Arbeloa hakam qarorlaridan norozi: "Tchuamenining diskvalifikatsiyasi — jiddiy yo‘qotish"
"Real" bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa "Bavariya"ga qarshi Chempionlar ligasi chorak finali ilk bahsidagi (1:2) hakam Maykl Oliver qarorlarini tushunmaganini aytdi.
Madriddagi uchrashuvda Orelien Tchuameni 37-daqiqada Maykl Olise bilan kontaktdan so‘ng sariq kartochka oldi va kartochkalar yig‘indisi sabab Myunxendagi javob o‘yinini o‘tkazib yuboradi.
Shuningdek, 70-daqiqada Jonatan Ta Kilian Mbappening oyog‘iga orqa tomondan butsisi bilan bosgani uchun ogohlantirildi. Arbeloa ushbu vaziyatda sariq emas, qizil kartochka bo‘lishi kerak edi, deb hisoblamoqda.
"Tchuamenining diskvalifikatsiyasi — jiddiy yo‘qotish. Hakam bu vaziyatda qanday qilib sariq kartochka ko‘rsatganini tushunish qiyin. Shunga qaramay, bizda ishonchli variantlar bor.
Bundan tashqari, Mbappega nisbatan qo‘pol fol uchun nega chetlatish bo‘lmaganini ham tushunmayman. Bu — izohlash qiyin bo‘lgan qarorlar", — dedi ispaniyalik mutaxassis.

Fikrlar