Anvar Berdiev: "Bu jamoa uchun katta minus"

  • 22 avgust, 2024, 09:21
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Pro liganing 17-turida G‘uzorning “Sho‘rtan” klubi o‘z maydonida Toshkentning “Do‘stlik” jamoasini qabul qildi. Kutilganidek, ustunlikka erishgan “Sho‘rtan” bu uchrashuvda g‘alaba qozondi va muxlislarini xursand qildi.

Tecno

Ushbu g‘alabadan keyin g‘uzorliklar turnir jadvalida 3-o‘ringa ko‘tarilib oldilar. Bellashuvda so‘ng “Sho‘rtan” bosh murabbiyi Anvar Berdiev bir qator savollarga javob qaytardi.

- Tabrik uchun rahmat. Oson bo‘lmagan o‘yinda g‘alabaga erishdik. Bilasizlar, pro ligada har bir uchrashuvda har bir ochko uchun keskin jang bo‘lyapti, desa ham bo‘ladi. Yana bir bor qaytaraman: oson bo‘lmagan bellashuvda g‘alabaga erishdik. Futbolchilarimga rahmat.

- Ikkinchi davra boshlanganidan beri bitta durang, bitta mag‘lubiyat va bitta g‘alaba bo‘ldi. “Sho‘rtan”ni maqsadlaridan kelib chiqilsa, bu  natijani qanday baholaysiz?

- Startda jamoa o‘z uyida mag‘lubiyatga uchrasa bu eng yomoni. Ikkinchi davrani birinchi o‘yinida “Buxoro”ga yutqazganimiz juda alamli bo‘ldi. Endi orqaga qarash kerak emas. Oldinga intilishda davom etishimiz kerak. Yo‘qotilgan ochkolarni boshqa o‘yinlarga tayyorgarlik ko‘rib, qo‘lga kiritishimiz lozim.

- “Do‘stlik” oxirgi o‘rinda. Bundan tashqari, qizil kartochka ko‘rsatildi. Turnir jadvalidagi o‘rni va futbolchining maydondan chetlatilganini inobatga olsak, “Sho‘rtan” oson g‘alabaga erishishi kerak, degan tushuncha paydo bo‘ldi.

- To‘g‘ri aytasiz. Shu narsa futbolchilarimizga o‘yin boshidan ta’sir qildi. 15-20 daqiqa davomida yigitlarimiz oson g‘alabaga erishamiz, deb o‘ylashdi, shekilli. Hakam o‘yin boshlanganini bildiruvchi hushtagini chaldimi, o‘yinchilar jon-jahdi bilan kurashishi shart. Aks holda uchrashuv davomida o‘yinga moslashish juda qiyin kechadi. Shuning hisobiga “Do‘stlik” bilan bahsda birinchi golni o‘tkazib yubordik. Lekin futbolchilarimga rahmat, oxirigacha kurashib, o‘zimiz uchun kerakli natijaga erishdik.

- Muxriddin Zoirov birinchi bo‘limdan keyin almashtirildi. Bu charchog‘i bilan bog‘liqmi yoki o‘yini chiqmadimi?

- Zoirov mavsum boshidan beri har o‘yinda asosiy tarkibda o‘ynayapti. Futbolchilarda charchoq bo‘ladi. Xudo xohlasa, Zoirovni hali jamoamizga ko‘p yordami tegadi, deb o‘ylayman.

- Jasur qo‘li bilan gol urgach, unga qizil kartochka ko‘rsatildi, ikkinchi sariq oldi. Bu vaziyat haqida nima deysiz? U to‘g‘ri qaror qabul qildimi? Jamoani “tupik”ka tiqib qo‘ymadimi?

- Albatta, bu jamoa uchun katta minus hisoblanadi. Chunki futbolchi sariq kartochkasi borligini bilib turib ham bunday o‘ynash...Futbolchi bu narsani o‘zi tushunib etishi kerak. Siz aytganingiz bilan futbolchi bajarmasa bu murabbiyga qiyinchilik tug‘diradi. Buni men oqlamayman. Negaki, bizni maydonda 10 kishi qoldirib, jamoani qiyin vaziyatga tushirib qo‘ydi.

- Keyingi bahs “Mash’al”ga qarshi kechadi. Har ikkalasiga ham ochko muhim. Shundan kelib chiqilsa, bu o‘yin qanday bo‘ladi, deb o‘ylaysiz?

- Bilasizlarmi, “Mash’al” bilan derbi maqomiddagi o‘yin har doim derbi bo‘lib kelgan. Boshqacha o‘tishiga hamma o‘rganib ham qolgan. Chunki derbida oson uchrashuvlar bo‘lmaydi. Boshqa klublarga qarshi qanday tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lsak, “Mash’al”ga ham shunday tayyorlanamiz. Bu o‘yinimizni ko‘rib, tahlil qilib, futbolchilarga tushuntiramiz. Xudo xohlasa, “Mash’al”ga qarshi yaxshi tayyorgarlik ko‘ramiz.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!