
“Barsa” “Real”ni mamlakatdan tashqarida “duel”ga chaqiryapti
“Barselona” rahbariyati La Liganing 35-turidan o‘rin olgan “Real”ga qarshi uchrashuvni Ispaniyadan tashqarida tashkil qilmoqchi.
Daily Mail nashrining yozishicha, kataloniyaliklar mavsum oxiriga qadar “Kamp Nou”dagi rekonstruktsiyani yakunlay olmaydi va klub rahbariyati “el-klasiko” uchun boshqa arena qidirmoqda.
“Barselona” mutasaddilarini qiziqtirib turgan variantlardan biri Angliyadagi “Uembli” stadioni bo‘lib turibdi. Bu arena sig‘imi bo‘yicha Evropada “Kamp Nou”dan keyin ikkinchi o‘rinda turadi va o‘z bag‘riga 90 mingdan ortiq muxlisni sig‘dira oladi.
Qolaversa, kataloniyalik ishqibozlarning “Uembli”ga mehri bo‘lakcha. Chunki “Barselona” 1992 yili aynan mana shu maydonda Evropa Chempionlar kubogini qo‘lga kiritgan, 2011 yili Chempionlar ligasi finalida “Manchester Yunayted”dan ustun kelgan.
Ispaniya Qirolligi futbol federatsiyasi va La Liga rahbariyati “Barselona”ning “el-klasiko”ni xorijda tashkil qilish bo‘yicha bu tashabbusini qo‘llab-quvvatlayotgani aytilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, “Barselona” va “Real” o‘rtasidagi o‘zaro bahs 11 may kuniga belgilangan.
Fikrlar