Baxtiyor Ashurmatov: Keyingi bosqichda qaysi jamoa bilan to‘qnash kelishimizning farqi yo‘q

  • 08.12.2020 15:57
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

O‘zbekiston Coca Cola kubogi 1/8 final doirasidagi  “Qo‘qon-1912” – “Surxon” uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida "Qo‘qon-1912 " jamoasi bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov qatnashdi.

-  “Surxon” jamoasi bugun asosan, ikkinchi tarkib futbolchilari bilan maydonga tushdi. Ularda ishtiyoq kuchli edi. Birinchi bo‘lim davomida bu narsa yaqqol ko‘rindi. Ular birinchi bo‘limda bizga etarlicha qarshilik ko‘rsatishdi. Bundan tashqari, futbolchilarimiz yosh futbolchilarni bemalol yutamiz, deb o‘ylashdi, shekilli. Qolaversa, termizliklar qarshi hujumlarda yaxshi harakat qildi. Tanaffusda yigitlarga ta’kidlab o‘tdik, 45 daqiqa tezda o‘tib ketadi. Tezkor harakat qilmasak, bunday o‘yin bilan gol ura olmasligimizni tushuntirdim. Futbolchilar ko‘rsatmalarimni ikkinchi bo‘limda to‘liq bajarishdi. Vaziyatlar yaratish, ishtiyoq borasida harakatlarimiz ancha o‘zgardi. Ikkinchi bo‘limda o‘yinimiz kuchaydi va kerakli bo‘lgan g‘alabaga erishdi. Endi keyingi raqibimizni kutamiz. “Surxon”ni esa, bugungi uchrashuvdagi o‘yini uchun minnatdorlik bildiraman va ularga kelgusida omad tilayman.

Kuchli jamoaga qarshi futbolchilarni tayyorlash biroz osonroq bo‘ladi. Sababi futbolchilarni o‘zi kuchli raqibga qarshi o‘z-o‘zidan yaxshi tayyorlanadi. Kuchsizroq jamaoaga qarshi tayyorlash qiyinroq kechadi. O‘ylaymanki, keyingi bosqichda kuchsiz jamoa bo‘lmaydi va ishtiyoq jihatdan futbolchilarimizda muammo ham kuzatilmaydi.

Mavsumni oxiriga kelib yosh futbolchilarni maydonga tushirishga majbur bo‘ldik. Ayni damga kelib, tarkibimizda muammolar yuzaga keldi. Bek Abdullaev va Jasur Yoqubov mavsum davomida o‘rinbosarlarimiz tarkibida yaxshi o‘ynadi. Mashg‘ulotlarda astoydil ishladi. Bugun ularga imkoniyat berdik. Bek Abdullaevni bugun biroz issig‘i ham bo‘lgan ekan. Maydonga tushishga ishtiyoqi kuchliligidan buni bizga bildirmagan. Ikkinchi taymda Sardor Etovqo‘ziev va Muhsin Normatovni ham maydonga tushirdik. Ular ham yomon o‘ynamadi. Ayniqsa, Etovqo‘zievning harakatlari bizga manzur bo‘ldi. Bu futbolchilarga qancha ko‘p imkoniyat bersak, shuncha yaxshi bo‘ladi.

Keyingi bosqichda qaysi raqib tushishini farqi yo‘q. Sababi, qur’a istagan raqibni bizga to‘g‘rilab qo‘yishi mumkin. Ayni paytda "Paxtakor" va "Nasaf" jamoalari barchadan o‘yin bo‘yicha kuchli, deb o‘ylayman. Lekin kubok bahslari bir o‘yindan iborat ekanligini hisobga olsak har qanday raqib bilan ham bemalol o‘ynash mumkin, - deya munosabat bildirdi, Ashurmatov.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!