Angliyaning to‘rtta klubiga "Bavariya" yulduzi kerak
Kanada terma jamoasi va myunxenlik «Bavariya»ning tezkor flang himoyachisi Alfonso Devisga Angliya premyer-ligasining bir nechta yetakchi klublari jiddiy qiziqish bildirmoqda.
Bu haqida insayder Ekrem Konur ijtimoiy tarmoqlarda xabar tarqatdi.
Ma'lumotlarga ko‘ra, Devis uchun bir vaqtning o‘zida to‘rt klub kurashga tayyor. Unga «Manchester Yunayted», «Manchester Siti», «Liverpul» va Londonning «Arsenal» jamoalari nazar tashlamoqda.
Avvalroq kanadalik futbolchiga Ispaniyaning ikki grandi — madriddlik «Real» va kataloniyalik «Barselona» ham qiziqayotganligi haqida xabarlar tarqalgan edi.
Manbalarga ko‘ra, Devisning ehtimoliy transferi 45 million yevro atrofida baholanmoqda. Hozirgi paytda himoyachining «Bavariya» bilan amaldagi shartnomasi 2030 yilning o‘rtalarigacha mo‘ljallangan.

Fikrlar