Bahrom Davlatov: Chempionlik uchun bir nechta klub kurashmasa, bu futbolimizning rivojiga to‘sqinlik qilishi mumkin

  • 7 mart, 2020, 15:36
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Kuchli tashkilotchi va rahbar sifatida nom qozongan Bahrom Davlatovni ko‘p eslab turamiz. Chunki u futbolda ishlagan chog‘ida, albatta, o‘zidan iz qoldirgan. Hozirgi kunda esa unga o‘xshagan tashkilotchi rahbarlar kamayib ketgani ham ayni haqiqat desak adashmagan bo‘lamiz. Bahrom Bayjanovich bunga qadar ayniqsa, “Mash’al”, “Nasaf” va “Bunyodkor”dagi faoliyati orqali muxlislarga yaxshi tanish bo‘lgan. Biroq oxirgi yillarda Davlatov futbolimizda chetga chiqib qolgandek. Bunga, albatta, o‘ziga yarasha sabablar bor. Masalan, u ma’lum vaqt sog‘ligi bilan kurashdi. Shunga qaramay, yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, uni eslaydiganlar ko‘p. Biz ham Bahrom Bayjanovichni unutmagan holda o‘zi bilan bog‘lanib, bir qator savollarga javob oldik. Suhbat davomida Davlatov ishlagan klublari, chempionatimizning bugungi holati, futbolga qaytish yoki qaytmasligi va yana boshqa masalalarda o‘z fikrlarini bildirdi.

- Bahrom Bayjanovich, sizning hayotingiz faqat futbol bilan bog‘liq ekanligini bilamiz. Chunki futbolimizda Davlatovlar sulolasi ham o‘z o‘rniga ega. Ammo oxirgi paytlarda Bahrom Davlatovni futbolda uchratmay qo‘ydik. Shunday ekan, avvalo hozirda qaerda va nima ishlar bilan band ekanligingiz borasida to‘xtalib o‘tsangiz.

- Ayni paytda Yangier shahrida yashayapman. Mahalliy “Yangier”  futbol klubining  bazasi va stadionidagi shart-sharoitlarni yanada yaxshiroq ko‘rinishga  (bu joylar xususiy mulk hisoblanadi) keltirish kabi ishlar bilan shug‘ullanyapman. Bunday yumush bilan mashg‘ul bo‘lish menga juda yoqadi. Chunki shu shaharda tug‘ildim, umrimning va futbolchi sifatidagi eng yaxshi yillarim shu erda o‘tdi. Agar kimdir o‘zbek futbolining tarixini eslasa yo o‘qigan bo‘lsa, o‘tgan asrning 1970 va 80 yillarida “Yangier” O‘zbekistonning eng yaxshi klublaridan biri bo‘lganligini biladi. Shunigdek, bu erda mening murabbiylik sohasidagi faoliyatim ham boshlangan. Biz bu erda o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari ko‘ngildagidek o‘tishi uchun jamoalarga barcha shart-sharoitlarni havola etib kelamiz. Bizning infratuzilma ancha yaxshi shakllanganligini alohida aytishim joiz. Klublarga barcha shart-sharoitlarni taqdim etamiz: 35 kishiga mo‘ljallangan mehmonxona, tibbiy muolajaxona, massaj xonasi, basseyn, sauna, restoran, tabiiy chimli maydon, fitnes-zal, nazariy mashg‘ulot uchun o‘quv xonasi. Yanvarda bu erga “Andijon” klubi kelib, ikki haftalik yig‘inni o‘tkazdi. Fevralda esa qo‘shni Qozog‘istondan ikkita klub keldi. Qolaversa, yil davomida “Yangier” futbol klubi bazamizni ijaraga oladi. Shu bilan birga mavsum davomida  Superliganing bir qancha ishtirokchilari ham bu erga kelib turishadi. Chunki “Metallurg” bilan “So‘g‘diyona”ga qarshi o‘tadigan o‘yinlar oldidan bu erda to‘xtab o‘tish va tayyorgarlik ko‘rish ancha qulay. Negaki, Yangierdan Bekobodgacha 40 km., Jizzaxgacha esa  80 km.ga teng yo‘lni bosib o‘tish kerak. Bundan tashqari, Pro-liga ishtirokchilari va ayollar jamoalari ham kelib turishadi.

davlatov5

- Shuningdek, sizning “Yangier”, “Mash’al”, “Nasaf”, “Bunyodkor” kabi klublarda faoliyat olib borganingizni bilamiz. Har birida o‘ziga yarasha iz qoldirgansiz. Faoliyatingiz davomidagi yoqimli va yoqimsiz holatlar sifatida nimalarni ayta olasiz?

