Asror Aliqulov: "Yuqori o‘rinni xohlaysiz, ammo birinchi navbatda jamoani saqlab qolishni o‘ylaysiz-da!"

  • 1 mart, 05:42
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Muborakning “Mash’al” klubi nihoyat pro ligada ishonchli va barqaror o‘yin ko‘rsatib, Superligaga qaytish vazifani uddaladi.

Tecno

Bosh murabbiy Asror Aliqulov yangi mavsumda klub imkoniyatidan kelib chiqqan holda jamoani shakllantirdi.

Mutaxassis 2025 yilgi chempionat oldidan Sports.uz saytiga intervyu berdi.

- Asror Chorievich, yangi mavsumga ko‘rilgan tayyorgarlikdan qanchalik ko‘nglingiz to‘ldi?

- Faqatgina oxirgi bosqichda maydon bilan bog‘liq muammolar bo‘ldi va shunda biroz qiynaldik. Ikkita bosqichni Muborakda o‘tkazdik, yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. Birinchi turda “Paxtakor” bilan o‘yinimiz qoldirilganligi sababli orada o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazamiz va yigitlarga ikki kunlik dam beramiz. Keyin Muborakda yig‘ilib, “Dinamo”ga qarshi o‘yin uchun tayyorgarlik olib boramiz. Selektsiyaga keladigan bo‘lsak, ko‘proq imkoniyatimizga yarasha o‘yinchilarni oldik. Yaxshi jamoa tuzishga harakat qilamiz. Oldin “Mash’al”da o‘ynab ketgan ayrim futbolchilarni jalb qildik. Og‘ir chempionat kutyapti. Ko‘p narsa startni qanday boshlashimizga bog‘liq. Barcha e’tiborimiz “Dinamo” bilan uchrashuvga qaratilgan.

- “Paxtakor” bilan o‘yinning qoldirilgani rejalaringizga qanchalik ta’sir ko‘rsatdi? Yaxshi bo‘ldimi yoki...

- Taqqoslaydigan bo‘lsak, 7 martda o‘ynashimiz kerak edi. Bungacha esa “Paxtakor” bir nechta yaxshi o‘yinlarni o‘tkazgandi. Osiyo Chempionlar ligasida ham ishtirokini olib boryapti. Biz bu uchrashuvgacha yaxshi maydonlarda va yaxshi sparring-raqiblarga qarshi o‘yinlarimiz kam edi. Shu tomonlama ko‘p o‘ylantirayotgandi. “Paxtakor”ni Turkiyadagi o‘yinlari va OChLdagi uchrashuvlarini tahlil qilgan holda tayyorlanayotgandik. Lekin “Paxtakor”ni OChLda keyingi bosqichga chiqqanligi sababli biz bilan o‘yini qoldirildi. Bu o‘yinning qoldirilgani biz uchun plyus yoki minusmi, buni aytish qiyin. Biz ikkinchi turdan boshlab startga kirishamiz.

- Orada “Mash’al” moliyaviy tomondan qiynalayotgani, yillik smetasi hali tasdiqlanmagan, degan gap-so‘zlarni eshitdik. Bu rostmidi va ushbu holat jamoa yig‘iniga ta’sir qildimi?

- Smeta masalasi yig‘inlarga ta’sir qilgani yo‘q. Bosh direktorimiz yig‘inlarimizni muammosiz tashkil qilib berdi. Faqatgina Turkiya yig‘inini o‘tkaza olmadik. Bu smetamizni kamligi bilan bog‘liq. O‘ylaymanki, buni amalga oshmagani unchalik jiddiy narsa emas. Yig‘inlar davomida nima kerak bo‘lsa, homiyimiz va bosh direktorimiz sharoitlarni yaratib berishdi. Ayrim futbolchilarni jalb qilish, shartnomalar imzolashda qiyinchilik ko‘proq bosh direktorimizga bo‘ldi. Chunki aniq smetani bilmasdan turib o‘yinchilarni jalb qilishda biroz ikkilanishlar bo‘ldi. Shunga qaramasdan, ancha futbolchilar taklif qilindi, shartnomalar tuzildi.  

- Tarkibga mahalliy va legioner futbolchilar jalb etildi. Ayting-chi, ularning orasida kimlarni ko‘ndirish qiyinchilik tug‘dirdi?

- “Mash’al” ko‘p futbolchilarga taklif bilan chiqishi mumkin. O‘yinchi yulduz bo‘lishidan qat’iy nazar “Mash’al”ni o‘z tamoyillari bor va agar to‘g‘ri kelmasa, klub shartnoma tuzmaydi. O‘ylaymanki, jamoada futbolchilarni ko‘ngliga qarash yoki shunga o‘xshash narsalar deyarli yo‘q va bu to‘g‘ri. Klub o‘z imkoniyati hamda sharoitidan kelib chiqib, o‘yinchilarga taklif bilan chiqadi. Rad etayotgan o‘yinchilar ham bo‘lyapti.

- Ketganlar orasida kimlarni qolishini istagandingiz?

- Ketganlar to‘g‘risida ko‘p o‘ylashga harakat qilmaymiz. Ha, ayrimlari yordam berishlari mumkin edi. Ularni shartnomasi tugadi va aytganimdek, smeta masalasi. Ayrimlarini saqlab qolish niyatimiz ham bor edi. Lekin ta’kidlab o‘tganimdek, smeta borasida biroz ikkilandik va ungacha ular boshqa klublar bilan shartnomalar imzolashdi. Endi bu haqida aytgim yo‘q. E’tiborimizni o‘z o‘yinchilarimizga qaratganmiz. Ayrimlari bilan bir yil davomida ishladik. Ular o‘yin uslubimizni tushunishardi, yaxshi bilishardi. Kirishib ketishlari oson edi. Endi yangi futbolchilar bilan ishlayapmiz va ular ham tezroq kirishib ketishlarini istaymiz. Bu pro liga emas, Superliga. Tezroq moslashish borasida o‘yinchilarda ham ishtiyoq kuchli. Ko‘p narsa startga ham bog‘liq. Agar yaxshi boshlasak, o‘zlariga ishonchi ham ortadi. Jamoaviy o‘yinga katta e’tibor qaratyapmiz.

- Asosiy maqsad jamoani Ligada saqlab qolish-a?

- Birinchi yili katta narsalarni aytish yoki o‘ylash mumkin. Yuqori o‘rinni xohlaysiz, ammo birinchi navbatda jamoani saqlab qolishni o‘ylaysiz-da!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!