Argentina FIFA tomonidan jarima va diskvalifikatsiyaga uchradi

  • 21.08.2026 20:04
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Futbol boʻyicha jahon chempionati–2026 uchrashuvlarida kuzatilgan mojaroli holatlar uchun FIFA Disciplinar qoʻmitasi Argentina terma jamoasiga nisbatan qator jazo choralarini qoʻlladi, deb xabar bermoqda Sports.kz FIFA matbuot xizmatiga tayanib.

FIFA maʼlumotiga koʻra, tegishli materiallar atroflicha oʻrganilgandan soʻng, jahon chempionati–2026 doirasida oʻtkazilgan bir qator oʻyinlarda qayd etilgan qoidbuzarliklar boʻyicha quyidagi qarorlar qabul qilingan:

Argentina futbol assotsiatsiyasi (AFA) jami 321 ming AQSh dollari miqdorida jarimaga tortildi. Jazo FIFA Disciplinar kodeksining bir nechta moddalar buzilgani uchun qoʻllandi: 13-modda, 2-qism «c» bandi (sport musobaqasidan nosport xarakterdagi namoyishlar uchun foydalanish), 14-modda, 5-qism (jamoaning nomunosib xulq-atvori), 15-modda (diskriminatsiya va irqchilikka oid haqoratlar) — muxlislar tomonidan aytilgan haqoratli, diskriminatsion shior va ishoralar uchun, shuningdek 17-modda (oʻyinlarda tartib va xavfsizlikni taʼminlash) boʻyicha.

Bundan tashqari, FIFA Disciplinar kodeksining 15-moddasi buzilgani sababli AFA oʻz maydonidagi keyingi ikki uchrashuvni muxlislar sonini 50 foizgacha cheklagan holda oʻtkazishga majbur etildi.

Qoʻmitaning qarorlarida qayd etilishicha, jami jarima summasidan 100 ming dollar majburiy tarzda diskriminatsiyaga qarshi kurash dasturlarini amalga oshirishga yoʻnaltiriladi. Jazoning bir qismi — ikki oʻyindan biriga qoʻllangan diskvalifikatsiya va 100 ming dollar jarima — shartli ravishda, sinov muddati bilan qoʻllanadi.

Shuningdek, 19 iyul kuni New York New Jersey Stadium arenasida boʻlib oʻtgan Ispaniya va Argentina terma jamoalari oʻrtasidagi jahon chempionati–2026 finalida sodir boʻlgan voqealar yuzasidan FIFAning intizom va etika masalalari boʻyicha prokurori hisoboti koʻrib chiqildi. Unga asosan Disciplinar qoʻmita quyidagi jazolarni belgiladi:

Leandro Paredes (oʻyinchi) — 10 oʻyingacha diskvalifikatsiya va 90 ming dollar jarima;

Nauyel Molina (oʻyinchi) — 7 oʻyingacha diskvalifikatsiya va 90 ming dollar jarima;

Tyago Almada (oʻyinchi) — 1 oʻyingacha diskvalifikatsiya va 30 ming dollar jarima;

Roberto Ayala (murabbiylar shtabi aʼzosi) — 3 oʻyingacha diskvalifikatsiya va 30 ming dollar jarima;

Pablo Martin Paes Gavira (oʻyinchi) — 1 oʻyingacha diskvalifikatsiya va 30 ming dollar jarima.

FIFA Disciplinar kodeksining 69-moddasi 2a va 3-bandiga muvofiq, ushbu diskvalifikatsiyalar tegishli terma jamoalarning keyingi rasmiy uchrashuvlariga tatbiq etiladi, deya qayd etilgan FIFA rasmiy bayonotida.

Eslatib oʻtamiz, jahon chempionati–2026 davomida Argentina terma jamoasi muntazam qoʻpol oʻyin va nosport xulq-atvori uchun keskin tanqidga uchragan edi. Jamoa aʼzolarining musobaqaning hal qiluvchi pallalarda oʻzini yoʻqotib qoʻyishi, shuningdek, argentinalik muxlislarning irqchilik va diskriminatsion shiorlari, yarim finalda siyosiy mazmundagi bannerlar koʻtarilishi xalqaro futbol jamoatchiligi noroziligiga sabab boʻldi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!