"ATF Championship" turniridan syurprizlar yoxud Muzaffar Radjabovning rejalari qanday?

  • 11 aprel, 19:15
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • MMA
CHERY AUTO

Xabaringiz bor, yurtimizdagi ilk tashkil etilgan "ATF Championship" promousheni ma’lum bir tanaffusdan so‘ng, yana faoliyatini boshladi. 16 may kuni "ATF 21" turniri tashkil etiladi. Bugunga kelib, bir nechta qarama-qarshiliklar ma’lum bo‘lib ulgurdi. 

Tecno

Biz ushbu turnirga oid va boshqa masalalar yuzasidan ushbu promoushen asoschisi va rahbari,yurtimiz yakkakurash olamining yorqin vakillaridan biri, shuningdek O‘zbekiston MMA hamda kikboksing assotsiatsiyalari raisi o‘rinbosari Muzaffar Radjabovning fikrlari bilan qiziqdik.

- Muzaffar Murodovich ma’lum bir tanaffusdan so‘ng yana ATF turniri tashkil etilmoqda. Bu galgi turnir ham yuqori saviyada tashkil etilsa kerak? 

- Albatta, bu borada bor imkoniyatimizni ishga solamiz. Oradagi bir yillik tanaffusga ham oydinlik kiritib o‘taman. Ortda qolgan 2024 yilda biz bor e’tiborimizni havaskor yo‘nalishga qaratdik. Chunki yurtimiz MMA, kikboksing va qo‘l jangi bo‘yicha nufuzli musobaqalarga mezbonlik qildi. 
Jumladan, Toshkent shahrida ilk marotaba kikboksing bo‘yicha Jahon kubogi o‘tkazildi. Oktyabr oyida qo‘l jangi bo‘yicha o‘smir-yoshlar o‘rtasida jahon chempionati va noyabr oyida MMA bo‘yicha kattalar o‘rtasida jahon chempionatini o‘tkazdik. Albatta, ushbu musobaqalarni munosib tarzda tarzda tashkil etish va tayyorgarlik ko‘rishga mas’ul insonlardan biri bo‘lganligim uchun ATF faoliyatini qisqa muddatga to‘xtatib turgan edik. Mana 2025 yil bor e’tiborimizni professional yo‘nalishga qaratamiz.


- Yurtimiz mezbonlik qilgan jahon chempionatlarida o‘zbekistonlik sportchilarni natijalaridan qoniqish xosil qildinglarmi?

- Ajoyib natijalar qayd etildi. Kikboksing bo‘yicha Jahon kubogida 51 ta mamlakat ichida 1- o‘rin qayd etildi. Qo‘l jangi bo‘yicha jahon chempionatida 31 ta mamlakat ishtirok etdi va unda ham 1- o‘rinni qo‘lga kiritdik. MMA bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida ham 71 mamlakat ichida 7 ta oltin medal bilan umumjamoa hisobida etakchi bo‘ldik. Bunga osonlik bilan erishmadik. Albatta, bu  yuqoridagi uch assotsiatsiyada ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganligining samarasidir. 


-Havaskor yo‘nalishda ishlarimiz yomon emasligini aytib o‘tdingiz. Mutasaddi shaxs sifatida professional MMA va kikboksingchilarimizga qanday baho berasiz?

- Avvalgi intervyularni birida xavaskor MMAchilarimiz 5 yilda jahonning eng kuchli jamoasiga aylanadi degandim. O‘sha intervyudan keyin deyarli 5 yil o‘tdi va biz jahon chempionatida tengsiz bo‘ldik. Albatta, buni o‘z-o‘zimdan aytmaganman. Bizda zo‘r avlod borligini o‘smir-yoshlar o‘rtasidagi musobaqalarda ko‘rgandim. Demoqchimanki, hali professional yo‘nalishda ham yangi marralarni zabt etamiz. Xozir ham yomon emas, hamyurtlarimiz jahonning nufuzli ligalarida jang qilishyapti. Hammasini omadini bersin.


- Bu yil ham havaskorlar
o‘rtasida  turnirlar bo‘lsa kerak?

- Albatta, yana bir necha kundan so‘ng Qarshi shahrida MMA bo‘yicha o‘smir-yoshlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tadi. 2-7 iyulda Abu-Dabida aynan shu yosh toifasida jahon chempionati bo‘ladi. Oktyabr oyida Baxraynda yoshlar o‘rtasida Osiyo o‘yinarida MMAchilarimiz ishtirok etadi. Bu borada ularga etarlicha sharoit yaratib berishga harakat qilamiz. 


- "ATF 21" turniridan qanday syurprizlar kutishimiz mumkin?

- Men har doim fayt-kardni munosib tuzishga harakat qilganman. Bu safar yanada qiziqarli bo‘ladi. Havaskor yo‘nalishdagi jahon chempionlari Jamshid Tillaev, Asror Anvarjonov, Zafar Rashidovlar ham debyut qiladi. Ishtirokchilar geografiyasi ham kengaygan. Rekordi yuqori bo‘lgan, tajribali jangchilar ham oktagonga ko‘tariladi. Umuman olganda muxlislar bir-biriga munosib bo‘lgan raqiblar jangini tomosha qiladi. Qolaversa, bir yil mobaynida jahonning bir nechta nufuzli promoushenlari bilan muzokaralar olib bordik va ular bilan hamkorlik qilishga ham kelishib olganmiz. Hozircha bu promoushenlarni aytib o‘tirmayman, tez orada ushbu voqeyliklar rasman amalga oshadi va o‘shanda gapirsak bo‘ladi. Maqsadim yoshlarni jahon arenalariga chiqarishdan iborat. ATF orqali qancha ko‘p sportchilar o‘z yo‘lini topib ketsa, bundan juda xursand bo‘laman. 

-Bu borada sizga omad tilaymiz!

- Rahmat.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!