Angliya klubi bittada "Real"ning ikki futbolchisini oldi

  • 04.08.2026 08:10
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Ispaniyaning yetakchi klublaridan biri – "Real" tarkibida tarbiya topgan ikki yosh futbolchi bir vaqtning o‘zida Angliyaga yo‘l oldi. Hujumchi Gonsalo Garsiya va yarim himoyachi Sesar Palasios Londonning "Fulxem" jamoasi bilan shartnoma imzoladi.

Angliya klubi rasmiy saytida berilgan ma'lumotga ko‘ra, har ikki futbolchi bilan tuzilgan kelishuv 2031 yil yozigacha mo‘ljallangan. Shu bilan birga, shartnomani yana bir mavsumga uzaytirish imkoniyati ham nazarda tutilgan.

Ma'lumotlarga qaraganda, Gonsalo Garsiya uchun "Fulxem" 40 million yevro to‘laydi, shuning ustiga yana 2 million yevro miqdorida bonuslar ham ko‘zda tutilgan. Sesar Palasiosning transferi esa londonliklarga 10 million yevroga tushgan. Shu bilan birga, kelajakda Palasios boshqa klubga sotilsa, "Real" uning keyingi transferi summasidan 30 foiz ulush oladi.

Har ikki futbolchi "Real" akademiyasi tarbiyalanuvchilari hisoblanadi. 22 yoshli Garsiya asosiy jamoa safida turli musobaqalarda jami 51 o‘yin o‘tkazib, 13 ta gol urgan. 21 yoshli Palasios esa asosiy tarkibda yettita uchrashuvda maydonga tushishga ulgurgan.

"Fulxem"dagi bu o‘zgarishlar klub bosh murabbiyi lavozimidagi yangilanishlar fonida kechmoqda. Iyul oyida jamoani ispaniyalik mutaxassis Alvaro Arbeloa qabul qilib oldi. U 2026 yil yanvaridan iyunigacha "Real"ning bosh murabbiyi sifatida faoliyat yuritgan edi.

Arbeloa qo‘l ostida madriddliklar Ispaniya chempionatida ikkinchi o‘rinni egallab, g‘olib "Barselona"dan sakkiz ochkoga orqada qolgan. Endi u Londonda ham aynan o‘zi yaxshi taniydigan yosh futbolchilar bilan yangi loyiha boshlamoqda.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!