
“Ayollarga hayot va erkinlik bering!” Eronlik muxlislar stadionga “dahshatli” bannerlar bilan tashrif buyurdi (foto maqola)
Angliya va Eron jamoalari o‘rtasidagi bellashuv o‘zgacha start oldi. Inglizlar “qirolni asra, Yaratgan” deb mamlakat madhiyasini aytgan bo‘lsa, o‘zining baland ovozda kuylashi bilan e’tibor qozongan forslar sukut saqladi.
O‘yindan avval Karlush Keyrush shogirdlarining har qanday qarorini hurmat qilishini va hech qanday jazo chorasi qo‘llamasligini aytgandi.
Alirizo Jahonbahsh esa, jamoadoshlari bilan bu qarorga kelishdan oldin yaxshilab o‘ylab olishgani haqida intervyu berdi. Yakunda, Keyrushning yordamchisidan boshqa hech kim madhiya kuylagani yo‘q. Qolgan barcha atayin jim turdi.
Aslida, Eron terma jamoasi muxlislari ikki frontga ajralib qolgan. Ularning yarmi jamoaga ishqibozlik qilishdan bosh tortgan bo‘lsa, qolgan qismi hech narsa bo‘lmagandek, muxlislik qilishda davom etmoqda.
Gap shundaki, Qatarga jo‘nab ketish oldidan Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy terma a’zolari bilan uchrashgan edi. Bu faktor mamlakat rahbarining boshqaruvidan norozi bo‘lgan aholining g‘azabini qo‘zg‘atdi. Natijada, futbolchilar kuchli bosim ostida qolib ketdi. Bugun madhiya aytmay, futbolchilar to‘liq qaysi tomonda ekanligini ko‘rsatib qo‘ygandek bo‘ldi, ammo ishqibozlarning barchasi ham jamoani kechirmagandek…
Aytishlaricha, Tehrondagi ko‘plab restoranlarda odamlar inglizlarga muxlislik qilgan bo‘lsa, stadionga tashrif buyurgan bir necha yuz ishqiboz “sharmanda, sharmanda!” deb o‘yin oxiriga qadar Keyrush shogirdlarini haqorat qilib turgan.
Bu borada Eron ustozi ham o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. U ruhiy bosim qay darajada baland ekanligini, ikki og‘iz so‘z bilan tushuntirib berdi:
“2018 yilda biz ishqibozlar tomonidan ulkan madad olganmiz. Bizni bugun qo‘llab-quvvatlashni istamaganlar, iltimos, uyida qolsin. Hozir mamlakatda ahvol qanday ekanligini barcha yaxshi biladi. Mening yigitlarimga oson emas. Ularning hayoli parishon. Ular ham inson. Asablar dosh bermasligi tabiiy”.
O‘yindan keyin Eron termasi sardori – Ehson Hojisafi ham o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
“Biz xalqimiz bilan birgamiz! Buni bilishlari shart! Hozir ularga oson emasligini tushunib turubmiz. Eronda vaziyat juda og‘ir va bundan hech kim baxtli emas”.
Eslatib o‘tamiz, Eronda qo‘zg‘alonlar avj olmoqda. Qariyb ikki oydan beri mamkatda notinchlik hukm surmoqda. Norozilik namoyishlari tinimsiz o‘tkazilmoqda. 50 kundan ortiq vaqt davomida 1000dan ortiq oddiy fuqaro hibsga olinganiga qaramay, vaziyat keskinlashib boryapti. Barchasi 22 yoshli Mahsi Aminining o‘limi bilan bog‘liq.
Fikrlar