Shomurodov 2025 yilning so‘nggi o‘yinini ham “yondirdi”!
O‘zbekiston milliy terma jamoasi etakchilari Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullaev “Istanbul Bashakshehir” safida 2025 yilning so‘nggi o‘yinini ham yuqori darajada o‘tkazdi.
Superliganing 17-turiga to‘g‘ri kelgan bu uchrashuvda istanbulliklar o‘z maydonida musobaqa jadvalida ettinchi pog‘onada borayotgan “Gaziantep” jamoasini qabul qilib, yirik hisobda zafar quchdi.
Uchrashuvning 21-daqiqasida Eldor Shomurodov bir necha himoyachining orasida turganiga qaramay, aniq zarba bilan hisobni ochdi.
Oradan besh daqiqa o‘tib, raqib futbolchisi Drissa Kamara hisobni tanglashtirishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq mehmonlarning xursandchiligi uzoqqa cho‘zilmadi.
29-daqiqada Abbosbek Fayzullaevni o‘zini ko‘rsatdi. Himoyachilardan chaqqon harakat qilib, to‘pga birinchi etib kelgan 22 yoshli hujumkor futbolchi murakkab zarba bilan gol urib, hisobdagi farqni yana oshirdi.
O‘yinning ikkinchi yarmida “Gaziantep” vakili Arda Kizildag‘ “Istanbul Bashakshehir” hujumini qaytarishda to‘pni o‘z darvozasiga kiritib qo‘ydi. Oradan o‘n besh daqiqa o‘tib, Eldor Shomurodov aniq pas bilan Umut Gyuneshni golli pozitsiyaga chiqardi va turk futbolchisi zarba berishda adashmadi.
Istanbulliklarning beshinchi goli Ivan Brnich hisobiga yozildi – 5:1.
Uchrashuvning qolgan qismi mezbonlar ustunligida o‘tdi. Bu g‘alabadan keyin Nuri Shaxin shogirdlari ochkolari sonini 23 taga etkazib oldi va ochkolar hisobida o‘zidan yuqorida turgan “Gaziantep” hamda “Kojaelispor” bilan tenglashdi. "Bashakshehir" to‘plar nisbatiga ko‘ra, ettinchi o‘ringa ko‘tarildi. Endi Nuri Shaxin shogirdlari mavsumning ikkinchi yarmida Evrokuboklar yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun kurashadi.
Quvonarlisi esa, Eldor Shomurodov to‘purarlar poygasida 12 ta gol bilan etakchilik mavqeini saqlab qoldi. Bundan tashqari, uchta assistni qo‘shib hisoblaganda, 30 yoshli hujumchimiz Superliganing eng samarador o‘yinchilari reytingida birinchi o‘rinda bormoqda.
To‘purarlar bahsida Eldor Shomurodovn bilan tengma-teng kurash olib borayotgan Pol Onuachu hisobida 11 ta gol bor. “Trabzonspor” hujumchisi Nigeriya terma jamoasiga chorlov olgani uchun Turkiya chempionatining oxirgi o‘yinlarini o‘tkazib yubormoqda. Shu bois, Eldor Shomurodov chempionatning birinchi qismini eng yaxshi to‘purar va eng samarali futbolchi maqomida yakunlashi aniq.
“Oltin butsa” sovriniga da’vogar qolgan to‘purarlar ham ancha jonlanib qoldi. “Galatasaroy” yulduzi Mauro Ikardi va “Fenerbahche”ning braziliyalik legioneri Taliska chempionatdagi gollari sonini 9 taga etkazib oldi.
“Konyaspor”dan Umut Nayir va “Fenerbahche”da o‘ynayotgan “Real”ning sobiq yulduzi Marko Asensio esa hozirgacha sakkiz martadan to‘p kiritgan. Evropa futbolida nom qozongan Temmi Abraxam (“Beshiktosh”) va Yussuf En-Nesiri (“Fenerbahche”) hisobida esa ettitadan gol bor.
Eldor Shomurodov Istanbul klubiga ko‘chib o‘tganidan beri 17 ta uchrashuvdan 11 tasida raqiblar darvozasini ishg‘ol qilishni uddalab kelmoqda. Superliga kashfiyotiga aylangan Eldor Shomurodov bugunga qadar “Beshiktosh”, “Alanyaspor”, “Konyaspor”, “Galatasaroy”, “Kojaelispor”, “Genchlerbirligi”. “Trabzonspor”, “Kasimpasha”, “Gaziantep” darvozalariga bittadan to‘p kiritgan bo‘lsa, “Antalyaspor” jamoasi darvozasini ikki bor ishg‘ol qilgan.
Abbosbek Fayzullaev ham muhim pallada jamoaning asosiy o‘yinchilari qatoriga qo‘shildi. 22 yoshli hujumkor futbolchimiz Superligada to‘qqizta uchrashuvda “Kasimpasha” va “Gaziantep” darvozabonlarini ojiz qoldirdi.
“Bashakshehir” Turkiya chempionatidagi navbatdagi uchrashuvini 2026 yilning 18 yanvar kuni o‘z maydonida “Fotih Karagyumryuk” jamoasiga qarshi o‘tkazadi.
Xorijlik ekspert O‘zbekistonga Ronaldu boshchiligidagi Portugaliyani engish yo‘lini aytdi
Husanov, semirib ketma!
Fabio Kannavaro “JCh-2026” oldidan barcha muammolarni ochib berdi
Joyini Nuneshdan qaytib olgan Husanovning o‘yini qanday baholandi?
Gvardiola Husanovni tanqid qilgan murabbiyni “razbor”ga chaqirdi
Fikrlar