatning oxirgi turida Jizzaxda “So‘g‘diyona”ni yutib yarim finalga yaxshi kayfiyatda etib keldi. “Paxtakor” va “Navbahor” o‘rtasidagi o‘yinda barcha masala asosiy vaqtda hal bo‘ladi, deb o‘ylayman.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar