
"Andijon"ga kimlar keladi? Klubni qaysi murabbiy tark etdi? Boake AGMKga o‘tyaptimi, Dimov-chi? - Yorqin Nazarov tarkibdagi o‘zgarishlarga oydinlik kiritdi
“Andijon” klubining yozgi tayyorgarlik yig‘ini davomida o‘z rejalari bor. Avvalo, tarkibdagi o‘zgarishlar asosiy o‘ringa chiqmoqda. Chunki klubni tark etayotganlar bor va ularning o‘rnini to‘ldirish lozim.
Aslida esa tarkibni kuchaytirish juda muhim. Bu borada ishlar olib borilyapti. Sports.uz muxbiri yuqoridagilarni inobatga olgan holda jamoa bosh murabbiyi Yorqin Nazarov bilan suhbat uyushtirdi.
- “Andijon”ning tayyorgarlik rejasi qay tartibda olib boriladi?
- 10 iyuldan yig‘ilamiz. “Navbahor” vodiydagi barcha jamoalar ishtirokida turnir o‘tkazishi kerak edi. Menimcha, turnir bekor bo‘ldi. Endi rejamizga ko‘ra, bir hafta davomida jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha ishlaymiz, Andijonda. Keyin yig‘inimizning ikkinchi bosqichida o‘yinlar kerak bo‘ladi. Hamma jamoalar qaerda o‘ynaydi? Toshkentda. Agar rahbariyat ruxsat bersa, biz ham Toshkentda nazorat uchrashuvlarini o‘tkazamiz. Eshitishimizcha, Tojikistonning “Istiqlol” klubi ham o‘sha paytda Toshkentda shug‘ullanarkan. Ikkinchi yig‘indan keyin rasmiy bahsga sanoqli kunlar qoladi.
- Tarkib masalasidagi o‘zgarishlar barchani qiziqtiryapti...
- Albatta, tarkibni kuchaytirish kerak.
- Aynan qanday o‘zgarishlar bo‘ladi? Bilishimcha, sizda klubni tark etadigan futbolchilar ro‘yxati ham bor edi...
- Xullas, ayrim o‘yinchilar bilan xayrlashdik. O‘rnini boshqa futbolchilar bilan to‘ldiramiz. Bir qator o‘yinchilar bilan muzokaralar ketyapti. Rozilik bildirganlarni olamiz.
- Klubni kimlar tark etdi?
- Asosan zaxirada o‘tirgan futbolchilarning deyarli barchasi tark etdi. To‘g‘risi, ertaga borganda yanada anig‘ini bilaman. Masalan, biz gaplashgan o‘yinchilardan kimlar ertaga qo‘shiladi, shularni ko‘rib yana vaziyatga qarab ish tutamiz.
- Yangi legionerlar ham kelyapti ekan-a?
- Ha, gaplashib qo‘yganmiz. Himoyachi, yarim himoyachi va hujumchi keladi. Bizga xabar kelishicha, Martin Boake jamoadan ketmoqchi ekan. Adashmasam, AGMKdan o‘tmoqchi shekilli. Biz unga to‘sqinlik qilmaymiz. Agar o‘sha erda o‘ynagisi kelsa, mayli o‘ynayversin. U ketsa, o‘rniga boshqasini olamiz. AGMKga qarshi uchrashuvdan keyin ularning murabbiylar shtabi Boakeni yoqtirib qolibdi. Biz uni haydamayapmiz. Menimcha, uni AGMKga o‘tishi bo‘yicha jarayon boshlangan. Ammo futbolchini biz bilan yilning oxirigacha tuzilgan shartnomasi bor. Bu borada rahbariyat hal qiladi.
- Shuningdek, Plamen Dimovga ham takliflar bor ekan-a?
- Dimovga O‘zbekiston klublari qiziqyapti. Uni ham shartnomasi yilning oxirigacha. Agar rahbariyat bilan kelishadigan bo‘lsa, ketishi mumkin. Bizda emas, boshqa klubda o‘ynagisi kelayotgan bo‘lsa, mayli ketishi mumkin. “Andijon”ni tark etadigan bo‘lsa, uni ham o‘rniga boshqasini olamiz.
- Sir bo‘lmasa, Dimov qaysi klubga ketishi mumkin?
- Eshitishimcha, unga “Metallurg” qiziqyapti. Lekin bu hali aniq emas. Ertaga borganda o‘zi bilan gaplashaman.
- “Andijon”ning etakchilari birin-ketin ketib qolsa, bu sizni tashvishlantirmaydimi?
- Tashvishlantirgani bilan ularni majburlab o‘ynata olmaymiz. Agar bizda o‘ynashga xohishi bo‘lmasa, shartnoma tuzib qo‘ygani bilan o‘zimizda majbur ushlab nima qilamiz? Agar o‘ynagisi kelsa, marhamat. Chunki biz hech kimni ketgizayotganimiz yo‘q. Biz uchun Jaloliddinovning ketgani ancha tashvishga solib qo‘ydi. Hozircha uning pozitsiyasiga o‘yinchi topa olmayapmiz. Bizni qiynayotgan pozitsiya shu.
- Jasurning “Lokomotiv”ga ketganiga qanday munosabatda bo‘ldingiz?