 - Yuqorida “Yangier” haqida gapirib o‘tdim. “Mash’al”, “Nasaf” va “Bunyodkor”dagi ish faoliyatimga kelsak, faqat shuni aytishim mumkinki, o‘sha klublarda hayotimning yaxshi lahzalari o‘tganligini eslashim mumkin xolos. Nega deganda, har bir klubda olib borilgan ishlar, shu jarayonda o‘zim bilan hamnafas bo‘lgan insonlar xususida iliq gaplarni ayta olaman xolos.

- Lekin oxirgi paytlarda “Mash’al” akademiyasidan iqtidorli futbolchilar etishib chiqqanini ko‘rmadik. Ilgari esa u erdan bir-birida ajoyib futbolchilar kamol topishgan...

- Agar “Mash’al” klubi haqida gapiradigan bo‘lsam, unga qarashli akademiya qanday ishga tushirilganligi borasida to‘xtalmasdan o‘ta olmayman. Nega? Chunki bu mamlakatimizda ochilgan ilk futbol akademiyasidir. Albatta, hamma Muborakning gazchilar va neftchilar shahri hisoblanishini biladi. Shunday qilib, 2004 yili ajoyib kunlardan birida meni Toshkentga, “O‘zbekneftgaz” MXK raisi huzuriga  chaqirishdi. O‘sha kezlarda xoldingga Abdusalom Abdumavlonovich Azizov raislik qilardi. Ha, u bugungi kunda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasini boshqarayotgan inson. Aynan shu kishining o‘zbek futbolini boshqarishga kirishganidan juda xursandman. O‘sha uchrashuv xolding raisining “Mash’al” futbol klubi sha’niga bildirilgan tanqidlari bilan boshlangandi. Tanqidlar ob’ektiv bo‘lib va o‘shanda adashmasam, “Mash’al” musobaqa jadvalida 11-o‘rinda borayotgandi. Shundan so‘ng u kishi mendan jamoadagi holat va uning istiqboli haqidagi fikr-mulohazalarimni so‘radi. Men jamoaning oliy ligada uch yildan beri ishtirok etib kelayotganini, “Mash’al” shakllanish ostonasida turganligini aytib javob berdim. Shunda Abdusalom Abdumavlonovich “Futbol akademiyasi - klubning kelajagi bo‘ladi!” dedi va menga bu masalaga jiddiy yondashishim kerakligini, biror muammo yuzaga kelgan taqdirda bemalol o‘ziga murojaat qilishim mumkinligini qo‘shimcha qildi. Bunday qo‘llab-quvvatlashni biz darhol his eta boshlaganmiz. “O‘zbekneftgaz” MXKning Muborak tumanida joylashgan butun bo‘limlari bizga yordam ko‘rsatishga tushib ketgan. Ularning beqiyos yordami evaziga barcha shart-sharoitlarni yaxshilashga kirishganmiz. Sport-metod ishlari bo‘yicha esa eng yaxshi mutaxassislar jalb qilingan. Jumladan, sobiq Ittifoq davrida xalqaro toifadagi sport ustasi darajasiga ko‘tarilgan Boris Serastanov, sobiq Ittifoq miqyosida sport ustasi sanalgan Valeriy Lyubushin, Qozog‘istonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy Vladimir Fomichyovni aytishim mumkin. Baxtiyor Boboev bilan Andrey Pinchukovning ham akademiyadagi ishlarni yo‘lga qo‘yishda hissalari katta bo‘lgan. Xullas, har bir mutaxassisning ishi evaziga akademiyada tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Bunga parallel ravishda mintaqaga yaqin hududlardan yosh murabbiylarni ishga jalb etishni boshlagandik. Bular - Saidov, Kolosovskiy, Volkov va boshqalar edi. Shuningdek, Ukrainadan mutaxassislarni chaqirganmiz. Ularning orasida buyuk murabbiy Valeriy Vasilevich Lobanovskiy bilan birga ishlaganlari ham bo‘lgan. Ular murabbiylarimizga seminarlar o‘tkazishgan. Haftada bir marta bosh murabbiy Viktor Balyutovich Kumikov taktika borasida ma’ruza qilardi. Bundan tashqari, Moskvaning “Lokomotiv” klubi rahbariyati bilan o‘zaro hamkorlik qilish borasida kelishib olgandik. Unga ko‘ra, akademiyamizda turli yoshlardagi jamoalar tarkibidagi eng yaxshi o‘yinchilar Moskvada malaka oshirib qaytish imkoniga ega chiqqanlar. Jumladan, o‘z vaqtida 13 yoshli Eldor Shomurodov mana shunday bolalar qatorida Moskvaga borib kelgan. Bugungi kunda ham yurtimizdagi ko‘plab klublarda “Mash’al” akademiyasining tarbiyalanuvchilari to‘p surayotganlarini ko‘rish men uchun juda yoqimli. Bugungi kunda “Mash’al” akademiyasida xuddi oldingi davr kabi zo‘r tarbiyalanuvchilarning chiqmayotganini vaqtinchalik holat, deb hisoblayman.

