
Asror Aliqulov: "Murtazoev o‘zini tiyishi kerak edi"
Bugun pro liganing 12-turidagi markaziy o‘yinda “Mash’al” klubi o‘z uyida “Buxoro”ni qabul qildi va yagona gol evaziga mezbonlar muhim g‘alabani qo‘lga kiritdilar. Ushbu uchrashuvdan so‘ng “Mash’al” bosh murabbiyi Asror Aliqulov matbuot anjumanida bir qancha savollarga javob berib o‘tdi.
- Bugun ishonchli o‘yin ko‘rsatgan bo‘lsak, demak to‘p nazoratini saqlash hamda ma’noli o‘yin uchun yigitlarga minnatdorchilik bildiraman. “Mash’al” muxlislarini g‘alaba bilan tabriklayman. Aytish mumkinki, pro ligadagi eng kuchli jamoalardan birini kichik hisobda bo‘lsa ham mag‘lubiyatga uchratdik.
- Zaxiradan ikkita o‘yinchi tushirildi. Bugun Babatundega imkoniyat berilmadi. Legionerlarga ko‘proq izoh bersangiz. Ular nimaga zaxiradan maydonga tushirilyapti. Nega asosiy tarkibda emas?
- Babatunde hujumkor o‘yinchi. “Buxoro” jamoasini oladigan bo‘lsak, takribidagi futbolchilarning yoshi 30 dan yuqori. Oddiy hujumlar bilan, qanaqadir bog‘lam va ishlanmalar qilmasak gol urish qiyin. Babatunde bilan til masalasida qiyinchilik tug‘diryapti. Oxirlarida ikkinchi hujumchini tushirdik. Bu “Buxoro” uchun kutilmagan holat bo‘ldi. Biz o‘sha hujumchimiz orqali ko‘p hujumlar qildik. Bu Javohirning eng yaxshi o‘yinlaridan biri.
- Xumoyun Murtazoevga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka ko‘rsatilgan vaziyatga siz ham aralashdingiz, e’tirozlar bildirdingiz. Qizil kartochkaga munosabatingiz qanday?
- Ikki futbolchimizni “Sho‘rtan” bilan o‘yinda yo‘qotgandik. Chetda turgan hakam birorta vaziyatda aralashib bizning foydamizga yoki “Sho‘rtan”ning zarariga biror marta hech nima qilgani yo‘q. Lekin bugungi uchrashuvda chetda turgan hakam fikr bildiryapti. Xumoyun masalasida bu holatda biz jazolandik. Yiqilgan futbolchini “Buxoro” o‘yinchisi turtganidan keyin Xumoyun uning tarafini olish uchun bordi. Qizilga tortadigan vaziyat bo‘ldi yoki bo‘lmadi, deya olmayman. Hakamlar haq. Shuning uchun Murtazoev o‘zini tiyishi kerak edi. Xissiyotlar bo‘ldi. G‘anixonovni himoya qilish uchun bordi. O‘ylaymanki, himoyachi yaxshi rol o‘ynab bera oldi, deyish mumkin.
- Bu mavsumda pro ligada “Buxoro” kuchlimi yoki “Mash’al” kuchlimi?
- Kuchli yoki kuchsizligimiz o‘sha kungi o‘yin holatimizdan kelib chiqadi. Tarkib bo‘yicha oladigan bo‘lsak, so‘zsiz “Buxoro” tarkibi kuchli. Lekin bugungi uchrashuvda futbolchilarimiz yaxshi o‘yin ko‘rsatishdi. Keyingi bellashuvlarda ham ulardan shunaqa ishonchli o‘yin kutamiz. O‘zimizni kuchsiz deya olmayman. Futbolchilarda o‘sish bor, maydonda borini berishyapti. O‘yin nazoratida va barqarorlik bo‘yicha ancha ishlashimiz kerak.
- 80-daqiqagacha umuman o‘zgarish qilmadingiz. Sababi nimada?
- Sababi, ko‘p uzun paslar bilan o‘ynayapti, kirishib ketish qiyin. Ikkinchi qavatda bosh bilan o‘ynaydigan futbolchilarimiz zaxirada yo‘qligi uchun ham zaxiradan tushirmadik.
- “Sho‘rtan”ga qarshi uchrashuvda provokatsiya evaziga yutqazganingiz haqida aytgandingiz. Bugun ham shunday holatlar bo‘ldi. Jamoa bunday provokatsiyalarga qanchalik tayyor?
- “Sho‘rtan” bilan o‘yinda bu narsaga urg‘u berdik. Hakamning raqib foydasiga mayda follarga e’tiborsizlik qilishini oldindan kutgandik, shunaqa holat ham bo‘ldi. Biz provokatsiyaga uchradikmi, demak, biz bunga tayyor emas ekanmiz. 3 ta o‘yinchini yo‘qotdik va yana bir futbolchimiz to‘rtinchi sariq kartochkasini oldi va 4 o‘yinchimiz keyingi uchrashuvda yordam bera olmaydi.
- “Mash’al” Kubok bahsida “Qizilqum”ga qarshi o‘ynaydi. Har bir murabbiy finalgacha etib borish uchun o‘ziga qulay, osonroq raqib tushishini xohlaydi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, “Qizilqum”ning tushganligi yaxshimi yoki boshqa jamoani kutganmidingiz?
- Bu bosqichda birinchi ligadan bitta jamoa qatnashadi. Qur’a baribir qur’a. Baquvvat jamoa, tezkor futbolchilarga ega. Superligada o‘rtamiyona, aytish mumkinki, o‘ziga yarasha kuchli. Qiziqarli o‘yin bo‘ladi. Yaxshi legionerlarga ega. Baribir biz keyingi bosqichga chiqishga harakat qilamiz.
Fikrlar