Arveladze amallagan ish yoxud “Paxtakor”ning chempionlikkacha bosib o‘tgan yo‘li
Superliganing 20-turida “Paxtakor” muddatidan avval chempionlikni naqd qildi. Shota Arveladze ikki yarim mavsumdan so‘ng titul sohibiga aylandi.
2017 yilning yozida “Paxtakor” murabbiyligini qabul qilib olgan gruziyalik mutaxassis ancha qiyinchiliklarni boshidan o‘tkazdi. Arveladze legionerlar va mahalliy futbolchilar bilan dastlabki urinishda bronza medallariga ega chiqdi. Keyingi mavsum “sherlar” har qancha harakat qilishmasin “Nasaf”dan o‘tishsa ham “Lokomotiv”ga eta olishmadi. Bu orada “Paxtakor” o‘zining asosiy ta’qibchisi qarshiliklarning etakchi futbolchilarini o‘z safiga qo‘shib oldi. Biroq chempionlik uchun bu ham kamlik qildi. Klub rahbariyatini natijalar qoniqtirmadi.

So‘ng Shota Arveladze oxirgi yo‘l – chempionning etakchi futbolchilarini jamoaga jalb etdi. Xorijda yurgan Dostonbek Hamdamovni ortga qaytardi. Bu urinishlar oxir-oqibat mevasini berib, jamoa muddatidan avval chempionlikka erishdi. O‘zbekiston Kubogi finaliga yo‘l oldi. Liga kubogida yurishni davom ettirmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, “Paxtakor” ayni paytda yurtimizdagi eng qudratli jamoaga aylandi.
Shu darajaga etish uchun poytaxtliklar eng kuchlilarni tortib olaverishdi. Natijada boshqa raqobatchilar kuchsizlandi. “Lokomotiv” asosiy o‘yinchilaridan ayrildi. Bir yil avval “Nasaf” shunday holatga tushgandi. Qolaversa, jamoaning o‘zi yoshlarga e’tibor bermadi. Umidli sanalgan Jasurbek Yaxshiboev zaxiraga mixlandi. Undan tashqari Arveladze natija yo‘lida boshqa yoshlarga imkoniyat deyarli bermadi. Faqatgina Hojiakbar Alijonov bundan mustasno. U ham hozirgi darajaga omadi kelgani uchun chiqdi. Chunki “sherlar” Alijonovning pozitsiyasiga Akmal Shorahmedovni olib kelishgandi. Shorahmedov Olmaliqqa ketgani uchun Hojiakbarda o‘zini ko‘rsatish uchun imkon paydo bo‘ldi va murabbiyning ishonchini oqladi...

Shota Arveladzening futbolimizga olib kirgan yangiliklari ham yo‘q emas. Xorijlik mutaxassis stadion maysalarining yaxshilanishida asosiy rol o‘ynadi. Uning tanbehlaridan so‘ng ayrim arenalarning maysalari yangilandi. Moliyaviy jihatdan baquvvat “Paxtakor” jamoasining moddiy-texnik ba’zasi zamonaviy talablarga moslashtirildi. Mashg‘ulotlarda eng oxirgi texnologiyalardan foydalanilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, Shota Arveladze “Paxtakor”da nafaqat murabbiylik, balki menejerlik ham qildi. Jamoadagi tashkiliyjarayonlarga bosh-qosh bo‘ldi. Eng asosiysi, muxlislar jamoadan kutgan o‘yinni shakllantirdi. “Paxtakor” birinchi o‘rinni munosib tarzda qo‘lga kiritdi. “Sherlar” 2015 yildan so‘ng “Lokomotiv”ning ketma-ket 3 yillik hukmronligiga barham berib, yana taxtga qaytishdi. Jamoa 12-bor mamlakat chempionligini qo‘lga kiritdi.




Fikrlar