davlatov4

- “Nasaf” klubida oxirgi paytlarda yuzaga kelgan muammolar o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Bunday bo‘lishiga kim yoki nima sabab, deb o‘ylaysiz?

- Bugungi kunda “Nasaf”ni boshqalar uchun etalon klub bo‘la oladi, deb hisoblayman. Agar jamoaning musobaqa jadvalidagi o‘rni sal o‘zgarib qolgan bo‘lsa-da, bu klubda ishlar yomon ekanligini anglatmaydi. Chunki klubda to‘g‘ri rivojlanish yo‘lida allaqachon tamal toshi qo‘yilgan. Bunda Qashqadaryo viloyati futbol assotsiatsiyasining sobiq prezidenti Nuriddin Zaynievich Zaynievning xizmati katta bo‘lgan. Barchaga ma’lumki, klublar homiylarga bog‘liq. O‘zbekistonda kuchli homiylarga ega va shuning barobarida katta natijalarga erishgan jamoalar bo‘lgan. Keyinchalik homiylar moliyalashtirishni to‘xtatib qo‘yganlaridan so‘ng esa o‘sha jamoalardan faqat nom qolgan xolos. “Nasaf” moliyaviy tomondan og‘ir ahvolda qolganda tarkibdagi eng zo‘r futbolchilar sotib yuborilgan, buning oqibatida natijalar yomonlashishiga tushgandi. Lekin bularning bari vaqtinchalik holat. Qolaversa, klubdan ketgan futbolchilarning o‘rnini akademiyadan chiqqan yoshlar egallashga tushdilar. O‘ylaymanki, bu yigitlar oyoqqa mustahkam turib, jamoa etakchilariga aylanadilar. Ushbu yilda “Nasaf” bemalol sovrinli o‘rinlar uchun kurasha olsa kerak.

- Sizni yana futbolga qaytib, qaysidir klub yoki biror-bir joyda ishlashingizni ko‘ramizmi?

- Futboldan ketganim yo‘q. Har kuni stadionda yoki bazada bo‘laman. Agar bu savolingiz bilan biror-bir klubda ishlashim mukinligini nazarda tutgan bo‘lsangiz, bularning bari Yaratganning xohishiga bog‘liq.

- Tajribali mutaxassis sifatida chempionatimizni doimiy kuzatib kelayotganingizga shubha yo‘q. Yangi boshlangan mavsum qanday o‘tadi, deb o‘ylaysiz? Umuman, bugungi kundagi saviyamiz qanday?

