
Bahodir, bu tomonga bir qarab qo‘y! Parijda sensatsiya ko‘targan bokschi Jalolov uchun yangi xavf
Frantsiya poytaxti Parij shahri mezbonlik qilayotgan yozgi Olimpiya o‘yinlarining boks musobaqalarida eng og‘ir vazn toifasida Bahodir Jalolov oltin medalga asosiy da’vogar sifatida e’tirof etilmoqda.
Tajribali bokschimiz Parij Olimpiadasi ham ishonchli g‘alaba bilan boshlab oldi va chempionlik yo‘lidagi keyingi janglarga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Ko‘pchilik muxlisu mutaxassislarni Olimpiada shohsupa sari yo‘lda o‘zbek pahlavoniga qaysi bokschi qarshilik qila olishi qiziqtiryapti.
Keyingi paytda ayrim ekspertlar qozog‘istonlik Qamshibek Kunkabaev so‘nggi yillardagi Bahodirdan uchralgan ketma-ket mag‘lubiyatlari uchun Olimpiya o‘yinlarida revansh olishga tayyorgarlik ko‘rayotganini ta’kidlashgandi.
Parij Olimpiadasining ilk jangidayoq qozoq bokschisi sensatsion tarzda mag‘lubiyatga uchradi. Ispaniya sharafini himoya qilayotgan Ayub Gadfa kuchli raqibini “urib” qo‘ydi.
Bu g‘alabadan keyin, darrov Ayub Gadfani chempionlik uchun kurashda Bahodir Jalolovga to‘qnash kelishi mumkin bo‘lgan eng xavfli raqiblar qatoriga qo‘sha boshlashdi.
- Ispaniyalik Ayub Gadfa qozog‘istonlik Qamshibek Kunkabaevni 3:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Bu e’tiborga molik natija. Chunki Kunkabaev Tokio olimpiadasi bronza medali sovrinori edi va bu galgi Olimpiada finalida ko‘pchilik Bahodir Jalolov va Qamshibek Kunkabaev o‘zaro to‘qnash kelishini kutayotgan edi.
Endi bunday bo‘lmaydi. 25 yoshli Gatfa keyingi bosqichga o‘tdi va musobaqa jadvalining quyi qismida finalgacha uni to‘xtatishga qodir raqib ko‘rinmayapti, - deb yozdi amerikalik ekspert Skott Krayst.
Qizig‘i shundaki, Olimpiya o‘yinlari boshlanishi arafasida boshqa taniqli ekspert – britaniyalik mashhur jurnalist Teylor O’Xiggins Bahodir Jalolovni favorit sifatida ta’riflar ekan, o‘zbek bokschisi uchun eng xavfli raqib Qamshibek Kunkabaev, degan fikrga qo‘shilmagan edi.
- Meni hayron qoldirayotgani shuki, faoliyatidagi eng zo‘r davrlarini o‘tkazib bo‘lgan Qamshibek Kunkabaev Teremoana Junior oldida favorit sifatida ko‘rilayotganidir. Mening fikrimcha, avstraliyalik bokschi olimpiya chempionligi uchun kurashda Bahodir Jalolovga eng xavfli raqib hisoblanadi.
Jalolov va Teremoan musobaqaning chorak finalida to‘qnash kelishi kutilmoqda. Men Jalolovni engish uchun Teremoananing Kunkabaevga qaraganda imkoniyati ko‘proq, - deb ta’kidladi Teylor O’Xiggins.
Darhaqiqat, avstraliyalik bokschi Parijdagi dastlabki jangida ukrainalik Dmitro Lovchinskiyni birinchi raunddayoq dahshatli nokaut uchratdi.
Demak, ekspertlarning fikridan kelib chiqib, Bahojir Jalolovga chempionlik unvonini himoya qilishda Teremoana Juniordan tashqari Ayub Gatfa ham asosiy xavf tug‘diradigan raqiblar qatoriga qo‘shildi.
Eslatib o‘tamiz, Bahodir Jalolov 2023 yili Toshkent shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatida yarim finalida Ayub Gadfa bilan to‘qnash kelgan va raqibini mag‘lubiyatga uchratgan edi.
Fikrlar