Andrey Shipilov: Ubaydullaev Bangladesh, Xitoy, Indoneziyani o‘ylamasdan, katta maqsadlarga intilishi kerak

  • 10 avgust, 2020, 22:31
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Coca-Cola Superliganing 9-turidan keyin “Metallurg” klubi 5 g‘alaba, 1 durang va 3 mag‘lubiyat qayd etib, turnir jadvalida 5-o‘rinda boryapti. Jamoa bosh murabbiyi Andrey Shipilov esa bir necha yildan beri ishlab kelmoqda va ushbu mavsumda “Metallurg” ancha shiddatli ko‘rinmoqda. Balki ushbu mavsumga kelib Andrey Sergeevich o‘zi xohlagan jamoani shakllantira olgandir. Gapning ochig‘i, ushbu murabbiy bilan bog‘lanib, unga o‘zimizni qiziqtiradigan bir qator savollarimiz bor edi. O‘z navbatida Shipilov sports.uz uchun suhbatlashishga qarshilik bildirmadi.

Tecno

-  Andrey Sergeevich, ayni paytda tayyorgarlik ishlari qanday ketmoqda? Tarkibda jiddiy o‘zgarishlarni ko‘rishimiz mumkinmi?

-  Hozirgi paytda jamoamda bir necha kundan beri ish ketyapti. Biz 16 kun davomida mashq qilmagandik. Shu sababli yigitlar ixtiyorimizga turli jismoniy holatda etib keldi. Ammo futbolchilar harakat qilishyapti, ularda hech qanday muammo yo‘q. Ehtimol, kimlar bilandir xayrlashishimiz mumkin. Iloji bo‘lsa, ikkita pozitsiyamizni kuchaytirishga harakat qilamiz.

-  Uch nafar futbolchingiz milliy terma jamoaga chaqirilgandi. Lekin “Metallurg”dagi boshqa o‘yinchilarda covid aniqlangach, vaziyat o‘zgarib, yuqoridagi o‘yinchilar terma jamoa yig‘inidan chetda qoldi. Hozir jamoadagilarning holati qanday?

-  Ularda hech qanday muammo yo‘q. Hammasi sog‘lom. Xavotirga o‘rin yo‘q. Biz har ehtimolga qarshi ehtiyot choralarini ham ko‘rib qo‘ygandik. Doimo salomatlik birinchi o‘rinda turadi. Qolaversa, biz barcha testlarni topshirdik. Muhimi, bizning shifokorlar juda malakali.

shipilov4_1

-  Pandemiya sababli Superligamizda ikkinchi marotaba tanaffus e’lon qilinib, o‘yinlar muddati yana uzaytirildi. Bunday sharoitda esa futbolchilarni o‘yinlarga tayyorlash ham oson kechmaydi. Sizningcha, bu ketishda mavsumni yakunlay olamizmi?

-  Mavsum hali nihoyasiga etgani yo‘q, bu aniq. Bu ketishda chempionatimiz noyabr-dekabrga qadar cho‘zilsa kerak. Ha, siz haqsiz, bunday vaziyatda futbolchilarni o‘yinlarga va mashqlarga ruhlantirish oson bo‘lmaydi. Ulardagi o‘yin maromi shu holat tufayli izdan chiqishi mumkin. Lekin bu mening shaxsiy fikrim. Har narsa bo‘lishi ehtimoldan holi emas. Ayni chog‘dagi asosiy vazifa futbolchilarimizga bosim o‘tkazmasdan ular bilan yaxshi munosabatda bo‘lishdir. Turli vazifa va mashg‘ulotlardagi yuklamalar bilan ularni qiynamoqchi emasmiz. Boz ustiga ularni iloji boricha jarohatga yo‘liqishidan asrashimiz kerak. Albatta, ular professionallardir, nima qilish kerakligini bilishadi.

-  “Metallurg”ning ushbu mavsumdagi aniq maqsadi qanday?

-  Superliganing musobaqa jadvalida iloji boricha yuqori o‘rinlarga ko‘tarilishga va kuchli beshlikdan joy olishga harakat qilamiz.

shipilov5

-  Endi birinchi davraning oxirgi turlari markazlashgan holda Toshkentda o‘tkaziladi. Bu “Metallurg” uchun qulaymi?

-  Uchta o‘yinni uyda o‘tkazdik, oltitasini esa safarda. Bunday sharoitda o‘yinlarga borish va o‘tkazish o‘z-o‘zidan og‘ir edi. Biroq shu bilan birga aksariyat jamoalarda bunday holat kuzatilmay, ular xuddi kurortda dam olgandek bo‘lishdi. Taqvimning tuzilishi mana shunday. Biz vaziyat asiriga aylanib qoldik. Eng asosiysi, kechki soat 5 da, ustiga-ustak ekinzorni eslatib yuboradigan maydonda shug‘ullanmasak bo‘ldi.

-  Mavsum boshida jamoangizga qo‘shilgan Shahzod Ubaydullaev ancha ko‘zga tashlanib qoldi. Uning kelajagi borasida nima degan bo‘lardingiz?

-  Shahzod harakat qilyapti, u mehnatkash yigit. Unda kuchli futbolchi bo‘lib etishishi uchun etarlicha turli darajadagi sifatlar mujassam. Biz ish jarayonida u bilan tez-tez muloqot qilib, qanday qilsa yanada mukammalroq o‘yinchi darajasiga chiqish sirlarini o‘rgatyapmiz. Shahzod to‘g‘ri yo‘ldan bormoqda. Asosiysi, u atrofidagi o‘zini chalg‘itishi mumkin bo‘lgan narsalar va ayrim kimsalardan saqlanishi kerak. Chunki bunday holatlar yigitchaning boshini aylantirib qo‘yishi va to‘g‘ri borayotgan yo‘ldan chalg‘itishi mumkin. Shahzodda katta potentsial bor. Biz unga ishonamiz. U hozir Bangladesh, Xitoy, Indoneziyani o‘ylab o‘tirmasdan iloji boricha yuqoriga o‘sishga harakat qilish kerak.

shipilov3_1

-  Shuningdek, yaqinda O‘zbekiston Kubogi bahslariga ham qur’a tashlangandi. “Metallurg” joy olgan guruh haqida nima degan bo‘lardingiz?

-  Guruhimiz super. Qur’a tashlashdan oldin guruhimizga tushadigan bir jamoani oldindan ko‘nglim sezgandi. Bu juda qiziqarli to‘qnashuv bo‘ladi.

-  Ayting-chi, jamoangizdagi jiddiy va hazilkash futbolchilar kimlar?

-  Jiddiysi Tojiev, quvnoqlari Andreev, Chumak, Lobanov va Ismatullaev. Yana bir jiddiy o‘yinchi bu - Quttiboev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!