
Azim Ahmedov Cheran bilan nega tortishib ketdi? "Paxtakor" futbolchisining golni nishonlaganiga qanday javob qaytardi? "Navbahor" etakchisi bilan suhbat
“Navbahor” klubi O‘zbekiston Kubogida yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. “Paxtakor”ga qarshi og‘ir uchrashuvda namanganliklar muhim g‘alabani tantana qildi va muxlislarini quvontirdi.
“Navbahor” sardori va etakchisi Axzim Ahmedov o‘z taassurotlarini Sports.uz muxbiriga bildirdi.
- Azimjon, avvalo sizni va “Navbahor”ni muhim g‘alaba bilan tabriklaymiz. Chindan ham jamoa g‘alabaga munosib o‘yin namoyish etdi. Bunday og‘ir uchrashuvdan so‘ng nimalarni aytgan bo‘lardingiz?
- G‘alaba bizga suv va havodek zarur edi. “Paxtakor”ni anchadan beri yutolmayotgandik. Muxlislarimizni bu safar xursand qilish niyatida jonimizni berib, bor kuchimiz bilan o‘ynadik. Ishqibozlarimizni quvontirganimizdan o‘zimiz ham juda mamnun bo‘ldik. Hamjihatlik evaziga yutdik deb o‘ylayman.
- O‘yinda ko‘rdikki, qiziq voqealar va hissiyotlarga boy bo‘ldi. Masalan, “Paxtakor” vakili Azmiddinov hisobni ochganidan keyin golini Makgregorning yurishiga o‘xshab nishonladi. Ammo uchrashuv tugaganidan keyin siz ham Makgregorning yurishini takrorladingiz. Bu “Paxtakor” futbolchisiga javobmidi?
- U gol urganidan keyin bizning muxlislar tomon kelib shunaqa qiliq qildi. Biz zaxirada o‘tirib, kuzatdik va jaxlimiz chiqdi. Xudo xohlasa, maydonga tushib gol ursam albatta unga javob qaytaraman, deb niyat qilgandim. Garchi gol urolmagan bo‘lsam-da, biz yutdik. O‘zingiz ham bilasiz-ku, o‘yin paytida hamma narsa bo‘ladi. Hissiyotlarga berilamiz. Men ham o‘yin tugashi bilan unga javob qilib qaytarib qo‘ydim-da.
- Bundan tashqari, Dragan Cheran bilan bir necha bor o‘rtangizda tortishuvli vaziyatlarni ham ko‘rdik. Nima bo‘ldi, o‘zi?
- Cheran bilan bo‘lgan voqeaga kelsak, u o‘yin boshidan oxirigacha haqorat qilib yurdi. Keyin bir vaziyatda men bilan to‘p uchun kurash bo‘lganida oyog‘imga tepdi. Natijada u bilan tortishib ketdik. Shundan so‘ng oxirigacha so‘kinib yurdi, bir-birimiz bilan kelisholmay qoldik. O‘yin paytida hamma narsa bo‘lishi mumkin. O‘yindan so‘ng hammasi tugadi. Chunki keyin uni ko‘rmadim.
- “Navbahor” uzoq yillik tanaffusdan keyin yarim finalga chiqdi. Asosiy raqobatchisini kurashdan chetga chiqardi. Nima deb o‘ylaysiz, endi Kubokni qo‘lga kiritishinglarga shubhangiz qolmadimi?
- Har bir uchrashuv juda qiyin bo‘ladi. Birorta kuchsiz jamoaning o‘zi yo‘q. Bu g‘alaba bilan biz hali finalga chiqqanimiz yo‘q. Yana ikkita uchrashuv bor. O‘sha ikkala o‘yinda ham g‘alaba qozonib, Namangan xalqi uchun bayram qilmoqchimiz va tarixga yozilmoqchimiz. Muxlislarimizni va viloyat hokimimizni Kubokni yutish orqali yanada xursand qilmoqchimiz.
- Yarim finalda siz kutayotgan raqib bormi?
- Kim bo‘lishidan qat’iy nazar jonimizni berib o‘ynaymiz. O‘zbekiston Kubogini yutib olsak bo‘ldi. U yoki bu jamoa tushsa yaxshi bo‘lardi, degan fikrdan yiroqman. Hamma jamoa kuchli.
- “Navbahor” chempionatda ham 1-o‘rinda ketyapti. Ko‘pchilik namanganliklarni O‘zbekistondagi eng kuchli jamoa sifatida e’tirof eta boshladilar...
- Samvel Babayan jamoada yaxshi futbolchilarni to‘plagan. Maqsadga yarasha tajribali o‘yinchilar olib kelingan. Mana shunday o‘yin ko‘rsatishda davom etsak bo‘ldi, muxlislarimizni albatta xursand qilamiz.
- Chempionatning oxirgi turlarida “Navbahor” durang o‘ynab qo‘ygandi. Ammo “Nasaf”, “So‘g‘diyona”, “Paxtakor” kabi jamoalar ham ochko yo‘qotishi evaziga jamoangiz yana peshqadam sifatida joyida qoldi. Omad ham yaqqol “Navbahor”ga kulib boqyapti, deyish mumkinmi?
- Ha, omad ham biz tomonda. Muhimi, Alloh bizga yordam beryapti.
- Samvel Babayan “Navbahor”da yaxshi ishlayotganini natijalar orqali ko‘rsatyapti. Bu murabbiyga qanday ta’rif berasiz?
- Birinchi o‘rinda eng kuchli “psixolog”. Bundan tashqari, futbolchilarga juda yaxshi motivatsiya bera oladi. Qolganini chempionat tugaganidan keyin aytaman.
Fikrlar