Arteta mashg‘ulotda yana noodatiy usuldan foydalandi
"Arsenal" bosh murabbiyi Mikel Arteta mashg'ulotlardagi noodatiy yondashuvlari bilan yana e'tibor markaziga tushdi.
Bir necha oy avval matbuotda Arteta futbolchilarning diqqatini oshirish uchun hatto cho'ntakkesarlarni yollagani haqida xabarlar tarqalgan edi. Maqsad jamoaga har doim kontsentratsiyani saqlash qanchalik muhim ekanini ko'rsatish bo'lgan.
Endi esa ommaviy axborot vositalari dushanba kungi mashg'ulotda bajarilgan yana bir qiziq mashqni muhokama qilmoqda. Futbolchilar guruhlarga bo'lingan holda yozish uchun mo'ljallangan ruchkalarni birgalikda ushlab turishgan. Shu paytning o'zida ular to'pni ham nazorat qilishgan. Avvaliga bu oyoq bilan bajarilgan bo'lsa, keyinroq bosh bilan ham davom ettirilgan.
Ko'rinishidan, Arteta bu mashq orqali futbolchilarni bir vaqtning o'zida ikki narsaga e'tibor qaratishga o'rgatmoqchi.
Hozirda "Arsenal" Angliya Premer-ligasi jadvalida peshqadam bo'lib turibdi va klub 2004 yildan beri ilk bor chempion bo'lish imkoniyatiga ega.
Fikrlar