Aziz G‘anievning jarohati jiddiymi?
Xabaringiz bor, Aziz G‘aniev harakat qilayotgan "Shabab Al-Ahli" kecha BAA chempionatida navbatdagi o‘yinni o‘tkazdi. Uchrashuvni asosiy tarkibda boshlagan Aziz ikkinchi bo‘limda jarohat olib, maydonni erta tark etdi. O‘zbekiston milliy termasi bosh shifokori Abror Pirriev telegram-kanalida Aziz G‘aniev jarohati borasida o‘z fikrini bildirib o‘tdi.
"Kecha BAA futbol assosatsiyasi maydonida kechgan kechki mashg‘ulotdan qaytayotib, yo‘l davomida butun jamoa “Shabab Al-Ahli” klubining o‘yinini tomosha qilib, Aziz G‘anievga muxlislik qildik. Mehmonxonaga etib kelganimizda baxtga qarshi hamyurtimiz jarohat olib maydonni tark etdi. O‘yin tugashini kutib, klub shifokori bilan bog‘lanishga harakat qildik. Ammo, hamkasbim ham menga o‘xshab o‘yinga qo‘l telefonini olmaydi shekilli, aloqaga chiqa olmadik. Kechroq, Azizning o‘zi bilan qo‘ng‘iroqlashib, ahvoli bilan qiziqdik. – Ertaga tekshiruvga boramiz ekan, hozircha bilmadim...
Bugun ertalab mutasaddilarimiz orqali klub shifokori bilan gaplashdik. U, ilk tibbiy belgilarga ko‘ra, futbolchining tizza bo‘g‘inidagi jarohati jiddiy bo‘lishi mumkinligi, aniq ma’lumotni esa, barcha zarur tekshiruvlarni o‘tkazib bo‘lgach, xabar berishini aytdi.
Kutamiz va duodamiz...", -deya yozib qoldirdi Pirriev.
Fikrlar