Asror Aliqulov: "Talabga ko‘ngan futbolchilar bilan ishlayapmiz"

  • 12 may, 00:29
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superliganing 9-turida “Mash’al” klubi G‘uzorda “Qizilqum”ni qabul qildi. Qiziqarli va jangovar o‘tgan uchrashuv 2:2 hisobi bilan yakun topdi. Muborakliklar bosh murabbiyi Asror Aliqulov uchrashuvdan keyin ayrim savollarga o‘z javobini aytdi.

Tecno

- O‘yinni yaxshi boshladik. “Qizilqum”ni o‘rganib chiqqandik. Bo‘ydor futbolchilar, standart holatlar, uzun paslar, ularning hujum variantlari va o‘zimizning hujum variantlarimizni o‘rgandik. Birinchi bo‘limda yaxshi hujumlar uyushtirdik, harakat qildik va gol urdik. Ikkinchi bo‘limni juda sust boshladik. Asta-sekin futbolchilardan ishonch yo‘qola boshladi. Oddiy holatda to‘p yo‘qotdik, bu vaziyatda himoyachimiz raqib bilan kurashda yiqilib tushdi va gol kiritildi. Baribir futbolchilar katta mehnat qilishdi. Shuning evaziga yana to‘p kiritdik. O‘yin oxirigacha hujum qilish, qarshi hujumga tushib qolmaslik borasida ikkilandik. Durang ham yomon natija emas.

- “Qizilqum” klubida ishlagansiz. Shundan kelib chiqsak, bugun sizga jamoani o‘rganishda qiyinchilik tug‘dirmadimi?

- Bu haqida o‘ylaganim yo‘q. O‘sha tarkibdan bir-ikkita futbolchi qolgan. Hozir tarkibi kuchli. Legionerlarining saviyasi ham past emas. O‘sha tarkibdan Vahobov o‘ynayapti. Hozir umuman boshqa tarkib. Murabbiyning o‘yin uslubi boshqa. Ularning oxirgi 3-4 ta uchrashuvlarini ko‘rib chiqdik. Bu o‘yinda bizga atletizmda kuchimiz etmaganligi ko‘rinib turibdi.  Ayniqsa, himoyadagi yigitlarimizning bu boradagi imkoniyatlari pastroqligi “Qizilqum” futbolchilarining saviyasida kuchsizlik qildik.

- Murtazoev bilan Mashovich ikkitadan gol urishdi. Qaysi o‘yinchini kuchliroq deb o‘ylaysiz?

- Meni futbolchim kuchli (kuladi). To‘g‘ri, u baquvvat. O‘yinlarda tajovuzkor o‘ynayapti, qanot vingeri sanaladi. Yomon legioner emas. U ham imkoniyat darajasida to‘p suryapti.

- 9 ta o‘yinda 6 ta gol. Bu kamlik qilmayaptimi?

- Ko‘p o‘tkazib yubordik, buni ham tan olishimiz kerak va kam uryapmiz. Lekin bu Superliga. Echinish xonasida futbolchilarga aytdim, bizni o‘yinchilar raqib darvozasi yonida bosh ko‘tarishga imkoniyat berishmaydi. Lekin biz mana shu tomonlama ularga ko‘proq imkoniyat berib qo‘ydik. Zich o‘ynash – bu hozirda Superliganing talabi. Shunga mos futbolchi kerak. Superliga buni kutib turmaydi, ammo ilojimiz yo‘q.

- “Mash’al” Superliga havosiga to‘liq moslashib keta oldi, deya olasizmi?

- Kirishib ketdik. Ha, yomon o‘yinlarimiz bo‘ldi. Raqibdan qo‘rqib emas, boshidan to‘p nazoratini olishga harakat qilyapmiz. Qaysidir holatda to‘p yo‘qotsak tez himoyalanish kabi vaziyatlarga e’tibor qilyapmiz. Qanot vingerlarimizda Superligada to‘p surish borasida tajriba katta emas. Ayrimlari ilk bor to‘p surishyapti. Ulardan dastlabki yildayoq ko‘plab golli paslar kutishimiz ham ertaroq. Ammo umid qilyapmiz.

- Har o‘yinda o‘yinchilarning yugurgani, jismoniy holatlari hisoblab boriladi.  “Mash’al” futbolchilari bir uchrashuvda o‘rtacha necha kilometr yugurishyapti va ularni jismoniy holatidan qanchalik qoniqyapsiz?

- Har o‘yindan keyin kuzatamiz. Mashg‘ulot jarayonida ham bunga e’tibor qaratamiz. O‘rtacha eng ko‘p yugurgan futbolchimiz 12 kilometrdan ko‘p yuguryapti. Ammo bunaqa futbolchi bizda kamroq. Ayrimlarini pozitsiyasiga qarab yoshini ham hisobga olishimiz kerak. Bu bellashuvda eng ko‘p yuguradigan futbolchimiz oilaviy sharoitiga ko‘ra qaydnomaga ham kiritilmadi. Bu Javohir Abdualimov. Tezkorlik tomonlama ham ko‘p maqtana olmaymiz. Buni ham tan olishimiz darkor. Faqat ayrim o‘yinchilarimizgina yaxshi tezlikka ega.

- “Mash’al” G‘uzorda o‘ynashni boshladi. Bundan keyingi uchrashuvlar ham G‘uzorda o‘tadimi?

- Shunaqa bo‘lsa kerak. Buni rahbariyat hal qiladi. Bu o‘zimizni yonimizdagi stadion. G‘uzorda o‘ynash baribir uyda o‘ynagandek yaqinroq. Rahbariyatga, homiyimizga ushbu maydonda to‘p surish imkoniyatini yaratib bergani uchun minnatdorlik bildiramiz. “Sho‘rtan” rahbarlariga ham rahmat. Ular bizni maydon bilan ta’minlab berishyapti.

- “Mash’al” Superligada har bir raqibga qarshi tengma-teng o‘ynayapti. Baribir zaxira o‘rindig‘i etakchilar klublarnikiga qaraganda kuchsizroq. Ikkinchi davra oldidan buni to‘ldirish uchun qanday ishlar olib borilyapti?

- Imkoniyatimizga qarab. Tuzilgan tarkibdagi futbolchilarga e’tirozimiz yo‘q. Chunki klubni imkoniyati va talabi bor. Shu talabga ko‘ngan futbolchilar bilan ishlayapmiz. Homiyimiz, klub bosh direktori tomonidan mablag‘lar o‘z vaqtida to‘lanyapti. Murabbiy sifatida oraliqda kuchayishni xohlaymiz. Kerakli pozitsiyalarni kuchaytirsak juda xursand bo‘lardik.

- Oldin “Mash’al” akademiyasidan Eldor Shomurodov, Otabek Shukurov kabi nomdor futbolchilar etishib chiqqan. Hozirgi kunda akademiyadan asosiy jamoaga qo‘shilib keta oladigan yosh, iqtidorlar bormi? Ularni tayyorlash jarayoni qanday ketmoqda?

- Akademiya to‘liq ishlayapti. Faqat o‘sha paytda akademiyalar soni kamroq edi. “Mash’al” birinchi tuzilgan akademiya. Hozir ular ko‘p va yaxshi iqtidorlarni qaerdandir topib olish muammo. Bizda har bir yosh toifasida murabbiylar ishlashyapti. Faqatgina pro ligadan tez chiqib qoldik. Yoshlarimiz birdaniga pro ligada o‘ynamasdan turib Superligada to‘p surishga hali tayyor emas. Buni U21 jamoamizdan ham bilish mumkin. Ullarga ozroq vaqt kerak.  

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!