
"Andijon"ning yig‘ini qanday o‘tmoqda?
Xabaringiz bor, “Andijon” klubi Xonobodda mashg‘ulotlarni davom ettiryapti. Murabbiylar futbolchilarning jismoniy holatini yanada yaxshilashga e’tibor qaratishgan. Oldinda esa andijonliklarni chempionat doirasida etakchi jamoalarga qarshi qiyin o‘yinlar kutib turibdi.
Jamoaning turnir jadvalidagi mavqeini tiklash maqsadida chempionatda yuzaga kelgan tanaffus ayni muddo deyish mumkin. Chunki xato va kamchiliklar ustida ishlash uchun vaqt bor.
Yaqinda “Andijon” bosh murabbiyi Yorqin Nazarov sports.uz saytiga bergan intervyusida yig‘in paytida o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazilishi va bu orqali jamoa o‘yinini hozirgidan-da yaxshiroq darajaga olib chiqish ko‘zda tutilgani haqida aytgandi.
Shu maqsadda kecha “Qo‘qon-1912”ga qarshi nazorat o‘yini tashkil etildi. Ushbu bellashuvda “Andijon” 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. Doniyor Abdumannopov jamoasining yagona goliga mualliflik qildi. Ushbu bahsda Plamen Dimov, Martin Boake, Jasur Jaloliddinov kabi etakchilar maydonga tushgani yo‘q.
Bundan tashqari, “Anidjon” Qirg‘iziston klubi bilan ham o‘rtoqlik uchrashuvida qatnashadi. Ushbu o‘yin tez orada Andijonda o‘tkaziladi. Ta’kidlash joizki, “Andijon” jamoasini 20 iyun kuni 10-tur doirasida mehmonda “Nasaf”ga qarshi og‘ir bellashuv kutyapti.
Fikrlar