
Asror Aliqulov: "Sho‘rtan"ning maqsadi Superligaga qaytish, ammo tarkib masalasida shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ydik
“Sho‘rtan” klubi Coca-Cola O‘zbekiston Kubogi 1-bosqichida safarda “Turon” bilan bellashib, penaltilar seriyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan holda 2-bosqichga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Endi g‘uzorliklar keyingi bosqichda Farg‘onaning “Neftchi” jamoasini qabul qiladilar.
Xabaringiz bor, “Sho‘rtan” klubini o‘z vaqtida O‘zbekiston milliy terma jamoasida to‘p surgan, taniqli sobiq futbolchi Asror Aliqulov boshqarib bormoqda. Uning oldiga esa aniq vazifalar qo‘yilgan. “Turon”ga qarshi o‘tkazilgan bellashuvdan so‘ng ushbu murabbiy Sports.uz muxbirining bir qator savollariga javob berdi.
- “Sho‘rtan” ushbu yildagi ilk rasmiy o‘yinini O‘zbekiston Kubogi doirasida o‘tkazdi va unda “Turon”ni penaltilar seriyasida mag‘lub eta oldi. Dastlab o‘yin haqidagi fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz?
- Futbolchilarga maydonga ko‘nikib ketish biroz qiyin bo‘ldi. Lekin maydonning sifati yaxshi edi. Shunga qaramay, yigitlarimiz hayajonlarini tezda engib o‘ta olmadilar. Natijada ko‘p to‘p yo‘qotishlar bo‘ldi. Baribir birinchi bo‘limda ikkita yaxshi vaziyatga ega bo‘lgandik. Balki ulardan foydalanganimizda hayajonni barvaqt ortda qoldirgan bo‘lardik. Aslida ham futbolchilarimizga raqib darvozasi oldida bosim uyushtirishni tayinlagandik. Umumiy ma’noda aytadigan bo‘lsam, o‘yin teng kurashlar ostida o‘tdi. Baribir karantinni ta’siri bo‘ldi. Ikkinchi bo‘limda jamoalar asosan ochiq o‘yin ko‘rsatishdi. “Turon” oxirgi paytlarda Superliga jamoalari bilan o‘rtoqlik uchrashuvlarini uyushtirdi. Qolaversa, ularning maqsadi jiddiyligini ham bilamiz. Ularni o‘rganib chiqqan holda raqibga o‘yin bermaslik va to‘pni o‘zimizda ushlab turishni maqsad qilgandik. Chunki karantindan so‘ng baribir to‘psiz o‘ynash qiyinda. Lekin buni uddaladik deb ayta olmayman. Qachonki, tarkibda o‘zgarishlarga qo‘l urganimizdan so‘ng to‘pni nazorat qila boshladik.
- O‘zbekiston Kubogining navbatdagi bosqichiga qur’a tashlandi va unga ko‘ra “Sho‘rtan” o‘z maydonida Farg‘onaning yana bir jamoasi – “Neftchi”ni qabul qiladi. Bo‘lajak bellashuv oldidan nima deya olasiz?
- Sakkizta jamoa bo‘lganimizdan so‘ng bir-birimizga duch kelaveramiz-da. Endi futbolchilarimizni ushbu o‘yingacha tiklashga harakat qilamiz. G‘uzorda “Neftchi”ga qarshi qiziqarli uchrashuv bo‘ladi deb o‘ylayman. Ertaga tushlikkacha manzilimizga etib olamiz va yigitlar dam oladilar. 25 iyundan esa tayyorgarlik mashg‘ulotlarini boshlaymiz.
- Ushbu o‘yingacha tiklanish uchun vaqt etarli deb o‘ylaysizmi?
- Baribir birinchi navbatda tiklanishga e’tibor qaratamiz. “Neftchi” bilan o‘yingacha esa vaqt, o‘ylaymanki etarli. Futbolchilarimiz bemalol o‘zlarini uchrashuvgacha tiklab oladilar.
- Odatda O‘zbekiston Kubogi bahslariga ancha-muncha klublar unchalik jiddiy qarashmaydi. Shu bois g‘oliblik uchun asosan 3-4 ta jamoalar da’vogarlik qiladilar. “Sho‘rtan” esa Kubok bahslarida qanday vazifa uchun kurashadi?
- Birinchi vazifamiz – bu jamoaning oldingi mavqeini tiklash. Superliga klublari bilan ko‘proq o‘ynasak, futbolchilarimizning saviyalari ham oshib boradi. Shu sababli biz ham kuchlilar orasiga qo‘shilishga harakat qilamiz. Baribir Superliga ishtirokchilariga qarshi o‘ynash boshqacha. Mayli, bu holat chempionatimizdagi ishtirokimizga biroz putur etishi mumkin. Shunga qaramay, biz Kubok bahslarida ham qatnashishni niyat qilganmiz.
- Shuningdek, “Sho‘rtan”ning asosiy maqsadi Superligaga qaytish bo‘lsa kerak-a?
- Bu ko‘p beriladigan savol. Birinchi navbatda yaxshi jamoa shakllantirmoqchimiz. “Sho‘rtan” o‘z bazasiga va yosh o‘yinchilariga ega bo‘lgan “Mash’al” emas. Albatta, baribir Superligaga chiqishga harakat qilamiz. Ammo oldinlari “Sho‘rtan” elitada qatnashgan paytlarida har yili tarkibga 12-13 ta o‘yinchi kelib o‘ynab ketavergan. Keyin esa klubning qarzdorligi ko‘payib ketgan. Klub esa birinchi navbatda poydevorini yaratib olishi lozim. Bu yil ham jamoani shakllantirishimiz, ham Superligaga chiqishga harakat qilishimiz muhim. Biz aynan mana shu ikkita maqsad sari intilamiz.
- Qo‘l ostingizdagi tarkib bunga qodir deb o‘ylaysizmi?
- Yo‘q, tarkibdan ko‘nglim to‘q emas. Bu masalada biz shoshma-shosharlik qildik. Kerakli pozitsiyalarga o‘yinchi ololmay qoldik. Avgustgacha ixtiyorimizdagi futbolchilardan foydalanamiz. Transfer oynasi ochilgach esa yangi o‘yinchilarni qidiramiz. Qashqadaryo viloyati futbol akademiyasidan ham bir nechta iqtidorlarni jalb qilganmiz.
Fikrlar