Argentinalik afsonaviy tennischi katta sport bilan xayrlashdi
Argentinalik tennischi Xuan Martin del Potro katta tennis bilan xayrlashganini e’lon qildi.
Dunyoning sobiq uchinchi raketkasi Buenos-Ayresda bo‘lib o‘tayotgan Argentina ochiq chempionatining birinchi davrasida hamyurti Federiko Delbonisga 1:6, 3:6 hisobida imkoniyatni boy berdi va o‘yindan so‘ng o‘z qarorini malum qildi.
“Bugun men kuchimni so‘nggi qismigacha ishlatdi. Xayrlashuvim matbuot anjumani xonasida emas, kortda bo‘ldi va men shuni xohlardim. Buni qabul qilish oson emas, ammo tanamdagi og‘riqlar bilan o‘ynash juda qiyin. Men tizzamdagi og‘riqqa echim topishim, hayotim haqida o‘ylashim, men og‘riqsiz yashashim kerak.
Faoliyatim davomida sport tarixidagi eng yaxshilar bilan birga bo‘lganimdan xursandman va erishganlarimdan faxrlanaman. Bu lahzani umrim davomida unutmayman. Men tennisdagi barcha orzularimga etdim va xalq mehrini qozondim. Bu men uchun eng yaxshi sovrin. Xalq qarshisida o‘ynaganimdan xursandman”, — dedi so‘nggi o‘yindan so‘ng ko‘z yoshlarini tiya olmagan 33 yoshli argentinalik.
Ma’lumot uchun, del Potro karerasi davomida 439 g‘alabaga erishib, 173 bor mag‘lubiyatga uchragan. Uning hisobida 22 ta titul bor.



Fikrlar