"Barselona" "Benfika"ning eng yaxshi toʻpurariga qiziqmoqda
«Barselona» grek hujumchisi Vangelis Pavlidisning o‘yinlarini yaqinidan kuzatmoqda. Kataloniya klubi rahbariyatining fikricha, «Benfika» forvardi kelajakda Ferran Torres jamoani tark etsa yoki «Atletiko» safida to‘p surayotgan Xulian Alvaresni olib kelish amalga oshmay qolsa, o‘rnini bosishi mumkin bo‘lgan nomzodlardan biri hisoblanadi. Bu haqida AS nashri xabar berdi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, 27 yoshli Pavlidis «Barselona»ning qisqa ro‘yxatiga kiritilgan. Biroq uni qo‘lga kiritish oson bo‘lmaydi. «Benfika» o‘z yetakchisini sotish niyatida emas. Yaqinda Pavlidis Yevropa Ligasi saralash bosqichi uchrashuvida raqib darvozasiga to‘rtta gol urgani ham klubning bu pozitsiyasini mustahkamlamoqda.
O‘tgan mavsumda Pavlidis 30 ta gol urib, jamoasining eng samarali futbolchisiga aylandi, shuningdek, 6 ta golli uzatma muallifi bo‘ldi. Transfermarkt portali grek hujumchisining bozor qiymatini 28 million yevro atrofida baholamoqda.

Fikrlar