"Arsenal" mundialda o‘ynagan futbolchini qimmatga sotib oladi
Angliyaning amaldagi chempioni «Arsenal» klubi yangi mavsum oldidan Braziliya terma jamoasi yarim himoyachisi Bruno Gimarainsni jamoaga qo‘shish niyatida.
Jurnalist Ben Jeykobsnig ijtimoiy tarmoqlarda xabar berishicha, londonliklar «Nyukasl»ga 65 million funtlik taklif yo‘llagan, ammo rad javobini olgan. Shunga qaramay, «Arsenal» 28 yoshli markaziy yarim himoyachidan voz kechishni rejalashtirmayapti.
London klubi hozirda 70 million funtdan ortiq (amaldagi kurs bo‘yicha 80 million evrodan ziyod) miqdorda yangi taklif tayyorlamoqda.
Gimarains 2022 yil yanvaridan beri «Nyukasl» sharafini himoya qilib kelmoqda.
Jahon chempionatida Bruno Braziliya terma jamoasi tarkibida barcha besh uchrashuvda maydonga tushdi, to‘rtta golli uzatma amalga oshirdi, ammo 1/8 final bosqichida Norvegiyaga qarshi o‘yinda penalti ni aniq ijro eta olmadi. Ushbu bahsda «selesao» 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.

Fikrlar