
BAAda yana bir katta musobaqa. O‘zbekiston ham katta tarkib bilan qatnashadi!
Joriy yilning 16-26 may kunlari shaxmat bo‘yicha "Sharjah Master 2025 International Chess Championship" turniri bo‘lib o‘tadi.
Chempionat FIDE qoidalari asosida o‘tkaziladi. Turnir jamg‘armasi esa 73 ming AQSh dollarini tashkil etadi. Musobaqa uchun ro‘yxatdan o‘tish 2025-yilning 26 aprel sanasiga qadar etib belgilangan edi.
Turnir turli darajadagi barcha ishtirokchilar uchun ochiq va unda ishtirok etgan o‘yinchilar o‘zlarining FIDE reytingiga qarab 3 toifaga bo‘linishi ko‘zda tutilgan.
Musobaqa quyidagi 3 ta toifada o‘tkaziladi:
Sharjah Master A: FIDE reytingi 2500 va undan yuqori bo‘lgan o‘yinchilar uchun. Bu darajada eng kuchli va eng tajribali shaxmatchilar o‘zaro bellashishadi.
Sharjah Master B: reytingi 1900 va undan baland bo‘lgan ishtirokchilar uchun. O‘rtacha kuchdagi sportchilar ushbu toifada bir biriga qarshi raqobatlashadi.
Sharjah Master C: Ushbu toifada FIDE ballari 1400-1899 oralig‘ida bo‘lgan qatnashchilar ishtirok etadi.
Musobaqada har bir o‘yinchi o‘z reytingiga mos guruhda ishtirok etadi, bu esa adolatli va raqobatbardosh o‘yinlarni ta’minlaydi. Turnir reglamentiga ko‘ra, har bir mamlakatdan eng ko‘pi 20 ta ishtirokchi ushbu musobaqada qatnashishi mumkin. Biroq, Birlashgan Arab Amirliklarida yashaydigan shaxmat ustalari uchun istisno holatda 20 tadan ko‘p qatnashchi ishtirok etish huquqi berilgan.
Musobaqa 9 raunddan iborat shvetsarcha tizimda o‘tkaziladi. Vaqt nazorati har uchala toifa uchun bir xil bo‘lib, har bir ishtirokchi uchun 90 daqiqa vaqt beriladi. Shundan so‘ng har bir yurish uchun 30 soniya vaqt qo‘shib beriladi. O‘yinlarga 30 daqiqalik kechikish vaqti belgilanadi. Ya’ni ishtirokchilar yarim soat kech qolgan taqdirda ham bahsga kirishib ketishlari mumkin bo‘ladi. Musobaqa Sharja Madaniyat va Shaxmat klubida bo‘lib o‘tadi.
Turnirda ishtirok etadigan TOP shaxmatchilar:
Nodirbek Abdusattorov
Jahongir Vohidov
Muhiddin Madaminov
Ortiq Nig‘matov
Anish Giri
Parham Maghsoodloo
Samuel Sevian
Amin Tabatabay
Salem Saleh
Shant Sargisyan
Bundan tashqari, Mamarasulova Yasmina, Abdulazizov Asilbek, Abdulazizov Asadbek, Abdurasulov Muzaffarjon, Naziraliev Kilichbek, Akramov Husanlar "S" guruhida, Davron Sharipov, Umarov Behruz, Imomkuzieva Nilufarxon, Halilova Madinabonu, Akramov Hasan, Umarov Muhammadrizolar esa "V" guruhida qatnashadi.
Asqarbek G‘ofurov yozdi.
Fikrlar