“Arsenal” raqib rekordini "bo‘g‘ib” qo‘ydi
“Kanonirlar” 2025 yilni g‘alaba bilan yakunlab, birinchi o‘rindagi mavqeini mustahkamlagan bo‘lsa, “Aston Villa” bundan 111 yil avval qayd etilgan rekordni yangilash imkonini qo‘ldan chiqardi.
Angliya Premier-ligasining 19-turida musobaqa peshqadami “Arsenal” uchinchi o‘rinda borayotgan “Aston Villa”ni qabul qilib, raqib ustidan 4:1 hisobida zafar quchdi.
Gap shundaki, Londondagi mag‘lubiyat birmingemliklarning 11 uchrashuvdan iborat bo‘lgan g‘alabali seriyasini to‘xtatdi.
Statistika ekspertlarining ta’kidlashicha, “Aston Villa” o‘z tarixida ilgari faqat ikki marotaba g‘alabali seriyasi qayd etgan bo‘lib, bu holat 1897 va 1914 yillarda kuzatilgan va o‘sha mavsumlarda ham jamoa qatorasiga 11 tadan o‘yinni o‘z foydasiga hal qilgan.
Unai Emeri bosh murabbiyligidagi jamoaning bu seriyasi Yevropa Ligasi umumiy bosqichining 4-turida “Makkabi” ustidan 2:0 hisobidagi g‘alabadan boshlangan. Shundan so‘ng, birmingemliklar xalqaro turnir davomida “Yang Boyz” va “Bazel”ni bir xil – 2:1 hisobida yengdi.
Angliya Premier-ligasi doirasidagi bahslarda “Bornmut” (4:0), “Lids Yunayted” (2:1), “Vulverxempton” (1:0), “Brayton end Xouv Albion” (4:3), “Arsenal” (2:1), “Vest Xem Yunayted” (3:2), “Manchester Yunayted” (2:1) va “Chelsi” (2:1) ustidan g‘alabalar qo‘lga kiritildi.
Fikrlar