Angliya Husanovni tan oldi
Angliya Premer-ligasining to‘rtinchi turi qiziqarli o‘tgan uchrashuvlarga boy bo‘ldi. Ligada qatnashayotgan 20 ta jamoadan faqatgina amaldagi chempion “Liverpul” ochko yo‘qotishlarsiz yurishda davom etmoqda.
To‘rtinchi turdan keyin kuchli to‘rtlikdan joy olgan jamoalar – “Liverpul”, “Arsenal”, “Tottenxem” va “Bornmut” o‘z uchrashuvlarini g‘alaba bilan yakunladi.
Markaziy uchrashuvlardan biri Manchester derbisi bo‘ldi. Xosep Gvardiola boshchiligidagi “Manchester Siti” futbolchilari o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida “Manchester Yunayted” darvozasiga javobsiz uchta to‘p kiritib, mehmonlar ustozi Ruben Amorimning kursisini qimirlatib qo‘ydi.
Shu kuni “shaharliklar” hujumkor o‘yin namoyish qildi va Erling Xoland, Jeremi Doku hamda Fil Foden uchligi “Yunayted” himoyasini yanchib tashladi. “Manchester Yunayted”ga katta summa evaziga olib kelingan hujumkor yulduzlar esa, mezbonlar himoya chizig‘ini yorib o‘tolmadi. Ayniqsa, o‘ng qanotda o‘ynagan Abduqodir Husanov juda zo‘r o‘ynab, Xosep Gvardioladan tortib, muxlisu mutaxassislargacha bo‘lgan qatlam ishonchini oqladi.
Statistikaga ixtisoslashgan dunyoga mashhur Whoscored portali to‘rtinchi tur yakunlari bo‘yicha Angliya Premer-ligasining haftalik ramziy terma jamoasini tuzib chiqdi. Quvonarlisi, eng zo‘r o‘yinchilar qatorida 21 yoshli legionerimizga ham joy ajratildi.
Ushbu manba Husanovning “Manchester Yunayted”ga bilan derbidagi harakatlarini 7,9 ballga baholangan. Bu ko‘rsatkich unga ramziy tarkibda munosib o‘rin topish imkonini berdi.
Whoscored talqiniga ko‘ra, APLning 4-tur ramziy jamoasi quyidagicha shakllandi:
Darvozabon:
Rubin Rufs (“Sanderlend”, 8.4 ball).
Himoyachilar:
Abduqodir Husanov (“Manchester Siti”, 7.9), Mikki van de Ven (“Tottenxem”, 8), Tayron Mings (“Aston Villa”, 7.8), Jeyms Garner (“Everton”, 7.7).
Yarim himoyachilar:
Noni Madueke (“Arsenal”, 8.5), Mozes Kaysedo (“Chelsi”, 7.9), Martin Subimendi (“Arsenal”, 8.7), Jeremi Doku (“Manchester Siti”, 8.3).
Hujumchilar:
Erling Xoland (“«Manchester Siti”, 9.4), Viktor Dyokeresh (“Arsenal”, 7.9).
Endi “Manchester Siti” navbatdagi uchrashuvini 18 sentyabr kuni Evropa Chempionlar ligasi umumiy guruhi birinchi turida “Napoli”ga qarshi o‘tkazadi. Abduqodir Husanov ishtirok etishi kutilayotgan bu bahs “Etixad” stadionida bo‘ladi.
Xosep Gvardiola shogirdlari Angliya Premer-ligasining beshinchi turida London shahrida “Arsenal” mehmoni bo‘ladi. Bu bahs 20 sentyabr sanasiga qo‘yilgan.

Fikrlar