
Asror G‘ofurov: "Surxon" Osiyo Chempionlar ligasi uchun kurashadi
Termizning “Surxon” klubi ham yangi mavsum uchun astoydil tayyorgarlik ko‘rmoqda. E’tibor berayotgan bo‘lsangiz, jamoaga bir qator yangi futbolchilar qo‘shildi. Shu bilan birga o‘tgan yilgi tarkibning o‘zagi ham saqlanib qolindi. O‘tgan mavsumning birinchi yarmini “Andijon”da o‘tkazib, ikkinchi davradan “Surxon”ga qo‘shilgan tayanch yarim himoyachi Asror G‘ofurov kutilganidek termizliklarning muhim o‘yinchilaridan biriga aylana oldi. Shu sababli murabbiylar ushbu futbolchiga joriy chempionatda ham katta ishonch bildirishyapti. Natijada “Surxon” Asror G‘ofurov bilan yangi shartnoma tuzishga muvaffaq bo‘ldi. Uning o‘zi ham klub bilan shartnomasini yangilaganini ta’kidladi va bu mavsumda klub oldiga katta vazifalar qo‘yilayotgani haqidagi gap bilan suhbatni boshladi.
- O‘tgan yili “Surxon” bilan mavsum oxirigacha shartnoma tuzgandim. Endi klub bilan yangi kelishuvga erishdik, - deya gap boshladi, G‘ofurov. - Bizning bu yilgi niyatlarimiz juda jiddiy. Maqsadimiz kuchli uchtalikka kirish. Osiyo Chempionlar ligasi musobaqasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun bor kuchimizni ishga solamiz. O‘tgan yili bu maqsadimiz amalga oshmay qolgandi, balki bu yil hammasi biz o‘ylagandek kechar, nasib qilsa. Bunday nufuzli musobaqada hadeb “Bundyokor” yoki “Lokomotiv” o‘ynayveradimi, biz ham o‘ynaylik (kuladi). Bir so‘z bilan aytganda, biz ham katta maqsadlar bilan yo‘lga chiqyapmiz. Mana, ko‘rgan bo‘lsangiz, jamoaga yangi futbolchilarni oldik. Aleksandr Kasyan, Jahongir Mehmonov, Husniddin G‘ofurov, Aziz Ibragimov...Etakchimiz Shavkat Salomov bor, shuningdek, Darko Stanoevich, Vladimir Bubanya va boshqalarni ham aytishi mumkin. Umuman aytganda, niyatlarimiz katta.
- Vaziyatga real qaraydigan bo‘lsak, “Surxon”ni chindan ham kuchli uchlikka kirishiga qodir deb o‘ylaysizmi?
- Esingizda bo‘lsa, o‘tgan yili ham ko‘pchilik “Surxon”ni yana pro-ligaga tushib ketadi yoki bo‘lmasa autsayderlardan biri bo‘lib qoladi deb hisoblashgandi. Agar tarkibimizdagi futbolchilarning imkoniyatlariga va nimalarga qodirligiga qarasangiz siz ham chindan “Surxon”ning maqsadi jiddiyligiga hamda vazifasiga erisha olishi mumkinligiga ishonasiz. O‘tgan mavsumda 5-o‘rindagi “Metallurg” bilan bir xil ochko olgandik. Uchinchi o‘rin uchun harakat qilib ko‘rsak bo‘ladi. Buning uchun bizda ham imkoniyat bor. Bizda yaxshi jamoa yig‘ildi.
- Bundan chiqdi, klubda raqobat yanada kuchli bo‘libdi-da?!
- Ha, shunday. Har bir chizig‘imizga ikkitadan futbolchi raqobatlashadi. Raqobat bor joyda o‘sish ham bo‘ladi. Ochig‘i, o‘tgan yili “Surxon” tarkibida bunchalik raqobat yo‘q edi.
- Demak, “Surxon” yangi mavsumda syurpriz ko‘rsatadimi?
- O‘ylashimcha, shunday.
- “Surxon” bilan yaqindagina yangi shartnoma imzoladingiz. Nega bu ish kechroq amalga oshirildi? Yoki muzokaralar og‘ir kechdimi?
- Hamma yigitlar men bilan bir kunda shartnomaga imzo chekishdi. Aslida “Surxon” bilan bir oy oldin kelishuvga erishgandik. Lekin shartnomalarni PFL beradi. Ular klubga yangi shartnomalarni berishi bilanoq unga imzo chekdik. Aslida esa jamoamizning yig‘ini 5 yanvardan boshlangan bo‘lib, shundan beri “Surxon”ning mashg‘ulotlarida qatnashib kelyapmiz. Masalan, o‘tgan yili “Andijon” bilan og‘zaki kelishganimizdan keyin oradan bir oy o‘tgachgina shartnoma imzolagandik.
- O‘tgan yilgidan ko‘ra bu yilgi shartnoma shartlari va kelishuv siz uchun yanada qulayroq bo‘ldimi?
- Xudoga shukr, o‘tgan yilgidan ko‘ra ancha qulayroq bo‘ldi. Oilam uchun ham juda yaxshi bo‘ldi. Umuman aytganda, har tomonlama qoniqarli. O‘zim surxondaryolik bo‘lganim sababli barchasi menga qulay.
- Sizga boshqa jamoalardan ham takliflar bo‘ldimi?
- Futbol ichidagilar bir-birini bilishadi. Ya’ni, kim qaerda, qanday shug‘ullanyapti, kimlarni olgani, umuman barchasidan xabardorlar. Menimcha, hamma meni yana “Surxon”da qolishimni bilishardi. Dastlabki qishki yig‘indanoq jamoa bilan birga bo‘ldim. So‘ragan odamlarga ham klubda qolishimni aytib keldim.
- Bunga qadar ancha muddat Turkiya chempionatida to‘p surgansiz. Shunday ekan, u erdan sizga yana qiziqishlar bo‘lmadimi?
- Turkiyadan qiziqish bo‘lmadi. To‘g‘risini aytsam, u erdagilar bilan aloqamni ancha uzoqlashtirganman. Bor e’tiborimni o‘z klubimga qaratganman. Yaqinda farzandlik bo‘lganman. Shu bois yaqin vaqt ichida O‘zbekistondan ketish haqida o‘ylayotganim yo‘q. Agar uzoqqa ketadigan bo‘lsam, bu oilamga ham qo‘shimcha qiyinchiliklar tug‘diradi. Shuning uchun hozircha shu erda qolganim har tomonlama ma’qul.
- Yaqinda yangi mavsum uchun qur’a tashlandi. “Surxon” uchun qur’a qanday ko‘rinish oldi deb o‘ylaysiz?
- Menimcha, taqvim biz uchun yaxshi bo‘ldi. Dastlabki to‘rtta o‘yindan uchtasini o‘z uyimizda o‘ynaymiz. “Bunyodkor”ni qabul qilganimizdan keyin Navoiyga borib “Qizilqum” bilan o‘ynaymiz. Shundan keyin Qashqadaryoning ikkita jamoasi bilan Termizda bellashamiz. Xullas, taqvim biz uchun qulay bo‘ldi.
Fikrlar
Ma'shal Nasaf muhlisi