Aziz Turğunboev: "Bunday muxlislari bor jamoada o‘ynashni hamma futbolchilar orzu qiladi"
Maʼlumki, “Andijon” tarkibiga tajribali futbolchi, Oʻzbekiston milliy terma jamoamiz aʼzosi - Azizbek Turgʻunboev ham qoʻshildi. Yuqori saviyali futbolchi bor eʼtiborini “Andijon” bilan gʻalabalar qozonishga qaratgan. Klub matbuot xizmati esa Turgʻunboevdan dastlabki intervyuni oldi.
- Azizbek "Andijon" klubiga xush kelibsiz. Ushbu transfer amalga oshishi qanday roʻy bergani haqida toʻxtalib oʻtsangiz.
- Rahmat. “Andijon” jamoasi bosh murabbiyi Samvel Vyacheslavovich menga taklif bilan chiqdi va men bu taklifga rozi boʻldim.
- "Andijon" faoliyatingizda yangi sahifa. "Burgutlar" aʼzosiga aylangach, nimalarni oʻylayapsiz?
- Men bu yerga medallar yutgani va sovrinlar uchun kurashgani keldim. Albatta, jamoa bilan birga oldimizga qoʻyilgan vazifani bajarish uchun borimizni beramiz.
- Umuman, yangi jamoaga qoʻshilish qaroringizda hal qiluvchi omil nima boʻldi?
- Bitta omilni koʻrsatsam notoʻgʻri boʻladi. Chunki bu yerda yaxshi jamoa shakllanyapti. Yaxshi kollektiv, yaxshi murabbiylar shtabi va futbolni yaxshi koʻradigan hokim, futbolni sevadigan muxlislar. Shu omillar meni “Andijon” jamoasiga qoʻshilishimga asosiy sabab boʻldi.
- Andijonlik muxlislar sizning transferingizni katta xursandchilik bilan qarshi oldilar. Ularga qanday taʼrif berasiz?
- Bunday muxlislari bor jamoada oʻynashni hamma futbolchilar orzu qiladi. Bunday ishqibozlar ichida futbol oʻynash futbolchiga qoʻshimcha kuch beradi. Ular oʻtgan yildagi mavsumda ham jamoani qanday qoʻllab-quvvatlash kerakligini barchaga koʻrsatib qoʻyishdi. Xudo xohlasa, jamoa bilan chiroyli oʻyinlar koʻrsatib, ularni xursand qilamiz.
Fikrlar