Bahodir Qo‘chqorov Ravshan Ermatov haqida: bunday rekord boshqa bo‘lmaydi

  • 12 avgust, 2020, 22:40
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Ravshan Ermatov hakamlik qilgan chog‘ida uning brigadasida qirg‘izistonlik Bahodir Qo‘chqorov bir necha yil mobaynida qanot hakami sifatida yordam berib yurganini yaxshi bilsangiz kerak. 2010 va 2014 yilgi jahon chempionatlarida Qo‘chqorov Ermatov bilan birga ishtirok etgan va tarix sahifalariga nomini yozdirib qo‘ygan. Kuni kecha u sports.uz muxbiri bilan muloqotda bo‘ldi.  

Tecno

-  Sizni taniqli qanot hakamlardan biri sifatida yaxshi bilamiz. Chunki o‘z vaqtida Ravshan Ermatov brigadasi bilan jahon chempionatida ishlagandingiz. Keyinchalik esa faoliyatingizni tugatishga qaror qildingiz. Hozir qaerda va qanday ish bilan shug‘ullanyapsiz?

-  To‘g‘ri, Ravshan bilan birga jahon chempionatida hakamlik qilganmiz. Uning dadasi Sayfiddin aka Ermatovni ham yaxshi taniyman. Biz Ravshan bilan ancha vaqtgacha hakamlik qildik, Xudoga shukr. Hozirgacha u bilan aka-ukachiligimiz, bordi-keldimiz bor. O‘tgan yili 50 yoshga to‘lganimda hakamlikni tugatdim. Undan keyin Qirg‘iziston futbol federatsiyasi rahbariyati meni hakamlar bilan ishlash bo‘yicha ishga taklif qildi va hozirda Bishkekdaman.

qo‘chqorov

-  Aslida Ermatov bilan ilk bor qachon tanishgansiz va uning brigadasiga qanday kirgansiz?

-  Ravshan bilan adashmasam, 2005 yili Kalkuttada xalqaro musobaqada hakamlik qilganmiz. O‘shanda birga borganmiz va o‘yinlarni boshqarganmiz. 2007 yili FIFA bizni Kanadaga 20 yoshli futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatiga taklif qildi. O‘sha erda yarim finalgacha hamkamlik qilgandik. Finalda esa Ermatov to‘rtinchi hakam vazifasini bajargan.

-  10 yil oldin ilk bor jahon chempionatida qanot hakami sifatida ishlab Qirg‘iziston tarixidan joy olgandingiz. O‘sha mundialdan qanday xotiralar qolgan?

-  Biz u erga qiyinchilik bilan borganmiz. Boya aytganimdek, 2007 yili Kanadadagi jahon chempionatidan so‘ng FIFA bizga yanada ishona boshladi. O‘z ustimizda qattiq ishladik, hech kimni uyaltirib qo‘yganimiz ham yo‘q. Oqibatda 2010 yilgi jahon chempionatida bizga ishonishlari mumkinligiga o‘zlari amin bo‘lishdi va ochilish uchrashuvini bizga topshirishdi. 2014 yili ham Braziliyadagi mundialda yana ishtirok etganmiz. Biz juda ko‘plab jiddiy musobaqalarda ishladik. Faqatgina ayollar o‘rtasidagi jahon chempionatida hakamlik qilmaganman xolos. Qolgan barcha-barcha xalqaro musobaqalarda ishlaganmiz. Chindan ham O‘zbekiston va Qirg‘iziston tarixida hakamlarning mundialda ishlashi birinchi marta yuz bergandi. Keyinchalik yana hakamlarimiz mundiallarda qatnashadimi-yo‘qmi, buni Xudo biladi. Endilikda men ham, Ravshan ham o‘z mamlakatlarimizda yosh, iqtidorli hakamlarni etishtirishga harakat qilyapmiz. Bundan tashqari, bizning jahon chempionatlarida faoliyat olib borganimiz nafaqat O‘zbekiston va Qirg‘iziston tarixida, balki FIFAning tarixida ham muhrlangan. Qilgan shuncha ishimiz va mehnatimizni Alloh qo‘llab-quvvatladi. Shunday ekan, bu Markaziy Osiyo tarixidan tashqari dunyo tarixidan ham joy olingan. Endi bizdan ham kuchli hakamlar chiqsin. Qolaversa, Tojikiston, Qozog‘iston, Turkmanistondan ham mana shunday etuk hakamlar chiqishini tilab qolaman. Nima bo‘lsa ham biz bir-birimizga yaqinmiz, aka-ukalarmiz, qo‘shnilarmiz. Xudoga shukrki, tarixga kirdik. Bola-chaqalarimiz, yaqinlarimiz buni keyinchalik eslab yurishar.

