"Barsa" 11 million yevroga sotgan oʻyinchisini 60 million yevroga qaytarish huquqiga ega boʻldi
«Barselona» tarkibida to‘p surib kelayotgan 19 yoshli tayanch yarim himoyachi Tommi Markes Portugaliyaning «Braga» jamoasiga o‘tdi. Ikki klub matbuot xizmatlari transfer to‘liq amalga oshirilganini rasmiy tasdiqladi. «Braga»ning rasmiy saytiga ko‘ra, bitim qiymati 11 million evroni tashkil etgan.
Ma’lum qilinishicha, «Barselona» qo‘shimcha ravishda 1 million evro miqdorida bonus olishi mumkin. Shuningdek, kataloniyaliklar futbolchining keyingi sotuvidan tushadigan foydaning 20 foizini o‘zlashtirish huquqini saqlab qolgan. Klub shu bilan birga Markesni 60 million evro evaziga qayta sotib olish imkoniyatiga ham ega. Xudi shu miqdor futbolchining shartnomasida to‘lov majburiyati (mablag‘ to‘lab ketish) sifatida ham ko‘rsatilgan.
«Braga» va Markes o‘rtasidagi shartnoma 2031 yil yozigacha mo‘ljallangan. Yarim himoyachi yangi jamoasida 16-raqam ostida maydonga tushadi. O‘tgan mavsumda u «Barselona» asosiy tarkibida ikki o‘yinda jami to‘qqiz daqiqa maydonga tushishga ulgurgan, xolos.

Fikrlar