- 2020 yilgi mavsum qanday o‘tishi mumkinligini bilmayman. Hammasini vaqt ko‘rsatadi. Ammo chempionlik uchun bir nechta klub tengma-teng ravishda kurash olib bormas ekan, bu yurtimiz futbolining rivojlanishiga faqat to‘sqinlik qilishi mumkin xolos. Mening fikrim shunday: asosiy e’tiborni iqtidorli yigitlarni qidirib topishga qaratish kerak. Vaholanki, shundoq ham yurtimiz bunday iste’dod egalariga juda boy. Milliy terma jamoamizning etakchilari sanaladigan Odil Ahmedov, Eldor Shomurodov, Eldor Suyunov, Farruh Sayfiev va boshqalarning qaerdan ekanligini esga olish kifoya.

davlatov2

- “Paxtakor” klubi tomonidan olib borilayotgan o‘zgarish va islohotlarni qanday baholaysiz? Jamoa Osiyo Chempionlar ligasini yutishga qodirmi?

- Agar “Paxtakor” xalqaro sahnada ham muvaffaqiyat qozonadigan bo‘lsa, bu klubning to‘g‘ri yo‘ldan borayotganligini anglatadi.

- Shu o‘rinda futboldagi ustozingiz kim va o‘zingizning eng yaxshi shogirdlaringiz sifatida kimlarni ayta olasiz?

- Karim Mannopovich Mo‘minov, Ivan Fyodorovich Leshenko, Valeriy Petrovich Lyubushin, Gennadiy Aleksandrovich Krasnitskiy, Edgay Borisovich Tazetdinov, Dobin Innokentevich Shagay kabi o‘z ishining bilimdonlari mening ustozlarim bo‘lganligi uchun har qancha shukrona keltirsam arziydi. Ulardan juda ko‘p narsalarni o‘rganganman. Men boshqargan klublarda futbolchi sifatida to‘p surganlar va o‘shanda o‘zini ustoz sifatida sinashga qaror qilganlarning aksar qismi ayni paytda tajribali murabbiylar sanalishadi. Superligada ishlayotganlardan Aleksandr Xomyakov, Jamshid Saidov, Ro‘ziqul Berdiev,, Dilyaver Vaniev kabilarni alohida ajratib ko‘rsatishim mumkin. Shunigdek, Pro-liga, mini-futbol va  ayollar futbolida murabbiylik qilayotgan yigitlar borligidan, ular erishayotgan yutuqlardan faxrlanman.

- Yaqinda bo‘lib o‘tgan U-23 Osiyo chempionatida terma jamoamiz Olimpiadadan chetda qolib ketdi. Siz buning sababini nima bilan izohlagan bo‘lardingiz?

- Olimpiya terma jamoamizda yaxshi futbolchilar jamlanib, ular mahorat borasida raqiblaridan aslo qolishganlari yo‘q. Ammo ularning Tokio Olimpiadasi yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmaganlari bosh murabbiy va uning shtabidagilar tomonidan olib borilgan ishlar tufayli yuz berdi, degan fikrdaman.

- Umuman, yurtimizda ishlab ketgan xorijlik mutaxassislar - Ektor Kuper bilan Lyubinko Drulovichning ishiga qanday baho berasiz?

- Agar murabbiy va shtabidagilarning ishlashi uchun barcha shart-sharoit muhayyo qilingan bo‘lsa-yu, vazifa bajarilmagan taqdirda barcha sa’yi-harakatlarga qoniqarsiz baho qo‘yiladi.

davlatov3

- Shunigdek, Vadim Abramov milliy termamizni jahon chempionati sari etaklab bora oladimi? Olimpiyachilarimizning muvaffaqiyatsizligidan keyin muxlislarning bosh jamoamizdan ham xavotirlari yo‘q emas...

- Bilasizmi, o‘zbek xalqi uzoq vaqtdan beri milliy terma jamoamizning mamlakatimiz sharafini jahon chempionatidek nufuzli turnirda himoya qilishini orzu qilib kelyapti. Jumladan, men ham buni juda istayman!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!