"AS": "Sodiqov Panama jamoasining butun tizimini buzdi. Shuningdek, Husanov boshchiligidagi milliy jamoa kelasi yil JChda ishtirok etadi"
Xabaringiz bor, kecha Islombek Ismoilov boshqaruvidagi O‘zbekiston U-17 terma jamoamiz Jahon chempionati guruh bosqichining 3-turida Panama bilan kuch sinashib, 6:1 hisobida muvaffaqiyatga erishdi. Ushbu uchrashuvdan so‘ng Evropaning ko‘plab mashhur nashrlari terma jamoamiz haqida iliq fikrlar bildirib, alohida e’tirof etdi.
Barchaga tanish bo‘lgan "AS" nashri ham o‘smirlar terma jamoamizning so‘nggi uchrashuvini kichik tahlil qilib, alohida jihatlarimizni ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekiston milliy terma jamoamizning Jahon chempionatidagi ishtirokini ham eslab o‘tdi.
"Panama mundialda tarixiy mag‘lubiyatga uchradi, O‘zbekiston esa guruhda ikkinchi o‘rinni egalladi.
Panama katta terma jamoasi bilan yaxshi natijalar qayd etsa ham, yoshlar termasi tarixdagi eng yomon Jahon chempionati ishtiroklaridan birini o‘tkazdi. U-17 jamoasi Qatardagi Jahon chempionatida O‘zbekistonga 1:6 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
Jamoa guruh bosqichida uchta uchrashuvdan birorta ochko ham qo‘lga kirita olmadi. Himoya va hujumda samarasizlik natijasida gollar farqi -9 (3 ta urilgan/12 ta o‘tkazilgan) bo‘ldi, so‘nggi uchrashuv statistikani yanada og‘irlashtirdi.
Argentinalik murabbiy Leonardo Pipino boshchiligidagi jamoa guruh bosqichining uchinchi turida natijani yaxshilay olmadi va eng oxirgi o‘rinni saqlab qoldi. Shuningdek, ikkinchi taymda 45 daqiqada 6 ta gol o‘tkazib, mundialdagi fojiani tasdiqladi. Gollar 48-daqiqadan boshlab, ayrimlari o‘rtasida faqat 3 daqiqa farq bilan bo‘ldi.
Statistikadan farqli ravishda, maydonda raqobat biroz teng edi: O‘zbekiston 7 ta zarba berdi, Panama esa 6 ta tepdi. Ammo yosh futbolchi Sodiqov o‘ng qanotdan Panama jamoasining butun tizimini buzdi: u bitta gol urdi, bitta golli pas berdi va jamoasining o‘yinini boshqardi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston U-17 jamoasi guruhda ikkinchi o‘rinni egalladi. Bu Osiyo mamlakati uchun futbolda ulug‘ bir burilish hisoblanadi.
"Manchester Siti"ning yosh himoyachisi Abdukodir Xusanov boshchiligida O‘zbekiston terma jamoasi kelasi yil katta jamoa bilan birinchi marta Jahon chempionatida ishtirok etadi", - deyilgan xabarda.



Fikrlar