- U iqtidorli, yaxshi futbolchi. Bu o‘yinchi “Andijon”ga kelib qoldi. Qanaqa qilib kelib qolganini ham bilmayman. Boshida kelganda yaxshi sport formasida emasdi. Oxirgi uch-to‘rtta turda u yaxshi sport formasiga kirgandi. Jasur hali yosh bola. “Lokomotiv” uni nimadir qilib olib ketyapti. Ammo maslahatim, u “Andijon”da qolib kelasi yili xorijga ketishi kerak edi. Chunki bu erda unga katta imkoniyat bergandik. O‘yinni o‘ziga olishga ruxsat ham berilgandi. O‘ziga qo‘yilgan vazifani yaxshi bajarishni boshlayotgandi, meni ko‘rsatmalarimni bajarayotgandi. “Lokomotiv”da o‘ynab ketadimi-yo‘qmi, bilmadim. O‘zi bu bolani yaxshi o‘ynashi uchun qattiqroq ushlash kerak ekan. Qaerda bo‘lsa ham omadini bersin. Baribir Jaloliddinovni ketgani biz uchun katta yo‘qotish. Menga taklif qilinayotgan futbolchilar uni o‘rnini bosa olmaydi. Baribir o‘rniga yaxshi o‘yinchi topishga harakat qilaman. O‘zbekistonlik futbolchi bilan muzokara olib borilyapti. Agar o‘xshamasa balki legioner o‘yinchi bilan to‘ldirarmiz.
- Jaloliddinov bilan gaplashdingizmi?
- O‘zi bilan gaplashdim. 3-4 ta tur oldin nima qilasan, qolasanmi yoki ketasanmi deganimda, ketsam kerak, jamoalar chaqirishyapti, degandi. Shu bois, unga to‘sqinlik qilganim yo‘q. Yoshligimda menga yaxshi takliflar bo‘lganida “Paxtakor” qo‘yib yubormagan, nimadir sabablar bilan. Sharoitlarimni yaxshilab berishgan va klubdan ketmaganman. Shu bois, hozirgi futbolchilardan kimdir ketaman, desa to‘sqinlik qilmayman.
- Namangandagi g‘alaba muxlislarda yana umid uyg‘otdi. Bu orqali sizga bo‘lgan ishonchni oshirdi. Muhimi, jamoa o‘yinida murabbiyning imzosi borligini ko‘pchilikdan eshityapmiz. Tabiiyki, tarkibda yo‘qotishlar bo‘layotgani ishqibozlarni tashvishlantiryapti. Shu sababli “Andijon”ga kimlar kelarkin, degan savol asosiy o‘ringa chiqyapti. Aynan kimlar bilan muzokaralar olib borilyapti?
- O‘zi “Navbahor” bilan o‘ynagan tarkibimizni saqlab qolganimizda yaxshi bo‘lardi. Saqlab qola olmayotganimizni sababi etakchi futbolchilarimizga bizdan ham ko‘ra yaxshiroq sharoitlarni taklif qilishyapti, o‘sha Jaloliddinov, Boake, Dimov kabilarga. Aytdim-ku, ular ketishni xohlashsa majburlab olib qola olmaymiz. Endi boshqa futbolchilarni olsak, jamoa o‘yinini yana boshqatdan tayyorlashimiz kerak. Biz istayotgan o‘yin uslubini yangi keladiganlarga ham yana boshqatdan tushuntirib, yaxshiroq shakllantirishimiz talab etiladi. Sizga shuni aytishim mumkinki, himoya chizig‘imizga Serbiyadan yaxshi himoyachi kelyapti. O‘rta chiziqqa Moldovadan tajribali futbolchi taklif qildik. Hujum chizig‘iga ukrainalik yosh iqtidor egasini chaqirdik. U Ukrainaning umidli o‘yinchilaridan biri sifatida hisoblanayotgan ekan. O‘zbekistondagi futbolchilarga kelsak, yulduzlarni olib kela olmaydigan bo‘lib qoldik. Biz gaplashgan o‘yinchilar jamoamiz taklif qilgan sharoitlarimizga kelmaymiz, o‘zimizda o‘ynaymiz, deb aytishdi. Baribir yana muzokaralar olib boryapmiz. Faqat ularni nomlarini ayta olmayman. Yig‘in paytida hammasi ma’lum bo‘ladi. Har qanday holatda ham ketgan o‘yinchilarimizni o‘rnini kamida ulardan ham yaxshiroq futbolchilar bilan to‘ldirishga harakat qilamiz.
- Darvozabon masalasi nima bo‘ladi?
- Ziyovutdinov qolyapti. Unga raqobat uchun bir-ikkita darvozabonni chaqirganmiz, ko‘rik uchun. Yig‘inlar paytida ko‘ramiz va yana kamida bitta darvozabon olishimiz shart.
- Murabbiylar shtabida ham o‘zgarishlar bo‘lishi mumkinligi haqida eshitdim...
- Darvozabonlar murabbiyi Aleksandr Kitga javob berib yuborishibdi. Bu haqda kecha bildim. Buni sababini ertaga borganda bilaman. Qolganlar shtabda ishlab turishibdi.
- O‘zingiz qaysidir mutaxassisni shtabingizga taklif qilmayapsizmi?
- Yil oxirigacha hech kimni taklif qilmayman. Chunki o‘zim chaqirmoqchi bo‘lgan mutaxassislar hozir o‘z joyida ishlashyapti. Agar bu yil vazifani bajarsak va “Andijon”da ishimizni davom ettiradigan bo‘lsak, u holda kelasi yilga yangi kadrlar paydo bo‘ladi.
- Klubda qarzdorlik yo‘qmi?
- Qarzdorlik ozgina bor. Xudo xohlasa, asta-sekin qarzlar to‘lanadi. Biz bunga qaramasdan o‘z ustimizda ishlashda davom etamiz.
Fikrlar