
“Barsa” raqib maydonidagi o‘yinni AQShga ko‘chirmoqchi
Ispaniyaning amaldagi chempioni “Barselona” La Liga doirasidagi o‘yinlardan birini AQShga — Mayamidagi “Xard Rok Stedium”ga ko‘chirish bo‘yicha muzokara boshladi.
The Athletic nashri xabariga ko‘ra, kataloniyaliklar dekabr oyida “Vilyarreal”ga qarshi safardagi uchrashuvni Ispaniyadan tashqarida, aynan AQShda o‘tkazmoqchi. Dastlab, o‘yin 20 yoki 21 dekabr sanasida Vilyarreal shahrida bo‘lib o‘tishi kerak edi. Agar uchrashuv AQShga ko‘chirilsa, uning aniq sanasi o‘zgarishi mumkin.
Ispaniya Qirolligi futbol federatsiyasi (RFEF) yaqin kunlarda bu tashabbusni ko‘rib chiqish uchun yig‘ilish o‘tkazadi. Agar federatsiya rozilik bildirsa, UEFA va FIFAdan ham tasdiq olish talab qilinadi.
Hozircha “Vilyarreal”ning mavsumiy abonement egalariga qanday kompensatsiya taklif etilishi noma’lum bo‘lib turibdi.
Bundan tashqari, bunday xalqaro o‘zgarishlarni amalga oshirish uchun AQSh futbol federatsiyasi, UEFA hamda KONKAKAF kabi tashkilotlarning ham ruxsati talab etiladi.
Fikrlar