“Arsenal” yulduzini so‘ragan “Real”ning umidi puchga chiqdi
“Real” joriy mavsum yakunlangach, yozgi transferlar oynasi davrida tarkibida jiddiy o‘zgarishlarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Joriy mavsumda murabbiylar shtabi himoya chizig‘ida ko‘p muammoga duch keldi. Buning oqibatida klub rahbariyati mudofaaga yangi ijrochilarni olib kelish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashga majbur bo‘lmoqda.
“Qirollik klubi” sport bo‘limi mutaxassislari yozda transfer qilish uchun “Arsenal” klubidan Gabriyel bo‘yicha ma’lumotlarni so‘radi. Bu haqida jurnalist Grem Beyli xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, “kanonirlar” yaqin orada bu futbolchini olish imkoni yo‘qligi, o‘tgan yili braziliyalik futbolchi klub bilan kelishuvini uzaytirganini “Real”ga ma’lum qildi.
Qolaversa, London klubida Gabriyel asosiy futbolchilardan biri hisoblanadi. Transfermarkt mutaxassislari 28 yoshli himoyachini 75 million yevroga baholagan. Uning amaldagi shartnomasi 2029 yil o‘rtasigacha mo‘ljallangan.

Fikrlar