qo‘chqorov4

-  Shuningdek, o‘sha 2010 yilgi mundialda esda qolarli, qiziqarli voqealar ham bo‘lganmi?

-   Qanaqa ma’noda so‘rayapsiz? U erda bizda hazillashgani ham, bo‘shashishga ham vaqt bo‘lgan emas. 45 kun davomida har kuni ikki-uch barobardan ishlaganmiz. Hamma hakamlar bir-birini qo‘llab-quvvatlagan. Hozirgi mana shunday pandemiya davrida o‘sha xotiralarni eslasak, xuddi oltinga teng kunlarga qiyoslasak bo‘ladi. Ayniqsa, Maradona va yana boshqa jahon futboli yulduzlari bilan salom-alik qilganlarimiz qiziqarli voqealar edi.

-  Hakamlik faoliyatingizda siz uchun eng unutilmas uchta o‘yinni aytib bera olasizmi?

-  Men uchun aslida hamma o‘yin o‘ziga yarasha qiziqarli va jiddiy edi. Chunki biz har qanday uchrashuvga professional tarzda yondashganmiz. Hattoki, bolalar futboli deysizmi, birinchi liga deysizmi, barcha o‘yinlarga jiddiy qaraganmiz. Agar o‘zimdan qiyos qiladigan bo‘lsam, o‘z ishimni juda yaxshi ko‘raman va shu sababli hamma vaqt berilib hakamlik qilardim. Endi esda qolarli uchta o‘yinga to‘xtaladigan bo‘lsam, birinchi marta qo‘limga bayroq olib hakamlik qilgan o‘yinni aytgan bo‘lardim, bu 1992 yilda yuz bergan. Ikkinchisi esa oliy ligada 1994 yili ilk marta hakamlik qilganim yodimda qolgan. Uchinchi bellashuv sifatida 2010 yilgi jahon chempionatining ochilish o‘yinida hakamlik qilganimni aytgan bo‘lardim.

qo‘chqorov5

-  Ravshan Ermatov 2022 yilgi mundialda ham hakamlik qilib, o‘z rekordini yangilashga yaqin edi. Ammo u kutilmaganda faoliyatini tugatdi va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida ish boshladi. Sizningcha, Ermatov Qatardagi mundialdan so‘ng faoliyatini tugatishi kerakmidi, nima deb o‘ylaysiz?

-  Bu savolni Ravshan Ermatovga berish kerak. Bunaqa rekord boshqa bo‘lmaydi. Yana qanday rekord qo‘yish kerak? Shuning uchun buning ortiqcha muammosi yo‘q. Umuman olganda, uni o‘zbek futbolida ishlashini hukumat so‘radi, xalq so‘radi, bunday paytda yo‘q deyilmaydi. To‘g‘ri, hakamlik faoliyatini tugatish qiyin. Masalan, men 8 yoshimdan beri futbolda bo‘lsam, 30 yilni hakamlikka bag‘ishlaganman. Shunday ekan, hakamlikni yakunlash biz uchun ham oson emasdi. Ammo shuni ham aytmoqchimanki, inson har qanday joydan o‘zining izzatida hurmat-e’tiborida ketishi kerak.

qo‘chqorov2

-  Qirg‘iziston futbolidagi bugungi ahvol qanday?

-  Qirg‘iziston chempionati boshlangan. 8 ta jamoa ishtirokida o‘tkazilyapti. 10-15 maydonlar bor, ulardan oltitasi xalqar standartlarga javob beradi. Hakamlar ham, nazoratchilar ham ishlayapti. Futbolda o‘ziga yarasha yutuqlar va kamchiliklar bo‘ladi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!